@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Jamoatchilik” onlayn-platformasi: 3 kun ichida 400 ga yaqin takliflar kelib tushdi

 2019-08-09 12:38:00   |     Просмотров: 4439

Joriy yilning 6-avgust kuni internet tarmog‘ida “Jamoatchilik” onlayn-platfomasi ishga tushirildi. Platformaning maqsadi zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda fuqarolar va keng jamoatchilikning amalga oshirilayotgan islohotlardagi ishtirokini oshirish, ularni davlat va jamiyat boshqaruviga faol jalb qilish, shuningdek davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, ularning aholi oldida hisobdorligini yanada kuchaytirish hisoblanadi.


“Jamoatchilik” onlayn-platfomasi o‘z faoliyatini boshlashidan 24 soat o‘tib, fuqarolardan 200 dan ortiq xabarlar, shu jumladan ta’lim va sog‘liqni saqlash, moliya va kreditlash, energetika va kommunal xizmatlar, pasport tizimi va fuqarolikni rasmiylashtirish, majburiy mehnat va korrupsiyaga qarshi kurashish kabi ko‘plab sohalar bo‘yicha 180 dan ortiq o‘rinli va asosli takliflar kelib tushdi. Ularning aksariyati amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq.


Xususan, fuqarolar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan poytaxt va Toshkent viloyatining ikkilamchi bozorida ko‘chmas mulk sotib olishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish, energoresurslar iste’moli bo‘yicha ijtimoiy me’yorlarni qayta ko‘rib chiqish, kommunal xizmatlar hisobi va to‘lov jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xospislar tashkil qilish, giyohvandlikning oldini olish uchun psixotrop dorilar savdosini cheklash kabilar taklif qilinmoqda. Bir qator takliflar esa kredit olish tartibini soddalashtirish, jumladan iste’mol va avto kreditlar, elektron to‘lovlarni joriy qilish, korrupsiyaning oldini olish maqsadida mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tizimida blokcheyn texnologiyasini joriy etish, barcha darajadagi mansabdor shaxslar, ularning oila a’zolari va yaqin qarindoshlari uchun majburiy daromad deklaratsiyasini joriy etish bilan bog‘liq.


So‘nggi paytlarda uy-joylarning noqonuniy buzilishi, daraxtlarni ommaviy kesish, majburiy mehnatga jalb qilish holatlari shuni ko‘rsatmoqdaki, mahalliy davlat hokimiyati organlari doim ham muammolarning qonunda belgilangan tartibda aholi bilan muloqot qilish orqali hal qilishga intilmaydilar. Aksincha, imkon qadar, salbiy ma’lumotlarni hududning o‘zida qolishiga harakat qilmoqdalar. Bu esa vaziyatning yomonlashishi, norozilikning oshishiga hamda davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchning kamayishiga olib kelmoqda.
O‘ylaymizki, onlayn-platforma hokimiyat va aholi o‘rtasida konstruktiv muloqot maydoniga aylanib, fuqarolarni davlat va jamoat boshqaruviga jalb etish hamda ushbu jarayonlarda ularning ishtirokini yanada oshirish bo‘yicha samarali mexanizm bo‘ladi. Erkin fikr bildirish, mavjud muammolar to‘g‘risida xabarlar qoldirish imkoniyati esa joylardagi haqiqiy holatni shakllantirishga, aholi kayfiyatini aniqlashga yordam beradi.


Jamoatchilik.uz veb-saytining yana bir muhim vazifasi — kelib tushayotgan takliflarni doimiy ravishda ekspertlar yordamida umumlashtirilib, tahlil qilinib va tegishli davlat idoralariga yuborilishi hisoblanadi. Onlayn-platforma foydalanuvchilari respublikaning barcha hududlaridan bo‘lib, ular turli sohalarda faoliyat yuritayotgan (talaba, uy bekasi, olim, huquqshunos, ishchi, muhandis, shifokor, o‘qituvchi, iqtisodchi, tadbirkor va boshqalar) fuqarolardir. Ularning yoshi, ijtimoiy ahamiyatga molik muammolarga bo‘lgan qarashlari turlicha. Ular hayotiy tajribalari, malaka va yo‘nalishlari, joylardagi haqiqiy vaziyat va hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, davlat va jamiyatning turli sohalarini rivojlantirish bo‘yicha tashabbus va takliflarni taqdim etib boradilar. Muhim qarorlar qabul qilishda barchaning ovozi muhim va shu bois Jamoatchilik.uz veb-sayti fuqarolar fikri eshitiladigan maydonga aylanishi  lozim.


9-avgust holatiga ko‘ra platformaga kelib tushgan xabar va takliflar soni 400 ga yaqinlashdi va bu ko‘rsatkich hamon o‘sib bormoqda. To‘g‘risi, biz voqealarning bunday rivojini kutmagan edik. Biz buning sababi sifatida, asosan, qator mahalliy va xorijiy OAVlar, blogerlarning platformaning faoliyat boshlagani haqidagi xabarlarni faol chop etganligida, deb hisoblaymiz. Biz kelgusida ham fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan mediahamjamiyatning ko‘llab-quvvatlashiga, sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarga befarq bo‘lmagan va mamlakat taraqqiyotiga, barcha sohalardagi islohotlarni ilgari surishga intilayotgan aholining g‘oyalari, takliflari va tashabbuslarining keng yoritilishiga umid bildiramiz. 
Platforma faoliyati har hafta tahlil qilinib, oraliq natijalar e’lon qilib boriladi. Xususan, kelib tushgan taklif va xabarlar mualliflari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, OAVlar vakillari ishtirokida ochiq muhokama tashkil etiladi. Shu munosabat bilan, bu kabi uchrashuvlarning birinchisi kelgusi hafta bo‘lib o‘tishini ma’lum qilamiz.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati