@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Qoʻqonda 55 nafar oʻqituvchi yaxshi qoʻshnichilik va bagʻrikenglikni targʻib qilish boʻyicha malaka oshirdi

 2023-05-06 19:20:00   |     Просмотров: 2260

Fargʻona viloyati Qoʻqon shahridagi 14-maktab negizida viloyatdagi 55 nafar oʻqituvchi “Buyuk ipak yoʻli boʻylab – tinchlik va doʻstlik sari” uslubiy qoʻllanmasi asosida malaka oshirdi.

Qoʻllanma Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “Markaziy Osiyoda bagʻrikenglik va tinchlik uchun transchegaraviy koʻp tomonlama muloqot” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.

Qoʻllanmada Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻqituvchilari va metodistlari tomonidan ishlab chiqilgan bagʻrikenglik boʻyicha dars soatlarini tashkil etish va oʻtish boʻyicha koʻrsatmalar mavjud. Bu Fargʻona vodiysida oʻtmishi va buguni umumiy boʻlgan mintaqa mamlakatlarining milliy xususiyatlarini uslubiy ishlanmalarda aks ettirish imkonini berdi. Har bir davlat o'quvchilari qoʻshnilarining madaniyati va tarixi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻladi. Yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro hamjihatlikning asosi ham ana shu bilimdir.

Oʻquv mashgʻulotlari oʻqituvchilarni uslubiy qoʻllanmadan foydalanishga oʻrgatish orqali tinchliksevarlik, yaxshi qoʻshnichilik va bagʻrikenglik masalalarini taʼlim tizimiga singdirishga qaratilgan.

Mashgʻulotlar davomida ishtirokchilar “Buyuk ipak yoʻli boʻylab – tinchlik va doʻstlik sari” uslubiy qoʻllanmasi bilan tanishdi, oʻquvchilar oʻrtasida fuqarolik va tinchlikni mustahkamlash, sinfdan va maktabdan tashqari taʼlim va tarbiyaviy tadbirlarni oʻtkazish, guruh dinamikasini boshqarish, talabalar bilan ishlashning interfaol usullaridan foydalanish boʻyicha malakasini oshirdi.

Oʻqituvchi va uslubchilar nafaqat yangi bilimlarni, balki koʻp madaniyatli, doʻstona taʼlim muhitini va tinchlikni mustahkamlash tamoyillarini shakllantirishda uslubiy malakaga ham ega boʻldi.

Seminar yakuni boʻyicha oʻqituvchilar oʻrtasida tanlov eʼlon qilindi. Unga koʻra, ular qoʻllanmada taklif etilgan tinchlikparvarlik masalalari boʻyicha kamida uchta dars soati yoki boshqa tarbiyaviy tadbirlar oʻtkazilishi kerak.

Tanlov natijalariga koʻra, eng yaxshi oʻqituvchilar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.

Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayogan, K.Adenauer nomidagi jamgʻarma boshchiligidagi konsorsium bilan uchta mamlakatdagi hamkorlari — “Yuksalish” umummilliy harakati (Oʻzbekiston), “BIOM” ekologik harakati (Qirgʻiziston) hamda “Gender va taraqqiyot” jamoat tashkiloti (Tojikiston) tomonidan amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda bagʻrikenglik va tinchlik uchun transchegaraviy koʻp tomonlama muloqot” loyihasi doirasida tashkil etildi. Tadbirga Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ham hamkorlik qildi. 

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati