@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

BRMga erishish sohasida hamkorlik: “Yuksalish” harakati Oʻzbekiston NNTMA va Barqaror rivojlanish markazi bilan memorandum imzoladi

 2023-02-23 18:30:00   |     Просмотров: 3211

2023-yilning 23-fevral kuni Toshkentda “Parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va aholining xabardorligini oshirishdagi oʻrni” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis palatalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

2015-yilning sentyabrida Oʻzbekiston dunyoning boshqa davlatlari singari 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibiga sodiqligini bildirdi va barqaror, inklyuziv, progressiv iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, ijtimoiy inklyuzivlik, atrof-muhitni muhofaza qilish, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga hissa qoʻshish majburiyatini oldi. Bu borada meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi.

Xususan, oʻtgan yilning fevralida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsad va vazifalariga erishishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi. 2022-yilning 29-dekabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senat Kengashining mazkur rezolyutsiyani amalga oshirish boʻyicha Qoʻshma qarori qabul qilindi. Qoʻshma qaror bilan 13 ta yoʻnalish boʻyicha 50 dan ziyod aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov ishtirok etib, maʼruza qildi. Maʼruzada asosiy urgʻu BRM natijalari monitoringi, Ixtiyoriy milliy hisobotlarni tayyorlashda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki masalalariga qaratildi. 

Qayd etilishicha, Bertelsmann/SDSN tomonidan har yili chop etiladigan 2022-yil uchun BRM indeksi hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston 77-oʻrinni egallagan (tadqiqotga kiritilgan 163 mamlakat ichida). Oʻzbekistonning koʻrsatkichi (69,9 ball)dan maʼlum boʻladiki, mamlakat 17 ta BRM boʻyicha eng yaxshi natijaga erishish yoʻlining oʻrtacha hisobda 69,9 foizini bosib oʻtdi. Bu koʻrsatkich boʻyicha Finlyandiya (86,2 ball), Daniya (85,6), Shvetsiya (85,2) yetakchilik qilmoqda. MDH davlatlari orasida birinchi oʻrinni 76 ball bilan Belarus Respublikasi egallab turibdi.

“Yuksalish” harakati raisining taʼkidlashicha, BRMga erishishda parlament, jumladan, deputatlik komissiyasi ishtiroki nihoyatda muhim. BRMga erishishning yana bir muhim omili – jamoatchilik ishtiroki va jamoatchilik nazorati. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, oʻzgarishlar jarayonlariga jamoatchilikning jalb etilayotgani buning dalilidir. 2022-yilda Harakat tomonidan hududlarda 149 ta jamoatchilik monitoringi va 57 ta jamoatchilik eshituvi tadbirlari tashkil etildi.

Bundan tashqari, 2020-yilda “Yuksalish” harakati Oʻzbekistonda BRMga erishish boʻyicha birinchi Ixtiyoriy milliy hisobot loyihasi muhokamasida qatnashdi. Hisobot muhokamalarida vazirlik va idoralar, parlamentariy, respublikaning barcha hududlaridagi NNT faollari, BMT va boshqa xalqaro tuzilmalarning 400 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Joriy yilda ikkinchi Ixtiyoriy milliy hisobotning mamlakatlar sharhi muhokamasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. 

Davra suhbati yakunida “Yuksalish” harakati, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Barqaror rivojlanish markazi BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari toʻgʻrisidagi Oliy Majlis va Senat palatalari Kengashlari qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha uch tomonlama oʻzaro hamkorlik Memorandumini imzoladi. 

Xalqaro tadbir Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi, Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarma (Germaniya)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati