@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Yevropa Ittifoqining mablag‘lariga Qo‘shrabot tumanidagi olis qishloqda piyodalar ko‘prigi qurib berildi

 2023-06-10 11:37:20   |     Просмотров: 1773

Yuksalish” umummilliy harakati "Taraqqiyot" aholi turmush tarzini rivojlantirishga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi bilan amalga oshirgan “Aholiga yordam” loyihasi doirasida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi “Yuqori Jo‘sh” mahallasida piyodalar o‘tish ko‘prigi qurib berildi.

Uzunligi 18,7 metr, kengligi 2 metr bo‘lgan ushbu piyodalar ko‘prigi uchun hamkor tashkilotlar tomonidan qurilish materiallari (2 ta temir beton plita, armatura, yog‘och, sement, temir to‘siqlar) yetkazib berildi. Bunga Yevropa Ittifoqining 135,8 mln so‘m mablag‘i ajratildi, shuningdek, hokimlik va homiylar mablag‘lari ham qo‘shildi.

Aytish kerakki, “Aholiga yordam” loyihasida O‘zbekistonning olis qishloq hududlarining kichik infratuzilmasini yaxshilash ko‘zda tutilgandiBuning uchun dastlab “Yuqori Jo‘sh” mahallasining faollari, aholisi bilan maslahat uchrashuvlari o‘tkazildi. O‘shanda aholi mahallaga, birinchi galda, ko‘prik qurib berishni so‘ragan va ovoz bergan. Chunki qishloq tog‘li hududda joylashgani uchun qish va bahor mavsumlarida kuchli sel toshqinlari tez-tez yuz beradi. Toshqin asosiy qatnov yo‘lini berkitib qo‘yadi. Natijada bolalar maktabga, kattalar bozoru, shifoxonaga qatnashda qiyinchilikka duch keladi.

Ma’lumot uchun, "Yuqori Jo‘sh" mahallasida 318 ta uy xo‘jaligi bor, 2 450 nafar aholi yashaydi. Mahalla faollarining aytishicha, bu yo‘l orqali 300 dan ziyod mahalla bolalari maktabga o‘qishga qatnaydi. Qishda, sel kelgan paytda harakatlanish nihoyatda qiyin, hatto sel transport vositalari, yosh bolalarni oqizib ketgan holatlar ham sodir bo‘lgan. Shu sababli bu hududga ko‘prik juda zarur edi.

Ko‘prikni qurishdan oldin yo‘lning ikki tomonidan yer ochildi, keyin beton plitalar mustahkamlandi. Asos tayyorlab olingach, plitalar tekislandi. Yon tomonlariga temir to‘siqlar mahkamlab chiqildi.

Xalqimiz azaldan yo‘l, ko‘prik qurishni eng savobli amallardan, deb biladi. Yo‘l, ko‘prik qurganlarning mehnati ulug‘lanadi. Chunki bunday qurilishlar orqali odamlarning mushkuli oson bo‘ladi. Endilikda Yuqori jo‘shliklar uchun manzillariga oson va xavfsiz yetib olish imkoniyati yaratildi.