@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Oʻzbekistonning eng ommabop 15 ta internet-nashri: matnlar kamroq oʻqilyapti, koʻproq video tomosha qilinyapti

 2023-02-23 14:33:14   |     Просмотров: 17861

Mobillik, interaktivlik, serqirralilik, koʻp funksionallik va umuman multimedia jurnalistikasi bosqichma-bosqich uygʻunlashib, zamonaviy medianing asosiy mezoniga aylanib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida anʼanaviy matnlar oʻrnini oʻzida ham matn, ham audio, ham video formatlarni, onlayn interaktivlikni mujassamlashtirgan materiallar egallab bormoqda. Oʻzbekiston mediasida auditoriyaga xabar yetkazishning yangi kanallaridan tobora faol foydalanilmoqda. 

“Yuksalish” umummilliy harakati mutaxassislari Oʻzbekistonning internet OAVlarini tahlil qilib, auditoriyaning katta qismiga taʼsir koʻrsatuvchi va jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi eng ommabop nashrlarni aniqladi.

Internet-nashrlari orasida Kun.uz yetakchilik qilmoqda. SimilarWeb maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan oyda saytga 7,4 mln kishi kirgan. Biroq bu 2020-yilga nisbatan ikki baravarga kam. Saytning Telegram kanalidagi obunachilari soni 15 foizga kamaygan. Shu bilan birga, Facebook, Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari va YouTube kanalida auditoriyaning kamida 1,5 baravarga oʻsishi kuzatilmoqda. 

Daryo.uz internet-nashri saytiga kiruvchilar va tarmoqlardagi boshqa sahifalarini kuzatuvchilar, shu jumladan Telegram kanalidagi obunachilar soni 2020-yilga nisbatan ikki baravarga kamaygan.

Qalampir.uz internet-nashri 2020-yildan buyon media makonidagi oʻrnini mustahkamlab oldi: sayga kiruvchilar, Telegram kanalidagi obunachilar soni 4 baravarga, Facebook va Instagram’dagi sahifalarda esa deyarli 2 baravarga koʻpaygan.

Internet OAVning rus tilidagi segmentida Gazeta.uz (ushbu nashr oʻzbek tilidagi kontentni ham faol rivojlantirmoqda) va Podrobno.uz eng ommabop. Gazeta.uz saytiga har oy 4,7 mln kishi kirmoqda (2020-yilda 3,2 mln edi), Podrobno.uz saytiga esa 1,5 mln kishi kirmoqda (2020-yilda 1,7 mln edi).

Nisbatan qisqa vaqt ichida oʻz auditoriyasiga ega boʻlishga ulgurgan bir nechta yangi nashrlarni ham taʼkidlash oʻrinli. Bular: Nova24.uz, Azon.uz, Rost24.uz.

Shuningdek, bosma nashrlar ham faoliyatini transformatsiya qilib, kontentini “raqamli” shaklga moslashtirayotgani kuzatilmoqda. Masalan, “Yangi O’zbekiston” va “Правда Востока” gazetalarining veb-saytiga (yuz.uz) har oyda 380 mingga yaqin kishi kiradi, Telegram kanallarining oylik qamrovi esa 24 mln kishidan oshadi.

Telegram’da havola berilishi boʻyicha TOP-3:

•  Kun.uz (2939,44);

•  Daryo.uz (971,75);

•  Uza.uz (924,4).

YouTube'da obunachilar soni boʻyicha TOP-3:

•  Kun.uz (1,69 mln);

•  AzonTv (1,12 mln);

•  Qalampir.uz (593 ming).

Instagram’da obunachilar soni boʻyicha TOP-3:

•  Kun.uz (4,74 mln);

•  Qalampir.uz (3 mln);

•  Uznews.uz (884,4 ming).

Umuman olganda, Oʻzbekiston media maydoni oʻzgarib bormoqda, koʻproq audio (podkastlar) va video formatdagi materiallar (qisqa lavha, stories, katta intervyu, hujjatli film) ommalashib bormoqda. Foydalanuvchilar kattaroq hajmdagi matnlarni oʻqishni istashmayapti. Ular matnga berilgan havolani ochib oʻqishlari uchun mualliflar barcha usullarni qoʻllashiga – sarlavha, vizual koʻrinishi ustida ishlashiga toʻgʻri kelmoqda. Yana bir “live” formati ham keng ommalashdi, bunda muhim voqea, hodisalar mazmuni ikki-uchta gap bilan qisqa va loʻnda tarzda yoki ijtimoiy tarmoqlarda jonli efir tarzida berilmoqda.

Texnologiyalar oʻzgarib bormoqda. Uyali aloqa, Internet, yangi gadjetlar, qurilmalar jadal rivojlanayotgani odamlarga axborotni hozir va oʻzlariga qulay koʻrinishda olish imkonini bermoqda. Formatlar va vositalar yangilanmoqda. Ommaviy axborot vositalari “oqim boʻylab suzishi” uchun yangi voqeliklarga moslashishi kerak.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati