@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Shveytsariya elchixonasi, UNICEF va "Yuksalish" vakillari "Bolalar va yoshlar uchun doʻstona shahar" unvoni uchun kurashayotgan Boʻston va Yangibozor shaharlarida boʻldi

 2023-07-22 16:47:38   |     Просмотров: 2334

2023-yilning 20-21-iyul kunlari "Bolalar va yoshlar uchun do‘stona mahalliy boshqaruv” tashabbusi doirasida Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Hamkorlik bo‘limi boshlig‘i, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari va "Yuksalish" umummilliy harakati vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘ston va Xorazm viloyatining Yangibozor shaharlarida bo‘ldi.

Joriy yilning fevral oyida ushbu shaharlar hokimlari tomonidan Harakat rejalari taqdimot qilingach, har ikki shaharga yil davomida o‘z hududlarida bolalar va yoshlar farovonligini yaxshilash bo‘yicha Dasturlarini amalga oshirish uchun 30 000 AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratilgan edi.

O‘tgan yilning aprel oyidan boshlab O‘zbekistonning 6 ta shahar (Andijon viloyatining Asaka sh., Farg‘ona viloyatining Qo‘qon sh., Navoiy viloyatining Zarafshon sh., Surxondaryo viloyatining Termiz sh., Xorazm viloyatining Yangibozor sh., Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘ston sh.) hokimliklari xalqaro va mahalliy mutaxassislar ko‘magida 2023-yilga mo‘ljallangan bolalar va yoshlar farovonligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqishdi. Onlayn va yuzma-yuz maslahatlashuvlar orqali 6500 dan ortiq bolalar va yoshlar, jumladan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari rejalashtirish jarayoniga jalb etildi. Bu jarayonda hokimlik huzurida tashkil etilgan Yosh maslahatchilar kengashlari hamda "Hokim va yoshlar" uchrashuvlari muhim o‘rin tutdi. Uchrashuvlarda rahbarlar va yoshlar o‘z shahridagi bolalar va yoshlar bilan bog‘liq ijtimoiy masalalarni muhokama qilishdi.

Joriy yilda "Yuksalish" harakati, Yoshlar ishlari agentligi va UNICEF vakillaridan iborat "Bolalar va yoshlar uchun do‘stona mahalliy boshqaruv" tashabbusi jamoasi chora-tadbirlar rejalarini amalga oshirishga ko‘maklashish va ajratilgan mablag‘larning sarflanishini nazorat qilishda davom etmoqda. Jumladan, shaharlarga tashrif chog‘ida hokimliklar rahbariyati, Yosh maslahatchilar kengashlari a’zolari va yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, mahalliy hokimliklar orasidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan Tashabbus doirasida ishlab chiqilgan Harakat dasturi ijrosi yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda yoshlar va shahar rahbarlari loyihani yanada samarali amalga oshirish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Bu galgi ikki kunlik tashrif chog‘ida mehmonlar loyiha bo‘yicha Harakat dasturiga kiritilgan obyektlar: Ellikqal’a tumanidagi Botanika bog‘ida tashkil qilingan Ekomarkaz, imkoniyati cheklangan bolalar sport maktablari va markazlari, kutubxonalar, kasb-hunarga o‘rgatish markazlari hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun shaharda svetoforlar va kameralar  o‘rnatilgan joylarni borib ko‘rishdi. Shuningdek, "ImkonLab" ijtimoiy tadbirkorlik dasturi doirasida yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan va mahalliy hokimliklar ko‘magida amalga oshirilayotgan, bolalar va yoshlarning turmush farovonligini oshirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishishdi.

2023-yil oxirigacha amalga oshirilgan Harakatlar rejasining muvaffaqiyati baholanadi va g‘olib shaharlarga “Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shahar” unvoni beriladi. Bundan tashqari, bolalar va yoshlar manfaatlarini ko‘zlab, davlat boshqaruvini hamda milliy va mahalliy darajadagi dasturlarni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati