@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Monitoring: Maktablar yangi o‘quv yiliga o‘z vaqtida shay bo‘lmasligi sabablari nimada?

 2023-09-25 17:02:00   |     Просмотров: 3100

Mamlakatimizda Taraqqiyot strategiyasi doirasida 2026-yilga qadar 1,2 mln yangi o‘quv o‘rnini yaratish maqsad qilingan. Bu maqsadga erishish yo‘lida birgina 2022-yilning o‘zida 791 ta maktabda qurilish ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 120 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratildi.

Shuningdek, 2023-yilga mo‘ljallangan davlat dasturida 237 ta yangi namunadagi maktablar qurilishi orqali 76 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratilishi belgilangan. Bu maqsadlar mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilgan islohotlar dolzarbligini saqlab qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Joriy yilning avgust oyida “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan respublika bo‘ylab tanlov asosida 122 ta maktabda 2023/2024 o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari jamoatchilik monitoringi tartibida o‘rganildi.

Monitoring davomida maktablarda qurilish-ta’mirlash ishlarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, sinf xonalarining jihozlanganlishiga doir ishlar ahvoli o‘rganildi. Qolaversa, pedagoglarning maqomini oshirish yuzasidan belgilangan maqsadlar qay darajada amalga oshirilayotganligi yuzasidan o‘qituvchilar o‘rtasida anonim so‘rovnoma o‘tkazildi.

65 ta maktab yangi o‘quv yiliga to‘liq tayyor emasligi aniqlandi

Maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi yuzasidan o‘rganilgan 57 ta maktabda barcha qurilish-ta’mirlash ishlari o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilgan holda yangi o‘quv yiliga shayligi ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, o‘rganilgan 65 ta maktab yangi o‘quv yiliga to‘liq tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur maktablarning 10 tasi zarur jihozlar bilan ta’minlanmagan bo‘lsa, 55 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmagan. Ulardan 12 tasida qurilish, 32 tasida rekonstruksiya va 11 tasida mukammal ta’mirlash ishlari davom etmoqda.

Misol uchun, Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanida joylashgan 14-umumta’lim maktabida 330 o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosini qurish ishlari yakuniga yetkazilmagan. Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida joylashgan 31-umumta’lim maktabida rekonstruksiya ishlari yakuniga yetkazilgan bo‘lsa-da, zarur jihozlar va uskunalar bilan ta’minlanmagan. Samarqand viloyati Paxtachi tumanida joylashgan 21-umumta’lim maktabida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilganligiga qaramasdan maktabning isitish tizimlari avariya holatida ekanligi va maktab oshxonasida atigi 70 o‘ringa mo‘ljallangan jihozlar mavjudligi aniqlandi. Sirdaryo viloyati Guliston tumanida 28-umumta’lim maktabida 240 o‘rinli yangi bino va sport zalini qurish ishlari yangi o‘quv yili boshlanishiga qadar yakunlanmaganligi aniqlandi. Toshkent shahri Yangihayot tumanida joylashgan 336-umumta’lim maktabining yangi binosini qurish uchun “Yagona buyurtmachi xizmati” IK tomonidan pudratchi tashkilotga zarur mablag‘lar o‘z vaqtida ajratilmaganligi sababli qurilish ishlari to‘xtab qolgan.

Maktablarda yangi o‘quvchi o‘rinlarini yaratish va mavjudlarida sharoitni yaxshilashga qaratilgan choralarning o‘z vaqtida bajarilmasligiga ko‘p hollarda qurilish tashkilotlari ishlarni belgilangan muddatlarda bajarmasligi, tenderlar kech o‘tkazilishi va moliyalashtirish cho‘zilib ketishi sabab bo‘lmoqda.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati