Jizzax viloyatida o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi to‘g‘risida
Joriy yilning 18-19-may kunlari “Yuksalish” umummilliy harakatining Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-apreldagi “2022—2026-yillarda Jizzax viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yaanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida 2022-yilda yangi qurib bitkazilgan ijtimoiy muassasalar va ko‘p qavatli uylarda amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish maqsadida (quruvchi) mutaxassislarni jalb etgan holda jamoatchilik monitoringi tashkil etildi.
2022-yilda Jizzax viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar parametrlarida yangi qurilishi belgilangan ko‘p qavatli uylarning 16 tasi, tibbiyot muassasalarilarning 19 tasi hamda maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 27 tasi foydalanishga topshirilgan. Hududiy dasturlar doirasida yangi qurilib, foydalanishga topshirilgan 16 ta ko‘p qavatli uylarning elektron texnik pasportlari shakllantirilgan.
Qurilish ishlari yakunlangan ko‘p qavatli uy-joylarda Jizzax viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining obyektlardan foydalanish uchun ruxsatnomalari QR-kod bilan tasdiqlangan elektron shaklda taqdim etilgan.
Tibbiyot, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida Jizzax viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining obyektlardan foydalanish uchun ruxsatnomalari SHNK talablari va davlat komissiya orqali foydalanishga qabul qilingan.
Monitoring davomida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-iyundagi 405-sonli hamda 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qarorlari ijrosining ta’minlanishiga etibor qaratilib, 2022-yilda yangi qurib bitkazilgan Jizzax shahar “Olmazor” mahallasi hududida qurib foydalanishga topshirilgan 16 qavatli (aholi 40% ushbu xonadonlarga ko‘chib o‘tgan) aholi turar joy binosi, Sh.Rashidov tumani “Ravalliq” mahallasi hududida qurilayotgan yangi umumta’lim (ushbu maktab binosi 2022 yil noyabr oyida foydalanishga topshirilishi lozim bo‘lsada, foydalanishga topshirish muddati 2023-yil avgust oyiga uzaytirilgan) maktabi binosi hamda “Jizzaxlik” mahallasi hududida joylashgan Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabiga foydalanishga topshirilgan qo‘shimcha o‘quv binosi o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida mazkur 16 qavatli uyni aholiga foydalanish uchun hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan ruxsat olinmagan, bu bino III-toifadagi obyekt bo‘lib, foydalanish bo‘yicha sanitariya-epidemiologiya xizmatining shahar bo‘limi va shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan xulosalar mavjud (loyiha smeta tuzilgan vaqtida barchasi aks ettirilgan), mazkur ko‘p qavatli uylarni qurish ishlarining loyiha hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspeksiyasi tomonidan tegishli xulosa olinmagan, viloyat Davlat kadastri palatasi boshqarmasi tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, kadastr pasporti rasmiylashtirilmagan, loyiha smetasida bino va inshootlardan foydalanish davrida yong‘in xavfsizligi, salomatlik va atrof-muhitni muhofaza qilish, xavfsizligiga rioya qilinishi aks ettirilgan va amal qilingan, binoga kirish qismida imkoniyati cheklangan shaxslarning nogironlik aravachasida kirib chiqishlari uchun sharoitlar (panduslar) sifatli va talab darajasida qilinmagan.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida Jizzax shahri, Bobur mahallasi Zarafshon ko‘chasi 128-uy 3-xonadonda yashovchi Boboyeva Shaxlo tomonidan murojaat qilinib, Jizzax shahri, “Olmazor” mahallasi hududidan yangi quriligan ko‘p qavatli uylardan (32-uy, 16-xonadon) shartnoma asosida boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgan holda harid qilgani hamda ushbu xonadonda kamchiliklar mavjudligi aytib o‘tildi. Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida joyida borib o‘rganilganda, mazkur 16 qavatli uy “AGROMIR BUILDINGS” MCHJ tomonidan qurilib, aholiga foydalanishga topshirilgandan so‘ng ko‘pchilik fuqarolar tomonidan shikoyatlar ko‘payganligi aniqlandi. Mazkur qurilish tashkiloti tomonidan ushbu hududdagi 33-34-35 ko‘p qavatli uylar qurilayotganligi hamda qurilish ishlarida sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanganligi aniqlandi. Aniqlangan kamchilik va xatolar natijasida vilyat qurilish inspeksiyasi tomonidan mazkur 33-34-35 ko‘p qavatli uylarda hozirgi kunda qurilish ishlari to‘htatildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-iyundagi 405-sonli qaroriga asosan qo‘p qavatli uy-joyning elektron seysmik mustahkamligini baholash bo‘yicha elektron texnik pasport shakllantirilmagan (hozirda quriliayotgan ko‘p qavatli uylarning seysmik holati, ya’ni binoning xavfsizligi va uning zilziliga bardoshligini aniqlash yuzasidan binoning ichki qismiga maxsus texnik moslama o‘rnatilmoqda).
