Farg‘ona vodiysi: tinchlik va bag‘rikenglik yo‘lida muloqot
Joriy yilning 27 sentyabr kuni “Farg‘ona vodiysi: tinchlik va bag‘rikenglik yo‘lida muloqot” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida mahalliy va xorijiy ekspertlar, davlat idoralari va “aql markazlari” mutaxassislari, jamoatchilik, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida insonparvarlikni mustahkamlash, teng huquqli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish, Farg‘ona vodiysida o‘zaro manfaatli hamkorlik va muammolarni siyosiy hal etish, shuningdek, axborot xavfsizligi asosi sifatida mintaqada yagona media strategiyani ishlab chiqish masalalarini muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, globallashuv davrida, madaniyatlar va dinlarning o‘zaro uyg‘unlashuvi yuz berayotganda, jamiyatda bag‘rikenglik munosabatlari, ayniqsa, dolzarbdir. Bu esa inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan olish asnosida shakllanadi. Insonlar tabiatan bir-biridan farqlanadi. Va aynan bag‘rikenglik, toqatlilik mamlakat, mintaqa va dunyodagi qorishgan jamiyatlarning yashab qolishini ta’minlashi mumkin. Shuning uchun ham fuqarolik, millatlararo, konfessiyalararo tinchlikni mustahkamlash O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasining xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu borada davlat rahbari aniq qadamlar tashlanmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yil mart oyida "Markaziy Osiyoda bag‘rikenglik va tinchlik yo‘lida transchegaraviy ko‘p tomonlama muloqot" loyihasiga start berilgan edi. Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilmoqda hamda Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma boshchiligidagi konsorsium bilan uchta mamlakatdagi hamkorlari — “Yuksalish” umummilliy harakati (O‘zbekiston), “BIOM” ekologik harakati (Qirg‘iziston) hamda “Gender va taraqqiyot” jamoat tashkiloti (Tojikiston) tomonidan amalga oshirilmoqda.
Loyiha Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p tomonlama transchegaraviy muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga, totuvlik va hamjihatlikni kengaytirish, radikallashuvning oldini olish, zo‘ravon ekstremizmning ildizlari va o‘zaro ijobiy anglashuvning muhimligi to‘g‘risida xabardorlikni oshirish, shuningdek, uch davlatning chegaraoldi hududlarida mahalliy fuqarolik jamiyati salohiyatini oshirish maqsadlariga qaratilgan. Joriy yilning fevral oyida Farg‘ona davlat universiteti qoshida tashkil etilgan Do‘stlik, millatlararo kelishuv va bag‘rikenglik markazi esa muloqot maydonlaridan biriga aylandi.
Markazda “Yuksalish” umummilliy harakati ko‘magida mutaxassislarni jalb qilgan holda yoshlar uchun 15 dan ortiq gibrid formatdagi media trening va seminarlar tashkil etildi. Natijada har bir maqsadli mamlakatda “Yoshlar xabarchilari” yoshlar guruhlari tuzildi. Markaz maqsadli mamlakatlar yoshlari uchun ta’lim va munozara maydonchasi vazifasini bajarishda davom etmoqda.
Qayd etilishicha, endilikda Ommaviy axborot vositalari kontentining tahlillari asosida uchta mamlakatda birgalikda qo‘llaniladigan media strategiya ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, loyiha doirasida Farg‘ona vodiysining chegaradosh hududlarida kichik festivallar, madaniyat markazlari ishini qo‘llab-quvvatlash, axborot stendlarini yaratish, madaniy ko‘rgazmalar kabi bir qator tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu maqsadlar uchun grantlar ajratiladi. Mahalliy hokimiyat organlari va huquqni muhofaza qilish organlari vakillari uchun kamida 40 ta munozara dasturlari va treninglar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida rejalashtirilgan barcha tadbirlar maqsadli mamlakat fuqarolarini konstruktiv muloqotga o‘rgatish, o‘z nuqtai nazarini malakali va ishonchli tarzda ifoda etish, suhbatdoshning fikri va nuqtai nazariga hurmat bilan tinglash, chegaradosh davlatlar yoshlari o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va o‘zaro muloqot qilish uchun mo‘ljallangan.
Davra suhbati natijalariga ko‘ra, uch mamlakat o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu jumladan, jarayonlarga chegaradosh hududlar aholisini jalb qilish, ular o‘rtasida konstruktiv muloqot o‘rnatish bo‘yicha taklif va tavsiyalar shakllantirildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati