@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Yuksalish” harakati BMTning korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi ijrosi bo‘yicha Fuqarolik jamiyati koalitsiyasiga qo‘shiladi

 2023-06-18 18:52:07   |     Просмотров: 2924

12—16-iyun kunlari “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Avstriya poytaxti Vena shahrida o‘tkazilgan BMTning korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi amalga oshirilishini kuzatish guruhining 14-sessiyasida ishtirok etdi.

Tashrif doirasida delegatsiya, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari uchun kuzatuvlar jarayoni natijalari va texnik ko‘mak ko‘rsatishdagi ehtiyojlar yuzasidan tashkil etilgan brifingda qatnashdi, xalqaro tashkilotlar va “aql markazlari” vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, 15-iyun kuni “Yuksalish” harakati raisi BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining siyosat tahlili va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi direktori Jan-Lyuk Lemaxe bilan uchrashdi. Tomonlar o‘z tashkilotlari, amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning natijalari hamda istiqboldagi rejalari haqida ma’lumot almashdi.

Uchrashuvda ta’kidlanishicha, joriy yilning iyul oyida Samarqandda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashabbusi bilan Markaziy Osiyo Aksilkorrupsiya xabi ishga tushiriladi va O‘zbekiston mezbon davlat sifatida o‘zgarishlarning lokomotivi bo‘ladi. “Yuksalish” harakati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Sloveniyaning “Mintaqaviy muloqot” XNNT bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan “Aksilkorrupsiya laboratoriyasi” loyihasi ham yuqori baholandi. Xalqaro ekspertlarning fikricha, NNTlar tomonidan shu kabi tadqiqotlar olib borilishi davlatning bu borada amalga oshirayotgan ishlarida yuqori sifatni ta’minlaydi.

Uchrashuv yakunida BMT boshqarmasi vakillari “Yuksalish” umummilliy harakatining BMTning korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi ijrosi bo‘yicha Fuqarolik jamiyati koalitsiyasiga qo‘shilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi, bu yo‘nalishda har qanday yordamni ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati