@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Jamoatchilik monitoringi: Qashqadaryo viloyatida ijtimoiy soha ob’ektlarini kapital ta’mirlash va jihozlash uchun qo‘shimcha mablag‘ zarur

 2019-05-30 12:45:34   |     Просмотров: 2867

«Yuksalish» umummilliy harakati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi vakillaridan iborat ishchi guruh joriy yilning 29—30 may kunlari Qashqardaryo viloyatiga tashrif buyurib, u yerda qator tadbirlar o‘tkazdi. Jumladan, hududiy investitsiya dasturi va 2019 yil davlat dasturida belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosini o‘rganish maqsadida jamoatchilik monitoringi va fuqarolar bilan muloqotlar amalga oshirildi.

Jamoatchilik monitoringi davomida Qashqadaryo viloyatining Kasbi va Nishon tumanlarida ijtimoiy soha ob’ektlarida olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirildi. Ishchi guruh tomonidan asosan mazkur hududlardagi suv ta’minoti tarmoqlari, ichki yo‘llar, maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha ishlarning o‘z vaqtida, samarali yo‘lga qo‘yilganligi  o‘rganildi.

Jumladan, Nishon tumanida 2019 yil investitsiya dasturiga muvofiq «Nishon-1» nasos stansiyasini kapital ta’mirlash ishlari hamda «Nishon-2» nasos stansiyasigacha bo‘lgan 5,5 km uzunlikdagi masofaga suv quvurlari tarmoqlarining yotqazilishi o‘rganildi. Ishlar jadal tashkil etilib, ayni paytda umumiy ish hajmining 71 foizi bajarilgan.

Bundan tashqari, Nishon tumani maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli Maktabgacha ta’lim muassasasalari 2018—2019 yillarda kapital rekonstruksiya qilinib, topshirilgan maktabgacha ta’lim muassasalarida jihozlash bo‘yicha yetarli mablag‘lar ajratilmaganligi uchun tumandagi maktabgacha yoshdagi bolalar qamroviga salbiy ta’sir qilmoqda. Xususan, «Obod qishloq» dasturi asosida 2018 yilda kapital rekonstruksiya qilingan «Paxtakor» MFY hududidagi 1-sonli 240 o‘rinli MTM 1830,0 mln so‘mga, «Paxtakor» MFY hududidagi 16-sonli 140 o‘rinli MTM 761,0 mln so‘mga, «Baynalminal» MFY hududidagi 2-sonli 140 o‘rinli MTM 1007,0 mln so‘mga ta’mirlanganligi, ammo binolarni jihozlash uchun esa mablag‘ ajratilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Natijada, ushbu ob’ektlarda ovqat pishirish uchun elektr plitalar, oshxona jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun ombor muzlatkichlari mavjud emas. 

2019 yilda investitsiya dasturiga asosan tumandagi «Navro‘z» MFY dagi 3-sonli 150 o‘rinli MTM uchun 2616,7 mln so‘m, «Kaptarli» MFY dagi 5-sonli 150 o‘rinli MTM uchun 2763,6 mln so‘m, «A.Qodiriy» MFYdagi 7-sonli 150 o‘rinli MTM uchun 2806,7 mln so‘m, «Samarqand» MFY dagi 8-sonli 150 o‘rinli MTM uchun 2555,4 mln so‘m kapital rekonstruksiya uchun mablag‘lar ajratilib, ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda, biroq ushbu muassasalarda ham mebel va jihozlash uchun mablag‘lar yetarli darajada ajratilmagan.

Shuningdek, ishchi guruh tomonidan tumandagi «Nishon» QFYda aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida 1,2 km masofadagi ichki yo‘l ta’mirlash ishlari o‘rganildi. Bugungi kunda 0,4 km masofada ishlar bitkazilgan bo‘lib, ob’ekt joriy yil foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.

Jamoatchilik monitoringi tadbirlari Kasbi tumanida ham o‘tkazilib, 42- va 13-sonli umumiy ta’lim maktablarida hamda 24- va 14-sonli MTMlarida olib borilayotgan kapital qurilish va ta’mirlash ishlari o‘rganildi.

Shuningdek, ishchi guruh a’zolari «Tinchlik» MFYda bunyod etilayotgan 24 xonadonli uy qurilishi hamda «Fazli» MFYdagi suv saqlash inshoati rekonstruksiyasi ishlarining borishi bilan tanishdilar. Bugungi kunda inshoat binolarini ta’mirlash, rezervuarlarni tozalash va uning atrofini o‘rash, 3 ta yangi nasos uskunalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Biroq, inshoatga suv olib kelish masalasi hanuz ochiq qolmoqda. Sababi, loyiha smeta hujjatlarida SSIga 1,95 km masofadan quvurlar orqali suv olib kelish ishlari ko‘rsatilmagan va tabiiyki mablag‘ ham ajratilmagan. Mutaxassislarning fikricha, rekonstruksiya ishlari tugallansada, inshoat bu yil ishga tushmaydi. Natijada ushbu hududda istiqomat qiluvchi 5 mingga yaqin mahalliy aholining toza ichimlik suvi bo‘yicha muammosi hal etilmay qolishi mumkin.

Tashrif davomida, shuningdek, joriy yilning 30 may kuni viloyat hokimiyati binosida deputatlar, NNTlar va fuqarolik jamiyati institutlari hamda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda «Yuksalish» umummilliy harakatining maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ularning soha rivojiga qaratilgan fikr va takliflari, hamkorlikda amalga oshirish mumkin bo‘lgan tashabbuslar muhokama qilindi.

Shuningdek, harakat vakillari tomonidan NNTlar uchun mahalliy va xalqaro tashkilotlar tomonidan taqdim etilayotgan grant mablag‘lari va boshqa imkoniyatlar haqida taqdimot o‘tkazildi.

«Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati