@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Yuksalish” harakati va Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Global strategiya milliy instituti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi

 2019-05-18 18:20:27   |     Просмотров: 4296

Avval xabar berganimizdek, “Yuksalish” harakati vakillari Pekin shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyalariga bag‘ishlangan birinchi anjumanda ishtirok etmoqdalar.

Tadbirlar doirasida vakillarimiz nafaqat turli mavzulardagi forumlar va davra suhbatlarida ishtirok etishmoqda, balki dunyoning yetakchi aql markazlari vakillari bilan umumiy qiziqishlar doirasida hamkorlik yuzasidan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazishmoqda.

Jumladan, “Yuksalish” harakati raisi Akmal Burxanov Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Global strategiya milliy instituti raisi Say Fan hamda institut bosh kotibi Van Linguy bilan uchrashdi. Tomonlar tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Amaliy tadbirlarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi. Shuningdek, Xitoyning ochiqlik va qashshoqlikka qarshi kurashish borasidagi tajribasini hisobga olgan holda qishloq joylarini rivojlantirish va obodonlashtirishga qaratilgan qo‘shma tadqiqot o‘tkazish belgilab olindi. Bundan tashqari, Toshkent shahrida O‘zbekiston  va Xitoyning yetakchi “aql markazlari” ishtirokida forum tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Tashrif davomida, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “Yuksalish” umummilliy harakati taklifiga binoan institut ekspertlari joriy yilning iyun oyida Toshkent shahriga tashrif buyuradigan bo‘ldilar. Poytaxtimizda tomonlar o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashni va ikki davlat ilmiy-tadqiqot institutlari ishtirokida davra suhbati o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz,joriy yilning 15–22-may kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida Osiyo mamlakatlari bilan muloqotga bag‘ishlangan birinchi anjuman bo‘lib o‘tmoqda. Asosiy mavzu — “Osiyo sivilizatsiyasi va kelajagi umumiy hamjamiyat barpo etish”. Anjuman doirasida 110dan ortiq turli tadbirlar, shu jumladan forumlar, davra suhbatlari, ikki va ko‘p tomonlama muzokaralar o‘tkaziladi. Eng yorqin tadbirlar sifatida 30 mingga yaqin mehmonlar ishtirokida bo‘lib o‘tadigan Osiyo madaniyati karnavali, Osiyo sivilizatsiyasi haftaligi hamda gastronomik festivallarni aytish mumkin.

 

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati