@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Zamonaviy OAVda tahliliy materiallar va yangiliklar kontenti nisbati qanday bo‘lishi kerak?

 2019-08-06 20:19:00   |     Просмотров: 2830

"Yuksalish" harakati matbuot xizmati
2019-yil 2-avgust

Zamonaviy OAVda tahliliy va yangilik kontenti nisbatiga oid masala Urganch shahrida jurnalistlar va blogerlar uchun tashkil etilgan zonal trening kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Ayrimlar auditoriyani tahliliy materiallar qiziqtirmaydi, “ularga faqat tomosha kerak”, degan fikrda. Boshqalar esa o‘quvchi va tomoshabin darajasiga tushmasdan, aksincha, ularga sifatli jurnalistikaga bo‘lgan didni shakllantirish kerakligiga ishonadi. Yana boshqalar esa "oltin o‘rtalik"ni topishga harakat qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyul oyidan boshlab respublika ommaviy axborot vositalari vakillari uchun zonal treninglar boshlangan. Shu vaqt ichida o‘tkazilgan to‘rtta seminar 10 ta viloyat va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan yuzga yaqin jurnalist, bloger hamda davlat idoralari va tashkilotlari matbuot xizmatlari mutaxassislarini qamrab oldi.

Ma’lumot uchun: treninglar “O‘zbekistonda jurnalistikada etikaga oid xalqaro standartlarni ilgari surish” loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda. Loyihani “Yuksalish” umummilliy harakati Buyuk Britaniya elchixonasi bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda. Uning asosiy maqsadi – 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekiston hududlaridagi islohotlarni obyektiv yoritish uchun milliy OAV vakillarining kasbiy etikasi va tahliliy jurnalistika sohasidagi salohiyatini oshirishdir.

Seminar ochilishida “Yuksalish” harakatining hududiy bo‘linmasi rahbari, senator Sayyora Abdikarimova va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi vaqtinchalik ishlar vakili Devid Spayers so‘zga chiqdi. Ular OAVning ochiq va shaffof jamiyat qurish, davlat idoralari faoliyatining oshkoraligi va hisobotdorligini ta’minlashdagi roli, so‘z erkinligi va zamonaviy OAVni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida to‘xtaldilar.

— Joriy yil iyul oyida Buyuk Britaniya hukumati Londonda Media erkinligi bo‘yicha Global konferensiya o‘tkazdi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan 60 dan ortiq vazirlar ishtirok etdi, — dedi Devid Spayers. — Eng yirik delegatsiyalardan biri O‘zbekiston delegatsiyasi bo‘lib, tashqi ishlar vaziri boshchiligida qatnashdi. Bu esa O‘zbekiston rahbariyatining media sohasidagi islohotlarga sodiqligini ko‘rsatadi. Bugun kasbiy etikaga oid masalalar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jurnalistlarning etik normalarga rioya qilishi — sifatli kontent yaratish, obyektiv va ishonchli ma’lumot tarqatish, soxta xabarlar (“feyk nyus”) oldini olish uchun muhim omildir. Biz O‘zbekistonda jurnalistik etikani xalqaro standartlar asosida rivojlantirish loyihasini qo‘llab-quvvatlayotganimizdan mamnunmiz.

Media sohasi mutaxassislarining fikricha, keng qamrovli islohotlar jarayonida davlat va jamiyatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni kasbiy yoritish nihoyatda muhim. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bu boradagi materiallar soni oshgan bo‘lsa-da, hali yetarli darajada emas. Bu yo‘ldagi asosiy to‘siqlar – kadrlar salohiyatining pastligi, ayniqsa, hududlarda; OAV vakillariga yetarli ko‘mak ko‘rsatilmasligi; davlat idoralari bilan aloqa yetishmasligi; mavjud stereotiplar va o‘z-o‘zini senzuralashdir.

Jamiyatda sifatli jurnalistikaga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Jurnalistlar va blogerlarning turli yosh va hududlardan ishtirok etayotgan bunday maydonlar fikr, bilim va tajriba almashish, ilg‘or amaliyotlar va zamonaviy texnologiyalar asosida tahliliy materiallar yozish ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.

Ishtirokchilarning fikricha, treninglarning interaktiv shaklda o‘tkazilishi, amaliy mashg‘ulotlar va kichik guruhlarda ishlash bilimlarni samarali egallashga yordam berdi. Trenerlar — Jahon tillari universiteti dotsenti Beruniy Alimov hamda jurnalist va bloger Qobil Xidirov tomonidan ilgari surilgan ochiq muloqot formati ishtirokchilarning yangi kasbiy qirralarini ochishga imkon berdi.

Trening davomida ishtirokchilar tahliliy jurnalistikaning nazariy va amaliy jihatlari, ochiq va yopiq manbalar bilan ishlash uslublari, tahliliy materiallarni vizualizatsiya qilish, soxta xabarlar va ma’lumotlarni tekshirish, zamonaviy jurnalistikaning dolzarb muammolarini muhokama qildilar. Alohida sessiyada O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi tomonidan milliy va xalqaro ekspertlar, jumladan, YuNESKO ishtirokida ishlab chiqilgan Jurnalistlarning kasbiy etikasi kodeksi muhokama qilindi. OAV vakillari va blogerlar o‘z hududi va kundalik faoliyatidan kelib chiqqan holda fikr-mulohazalari, aniq taklif va tavsiyalarini bildirdilar.

Seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

                         

                                                                                                                                                                                                                     "Yuksalish" harakati matbuot xizmati