“Jizzaxlik” mahallasi hududida joylashgan Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabiga qo‘shimcha o‘quv binosi qurilib foydalanishga topshirilgan. Mazkur binoni foydalanish uchun hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan ruxsat olingan, bino III-toifadagi obyekt bo‘lib, foydalanish bo‘yicha sanitariya-epidemiologiya xizmatining shahar bo‘limi va shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan xulosalar mavjud (loyiha smeta tuzilgan vaqtida barchasi aks ettirilgan), viloyat Davlat kadastri palatasi boshqarmasi tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, kadastr pasporti rasmiylashtirilgan, loyiha smetasida bino va inshootlardan foydalanish davrida yong‘in xavfsizligi, salomatlik va atrof-muhitni muhofaza qilish, xavfsizligiga rioya qilinishi aks ettirilgan va amal qilingan, binoga kirish qismida imkoniyati cheklangan shaxslarning foydalanishi uchun yetarlicha sharoitlar yaratilgan, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-iyundagi 405-sonli qaroriga asosan binoning elektron seysmik mustahkamligini baholash bo‘yicha texnik pasport shakllantirilgan.
Sh.Rashidov tumani “Ravalliq” mahallasi hududida yangi umumta’lim maktabi binosi 2022-yilda topshirilishi belgilangan bo‘lsa-da, mazkur binoning foydalanishga topshirilish muddati 2023-yil avgust oyiga uzaytirilgan. Binodan foydalanish uchun hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan ruxsat olinmagan, bino III-toifadagi obyekt bo‘lib, foydalanish bo‘yicha sanitariya-epidemiologiya xizmatining shaharbo‘limi va shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan xulosalar mavjud (loyiha smeta tuzilgan vaqtida barchasi aks ettirilgan), viloyat Davlat kadastri palatasi boshqarmasi tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, kadastr pasporti rasmiylashtirilmagan, loyiha smetasida bino va inshootlardan foydalanish davrida yong‘in xavfsizligi, salomatlik va atrof-muhitni muhofaza qilish, xavfsizligiga rioya qilinishi aks ettirilgan va amal qilingan, binoga kirish qismida imkoniyati cheklangan shaxslarning nogironlik aravachasida kirib chiqishlari uchun sharoitlar (panduslar) sifatli va talab darajasida qilinmagan.
Bugungi kunda, qurilish-montaj ishlari tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish ishlari o‘z muddatlarida amalga oshirilib, bu borada davlat xizmatlari ko‘rsatishda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida muammolar mavjud emasligi bildirildi.
O‘rganishlar yuzasidan Harakatning viloyat hududiy bo‘linmasi hamda jamoatchilik vakillari quyidagi takliflarni bildiradi:
- ko‘p qavatli uylarni qurib foydalanishga topshirilishida fuqarolar yig‘inlari raislari, sektor rahbarlari hamda mahalliy kengash deputatlari ishtirokini ta’minlash;
- foydalanishga topshirilayotgan obyektlardagi mavjud holatlarni doimiy nazorat qilish, bu borada ekspertlar hamda jamoatchilik fikrini o‘rganish va quruvchi tashkilotlarga ta’sir o‘tkazish choralari ko‘rish;
- hududlarda qurilayotgan ijtimoiy obyektlar, uy-joylarning qurilishi va foydalanishga topshirilishida hududiy qurilish inspeksiyasining kuchli va doimiy nazorati o‘rnatilishi zarur;
- hududlarda qurilayotgan ijtimoiy obyektlar, uy-joylarning qurilishida import xom-ashyolarni qisqartiirish hamda mahalliy xom-ashyo ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash orqali sifatli va arzon mahalliy qurilish mahsulotlaridan foydalanish;
- qurilish obyektlarini qurishda quruvchi tashkilotlar tomonidan tender orqali olinishida shaffoflik va adolatlilik prinsipi asosida olinishini ta’minlash.
"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati