@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Qashqadaryoda 118 ta ehtiyojmand fuqaroga pul tarqatildi. Yevropa Ittifoqidan moddiy ko‘mak olganlar soni 350 nafarga yetdi

 2021-10-20 16:41:06   |     Просмотров: 3314

Joriy yilning 18-19 oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyatining Qarshi hamda Chiroqchi tumanlarida yashovchi 118 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaroga Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratilgan moddiy yordam mablag‘lari tarqatildi. Ushbu tadbirlar “Yuksalish” umummilliy harakati amalga oshirayotgan loyiha doirasida o‘tkazildi.

Koronavirus pandemiyasi aholining zaif qatlamlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Joriy qilingan karantin choralari, ayniqsa, daromadi past, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, qarovchisi bo‘lmagan yolg‘iz qariyalar, bemorlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ahvolini yanada zaiflashtirdi. Hukumat tomonidan ana shunday muhtoj qatlamlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, pandemiya oqibatlarini yumshatish borasida amaliy choralar ko‘rildi: aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolariga nafaqa tayinlangani, 400 mingdan ko‘proq oilalarga respublika byudjetidan bir martalik pul mablag‘lari ajratilgani bunga misol.

Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi bilan shu yilning aprel oyida “COVID-19 pandemiyasining O‘zbekiston fuqarolik jamiyatiga ta’sirini kamaytirish dasturi” ishga tushirildi. Bu bilan mamlakatimizda gumanitar, tibbiy, ijtimoiy va iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etishda hukumatga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan. Mazkur Dastur doirasida “Yuksalish” umummilliy harakati “Taraqqiyot” aholi turmush tarzini rivojlantirishga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning chekka qishloq hududlarida pandemiya sharoitida qarorlar qabul qilishda aholining ehtiyojmand qatlami ishtirokini oshirish” loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Maqsad – mahalliy hokimliklar va tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda qishloq aholisining ehtiyojlarini baholash va manzilli yordam ko‘rsatish, mahalliy kichik infratuzilmani tiklash va yaxshilash bo‘yicha inklyuziv yondashuvlarni amalga oshirishdan iborat.

Qarshi va Chiroqchi tumanlarida tashkil etilgan tadbirlarda shu vaqtga qadar loyiha doirasida qilingan ishlar taqdimot qilindi. Qayd etilganidek, mazkur loyihaning uchinchi bosqichi joriy yilning avgust oyida Qashqadaryo viloyatida o‘tkazildi. Loyiha mezonlaridan kelib chiqib, viloyatning Qarshi tumanidan — “Qoratepa” va “Saroy” MFYlari; Chiroqchi tumanidan — “Tor jilg‘a” va “Eski Anhor” MFYlari tanlab olindi. Ushbu MFYlarda yashovchi boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali ayollar, 1-guruh nogironlari, 65 yoshdan oshgan yolg‘iz keksalar, ehtiyojand oilalar ro‘yxati fuqarolarning o‘zlari ishtirokida shakllantirildi. Fuqarolar ishtirokida infratuzilma muammolari ham aniqlab olindi. Bu borada asosiy muammo — elektr ustunlarining eskirgani, ularning yaroqsiz holga kelib qolgani, ta’mirtalab ichki ko‘chalar, ichimlik suvi tanqisligi ekani aytildi.

Tadbirda onlayn ishtirok etgan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi loyiha menejeri Aleksandr Zenebe ushbu jarayonda nafaqat fuqarolik jamiyati institutlari, balki aholining zaif qatlami ham ishtirok etayotganini ijobiy baholadi.

– Yevropa Ittifoqi koronavirus pandemiyasi ta’sirini yumshatishga qaratilgan jahon, mamlakatlar va hududiy miqyoslardagi dasturlarni ishga tushirgan. Xususan, O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasining O‘zbekiston fuqarolik jamiyatiga ta’sirini kamaytirishga oid dastur uchun qariyb 37 mln yevro ajratilgan. Bunda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish, ularning salohiyatini o‘stirish, aholi farovonligini oshirish ko‘zda tutilgan. Dastur doirasidagi mahalliy loyihalarda nafaqat fuqarolik jamiyati institutlari, balki aholining zaif qatlami ham ishtirok etib, qarorlar qabul qilayotgani bizni mamnun qiladi, - deydi A.Zenebe.

Ikki kun davomida ehtiyojmand deb topilgan 118 nafar fuqaroga pul mablag‘lari (plastik kartada 3 687 900 so‘mdan) hamda sertifikat topshirildi. Shu tariqa Qarshi tumanidan 60 kishi, Chiroqchi tumanidan 58 kishi moddiy yordam oldi.

Shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamiga birinchi huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda aksiya tashkil etildi. Unda Qarshi va Chiroqchi tumanlarining huquqiy maslahat byurolari mutaxassislari tomonidan fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar berildi.

Qayd etish kerak, loyiha doirasida o‘tgan besh oy mobaynida Andijon, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi jami 12 ta chekka mahallalardagi 350 ta ehtiyojmand oilaga pul mablag‘i tarqatildi. Oldinda yana shuncha mahallaning kichik infratuzilmasini takomillashtirish rejalashtirilgan. Bunda eng birinchi galda zarur deb topilgan masalalar mahalliy hokimlik, mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda hal qilinadi.

Shuningdek, o‘rganilgan hududlardagi Oilaviy shifokorlik punktlari va Qishloq vrachlik punktlarini zarur tibbiy vositalar bilan ta’minlashga ko‘maklashish ham ko‘zda tutilgan. E’lon qilingan tender natijasiga muvofiq, xarid ishlari yakuniga yetgach, tibbiy vositalar manzillariga yetkaziladi.
                                                                                                                              “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati