@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Qoraqalpog‘iston Respublikasida “O‘zbekiston yoshlari: intilish, ehtiyoj va xavflar” loyihasi doirasida birinchi muloqot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

 2019-05-07 18:19:36   |     Просмотров: 3465

Joriy yilning 5–9-may kunlari “Yuksalish” umummilliy harakati, YuNISYeF tashkiloti hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida “O‘zbekiston yoshlari: intilish, ehtiyoj va xavflar” loyihasi doirasida yoshlar bilan muloqot o‘tkazildi. Tadbirdan asosiy maqsad – yoshlarning tashabbuslarini o‘rganish hamda hokimiyat vakillari ishtirokida konstruktiv muloqot uchrashuvini tashkil etish.

“Yoshlar ovozi muhim” nomini olgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi vakillari ishtirok etib, aholining 60 foizini yoshlar tashkil etishini inobatga olgan holda ushbu tadbirning dolzarbligini alohida ta’kidladilar. Shu munosabat bilan, hukumat turli sohalardagi masalalarni yechishda yigit-qizlarning intilish, ehtiyoj va qiziqishlarini hisobga olishi zarur ekanligini bildirib o‘tdilar. 

Ma’lumot uchun: “Yoshlar ovozi muhim” muloqoti yoshlarning kundalik hayotida uchraydigan dolzarb masalalar hamda turli boshqa mavzularga bag‘ishlab o‘tkaziladi. Unda ishtirok etish uchun o‘sha hududda istiqomat qiluvchi 14 yoshdan — 30 yoshgacha bo‘lgan 30-40 nafar yoshlar jalb qilinadi. Qiziqish bildirib ariza to‘ldirgan yigit-qizlar tanlov asosida saralab olinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan ikki kunlik tadbirlar davomida Nukus shahri va boshqa tumanlarda istiqomat qiluvchi 33 nafar faol yoshlar qamrab olindi. 5-may kuni ishtirokchilar uchun loyiha yozish bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan “aqliy hujum” va guruhlarda ishlash kabi mashg‘ulotlardan iborat treninglar tashkil etildi. Turli interaktiv yo‘llar orqali YuNISYeF va “Yuksalish” umummilliy harakati trenerlari yoshlarga tashabbus tayyorlash jarayonida muammoni to‘g‘ri aniqlab olish, uning yechimi bo‘yicha taklif tayyorlash, mavjud resurslarni belgilab olish va eng asosiysi, g‘oyani to‘g‘ri taqdimot qilish kabi ko‘nikmalarni o‘rgatdilar.

Ikkinchi kun — yosh yigit-qizlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi vazirlar Kengashi raisi bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi. Yoshlar yetti guruhga bo‘lingan holda Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimotini o‘tkazdilar. Tengdoshlarning ekologik holat va ularning salbiy oqibatlari bo‘yicha xabardorligini oshirish, uzoq hududlarda innovatsion kutubxonalar tashkil etish, ish bilan ta’minlanish darajasini oshirishga qaratilgan dasturchilar klubi va xorijiy tillarni o‘qitish markazlarini ochish kabi takliflar shular jumlasidan. 

Bundan tashqari, ishtirokchilar spirtli ichimliklar, giyohvand moddalar, kompyuter va qimor o‘yinlariga o‘rganib qolgan va mukkasidan ketgan yoshlar uchun motivatsiya markazini ochish, volonterlar uchun malaka oshirish markazini tashkil qilish hamda qoraqalpoq madaniyati va an’analari festivalini o‘tkazish kabi tashabbuslarni bildirdilar.   

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi vakillari loyihalar yuzasidan o‘zlarining fikrlarini bildirib, muhim qarorlar qabul qilishda yosh avlodning ham fikrini eshitishga doim tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Mazkur muloqot yoshlar uchun ham o‘z fikr va g‘oyalarini hukumat vakillariga taqdim etish uchun haqiqiy imkoniyat maydoni, shuningdek tashabbusni  manfaatdor tashkilotlar uchun to‘g‘ri va konstruktiv tarzda taqdim etish bo‘yicha bilimlarini yanada oshirishlari uchun katta maktab bo‘lib xizmat qildi. O‘z navbatida, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari kelgusidagi qabul qilinadigan qarorlarida o‘zining samarasini beruvchi yigit-qizlarning qiziqish va ehtiyojlari bilan tanishdilar. Eng asosiysi, yoshlarda davlat idoralariga bo‘lgan ishonchlari va ularga ko‘maklashishga bo‘lgan istaklari yanada oshishga erishildi. 

2019-yil davomida bu kabi muloqotlar yana uchta hudud – Xorazm, Samarqand va Andijon viloyatlarida hamda yakunlovchi tadbir – Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati