@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

EQUAL loyihasining navbatdagi xalqaro ekspertlik muhokamasi: O‘zbekistonda ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning samarali choralari

 2023-06-06 20:13:00   |     Просмотров: 3288

2023-уilning 6-iyun kuni Xalqaro yuristlar komissiyasi (XYUK), "Yuksalish" umummilliy harakati va BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy boʻlinmasi (ROCA) tomonidan “Qonunchilikdan amaliyotga: O'zbekistonda ayollar va bolalarni zo'ravonlikdan himoya qilishning samarali choralari” mavzusida xalqaro jamoatchilik muhokamasi o'tkazildi.

Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “O'zbekistonda xalqaro huquqni qo'llash sifatini oshirish” (EQUAL) loyihasi doirasida tashkil etildi.    

Ma’lumki, O'zbekistonda oiladagi zo'ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortadigan va jinsiy jinoyatlar uchun jazoni kuchaytiradigan qonun qabul qilindi. Bu ayollar va bolalarni qonunchilikdagi himoyasida burilish yasadi. Endilikda ekspertlar ushbu qonunni xalqaro huquqiy normalarga muvofiq samarali amalga oshirish uchun turli manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davra suhbatlarini o'tkazmoqda.

— Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi va shaxsan o’zim ushbu muhim hamkorlikni qo'llab-quvvatlashdan mamnunmiz. Oiladagi zo'ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortishga, jinsiy zo'ravonlikni ma'muriy huquqbuzarlik deb tan olishga, ayollar va bolalarni zo'ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunning qabul qilingani juda muhimdir. Biz endi bu borada ko'proq nima qilishimiz mumkinligini muhokama qilishimiz kerak. Yevropa Ittifoqi O'zbekistonda xotin-qizlar va bolalar farovonligiga hissa qo'shishga tayyor", - deydi Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.

— Har qanday qonunning qabul qilinishi muammoni hal qilishdagi birinchi qadamdir. Eng murakkab qismi shundaki, qonunlarni kundalik hayotga tadbiq etish, har bir ayol, har bir bolaning o'zini xavfsiz va qadrli his qilishini ta'minlashdir. Qonunlar jamiyatning barcha sohalarini qamrab olishi va ijtimoiy me'yorlar, xatti-harakatlar va munosabatlarning o'rnatilishiga ta'sir qilishi kerak", - deydi Yevropa va Markaziy Osiyo dasturining xalqaro huquqshunoslar komissiyasi direktori Temur Shokirov.

— O‘zbekistonda ayollar huquqlarini, gender tengligini ta’minlash va rag‘batlantirish, ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha keng institutsional asos yaratilgan. Qonunchilikdagi so‘nggi muhim o‘zgarishlardan biri – oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb hisoblash, buning uchun javobgarlik belgilanishidir. Oliy sud yangi o‘zgartishlarning sud amaliyotida to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga harakat qilmoqda. O‘z navbatida, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga, xususan, surishtiruv va tergov harakatlarini o‘tkazishda qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Jamiyatda zo'ravonlikning har qanday ko'rinishiga toqatsizlik muhim ahamiyatga ega”, - deydi “Yuksalish” umumilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov.

— Biz O’bekistonda yaqinda qabul qilingan ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish haqidagi qonunni olqishlaymiz. Bu mamlakatingizning ushbu yo‘nalishdagi qonunchiligini bosqichma-bosqich takomillashtirishga va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlariga rioya qilishga tayyorligini tasdiqlaydi. Qonunning qabul qilinishi birinchi qadamdir. Uni amalga oshirishning samarali vositalari ham mavjud bo'lishi kerak. Zo‘ravonlikka duch kelganlar bu haqida jim turmasligi, o‘z so‘zini aytishi kerak. Ularni himoya qilishda qonunning ishlashi uchun aholining qonundan xabardorligini oshirish zarur”, - deydi BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy vakili Fabio Piana.

Eslatib oʻtamiz, tadbir Yevropa Ittifoqining Demokratiya va inson huquqlari boʻyicha Yevropa instrumenti (EIDHR) orqali moliyalashtirilayotgan va Xalqaro yuristlar komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda xalqaro huquqni qoʻllash sifatini oshirish” (EQUAL) loyihasi doirasida tashkil etildi. EQUAL loyihasining asosiy maqsadi – fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash orqali Oʻzbekistonda kamsitilishga moyil boʻlgan guruhlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini teng himoya qilishga koʻmaklashish.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati