@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Toshkent shahrida “Harakatlar strategiyasi va milliy til rivoji” mavzusida davra suhbati tashkil etildi

 2019-10-18 18:04:00   |     Просмотров: 4609

2019-yil 21-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganiga o‘ttiz yil to‘ladi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi PQ-4479-son Qarori qabul qilindi.

Qaror bilan vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, halqimiz, avvalo yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib borayotganini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan ommaviy ma’naviy-ma’rifiy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Shu munosabat bilan, 2019-yilning 18-oktabr kuni “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Oliy Majlis Senati a’zolari,  mutasaddi vazirlik va idoralar, OAV va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan “Harakatlar strategiyasi  va milliy til rivoji” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan mamlakatimizda yosh avlodga ona tili va yozuvini o‘qitishga mo‘ljallangan darsliklar har yili takomillashtirib borayotgani, maktablarda va oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilidan saboq beruvchi pedagoglar uchun ko‘plab qo‘llanmalar chop etilayotgan bo‘lsada bugungi kunda nutq savodxonligi, davlat tilida muloqot qilish madaniyatini ommalashtirish, fuqarolar, shu jumladan, yoshlarning til me’yorlariga rioya qilish ko‘nikmalarini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

Ishtirokchilar tomonidan, ayniqsa, davlat xizmatchilarining, ayniqsa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining davlat tilini bilish darajasi va savodxonligini oshirish, o‘zbek tilini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi mas’ul davlat organini belgilash, o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha bepul kurslar tashkil etish, shuningdek o‘zbek tilini o‘rganishni istovchilar uchun amaliy grammatika darsliklarini yaratish kabi bir qator takliflar bildirildi.

Tadbir yakuniga ko‘ra, soha mutaxassislari tomonidan bildirilgan barcha takliflar umumlashtirilib, keng jamoatchilik hamda tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etilishi kelishib olindi.