@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O‘zbekistondagi TОР-20 “aql markazlar”

 2023-09-30 17:05:00   |     Просмотров: 13118

Davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, uni amalga oshirish uchun strategiyalar ishlab chiqishda mustaqil baholovchi tadqiqot institutlarining roli alohida ahamiyatga ega. Ayniqsa, demokratik taraqqiyot yo‘lidan borayotgan mamlakatlarda davlat siyosatini oshkora keng jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda amalga oshirish eng muhim omillardan biri hisoblanadi.

“Aql markazlari” faoliyati davomida muhim ijtimoiy-siyosiy masalalar yuzasidan tadqiqot o‘tkazish va ekspertlik baholash yordamida takliflar ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi mustaqil tahliliy tashkilotlardir. Bu kabi tahliliy tadqiqot institutlari jamoatchilik fikrini shakllantirgan holda davlat tomonidan islohotlarni ishlab chiqish va amalga oshirish hamda qarorlar qabul qilishga ko‘maklashadi. Ayniqsa, rivojlangan mamlakatlar qarorlar qabul qilishda jamoatchilik fikrini inobatga olish, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va ijtimoiy, iqtisodiy hamda siyosiy masalalarda istiqbolni belgilashda mustaqil “aql markazlari"ga murojaat qiladi.

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab turli yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib borib, tahliliy ma’lumotlarni ishlab chiquvchi 15 mingga yaqin aql markazlari faoliyat yuritmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda shu kabi tahliliy institutlarga, ularning davlat siyosatini amalga oshirishdagi rolini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan 2020-yilda mamlakatda faoliyat olib borayotgan “aql markazlari”ning Top-15 taligi e’lon qilingan edi.

2023-yildagi reytingdan esa O‘zbekistonning 20 ta yetakchi “aql markazlari” o‘rin oldi. Mazkur reyting O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan tahlil markazlarining rasmiy veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, ular tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar va tahliliy maqolalari, xalqaro ilmiy nashrlarda iqtibos keltirilgan tahliliy ishlari va mustaqil ekspertlarning fikri asosida shakllantirildi.

Ro‘yxatga birinchi marta quyidagilar kiritildi:

  • Barqaror rivojlanish markazi
  • Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
  • “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi
  • Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti
  • Markaziy Osiyo xalqaro instituti
  • “Oila va xotin-qizlar” ilmiy tadqiqot instituti
  • O‘zbekistonda ochiqlik va shaffoflik tahliliy markazi
  • Huquqni muhofaza qilish akademiyasi

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu “aql markazlari” tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalarini qo‘llab-quvvatlash yoki ushbu reytingga kirmay qolgan tahliliy markazlar faoliyatiga past baho berishdan yiroqmiz. Asosiy maqsadimiz – mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan “aql markazlari” geografiyasi bilan jamoatchilikni tanishtirish.

1. Barqaror rivojlanish markazi

Yangi tashkilot mamlakatimizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy rivojlanish jarayonlarini kompleks o‘rganish, tahlil qilish va tegishli takliflar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, bu boradagi faoliyatni monitoring qilish va takliflar ishlab chiqish Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

2. “Bilim karvoni” nodavlat notijorat ilmiy muassasasi

Uzoq yillardan buyon O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritib kelayotgan nodavlat tahlil markazlaridan biri. Muassasa o‘zining muqobil tadqiqotlari va ekspertlik baholari bilan alohida o‘ringa ega. Tashkilot mahalliy va xalqaro ilmiy markazlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, manfaatdor tashkilotlar uchun tahliliy ishlarni amalga oshirish, uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, mintaqaviy hamkorlik, yosh tadqiqotchilar uchun “muloqot maydonlari”ni tashkil etish bilan shug‘ullanib keladi.

3. Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

Markaz joylarda ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni monitoring qilish va prognozlash, axborot makonining g‘oyaviy mazmunini tizimli tahlil qilish, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish, hududlar va mamlakat darajasida ma’naviy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish borasida tadqiqotlarga urg‘u qaratmoqda.

4. “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi

Mamlakatda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazishda ulkan tajribaga ega bo‘lgan “Ijtimoiy fikr” faoliyati o‘ta rang-barang bo‘lib, taraqqiyotining barcha sohalarida jamoatchilik fikri dinamikasining asosiy tendensiyalarini aniqlash, o‘rganish va tahlil qilish, shuningdek, tizimli monitoringini olib borish bilan shug‘ullanadi.

5. Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi

Markaz faoliyati iqtisodiy islohotlarni va iqtisodiy rivojlanishni tahliliy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Qolaversa, iqtisodiy rivojlanish subyektlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha davlat, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor o‘rtasida samarali muloqotni rivojlantirishda ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

6. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ma’muriyatining iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar masalalari bo‘yicha axborot-tahliliy ta’minoti, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning strategik yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida tahliliy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.

7. Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti

Institut vazifalariga Qonunchilik palatasi va deputatlar faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash, ularning qonun ijodkorligi borasidagi faoliyatiga ko‘maklashish, qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalarini ilmiy ekspertizadan o‘tkazish, ularning tartibga solish ta’sirini baholash hamda xalqaro normalar va standartlarga muvofiqligini o‘rganish kiradi.

8. Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti

Institutning asosiy faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy qo‘llab-quvvatlashni amalga oshirish, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga qaratilgan.

9. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

Davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar tayyorlash, aholi daromadlarini oshirish yuzasidan muammolarni o‘rgangan holda amaliy takliflar tayyorlash, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishini kompleks baholagan holda asoslantirilgan ekspertlik xulosalarini tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

10. Markaziy Osiyo xalqaro instituti

Mintaqa mamlakatlarining umumiy manfaatlari yo‘lida ilmiy-tadqiqot va ekspert hamkorligini o‘rnatishga ko‘maklashish, Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa davlatlarning yetakchi ilmiy markazlari, shuningdek, Markaziy Osiyo masalalari bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlar ekspertlari bilan keng aloqalar o‘rnatish institutning asosiy vazifalaridir.

11. “Ma’no” tadqiqot tashabbuslari markazi

“Ma’no”ning tahliliy faoliyati ijtimoiy, iqtisdoiy va tashqi siyosat yo‘nalishida Markaziy Osiyo uchun umumiy bo‘lgan mintaqaviy masalalar yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borish, uzoq yillik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishga qaratilgan.

12. “Oila va xotin-qizlar” ilmiy tadqiqot instituti

Mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirishga qaratilgan konsepsiyalarni, kompleks, maqsadli, sohaviy va hududiy dasturlarni ishlab chiqishning ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish, aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha tahliliy materiallar va ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish institutning asosiy vazifalaridir.

13. Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz

Markaz davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligi holati va darajasini tahlil qilish, milliy axborot makonini hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi samaradorligini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.

14. O‘zbekistonda ochiqlik va shaffoflik tahlil markazi (“Transparency Uzbekistan”)

Korrupsiyaning sabablari, oqibatlari va keltirishi mumkin bo‘lgan zararlari yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazish, mamlakatda korrupsiya va davlat boshqaruvi institutlariga bo‘lgan ishonch darajasini o‘rganish, davlat organlari tomonidan ochiqlik va shaffoflikka rioya qilinishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish masalalari markazning asosiy yo‘nalishlari sirasiga kiradi.

15. Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini axborot-tahliliy materiallar bilan ta’minlash, Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalalari, mamlakatning mintaqaviy va xalqaro hamkorlik istiqbollari borasida tadqiqotlar institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridir.

16. Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi

Oliy maktab mamlakat ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotining turli yo‘nalishlarida tizimli tadqiqotlar olib boradi. Tahliliy faoliyatda asosiy urg‘u milliy va mintaqaviy xavfsizlik masalalariga qaratilgan bo‘lib, o‘tkaziladigan tadqiqotlar keng jamoatchilik uchun yopiq xarakterda ekanligini ta’kidlash zarur.

17. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Davlat dasturlari, rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, milliy va xalqaro hamjamiyatga targ‘ib qilish masalalari Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi. Taraqqiyot strategiyasidagi islohotlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati va natijalarini izchil muhokama qilish, davlat organlari va xalq o‘rtasidagi ochiq muloqotni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishda o‘ziga xos zamonaviy media-maydon vazifasini o‘taydi.

18. Huquqiy muammolarni o‘rganish markazi

Sud-huquq tizimida muammolarni o‘rganish, huquqiy munosabatlar masalasida ilmiy tadqiqotlar olib borish, tahliliy materiallar tayyorlash, tizimni isloh qilishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, normativ-huquqiy xujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, qonunchilik hujjatlarini mustaqil huquqiy ekspertizadan o‘tkazish kabi yo‘nalishlar markaz tahliliy faoliyatining e’tibor markazida.

19. Huquqni muhofaza qilish akademiyasi

Akademiyaning vazifalari Prokuratura organlari faoliyatini ilmiy-metodik jihatdan ta’minlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish, qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasining dolzarb muammolari yuzasidan tizimli asosda ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarini amalga oshirish, qonunchilikni takomillashtirish, yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

20. “Yuksalish” umummilliy harakati

O‘zbekiston taraqqiyot strategiyalari va davlat dasturlari amalga oshirilishini, Prezident hujjatlari ijrosini va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini monitoring qilish, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy masalalarda ekspertlik baholashni tashkil etish, ijtimoiy so‘rovlar orqali tahliliy ma’lumotlar tayyorlash, Markaziy Osiyo mintaqasi ekspertlari uchun munozara maydonlarini tashkil etish Harakat faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sirasiga kiradi.

Izoh: Ro‘yxat alifbo tartibida tuzilgan

Qayd etish kerak, O‘zbekistonda ro‘yxatda keltirilgan “aql markazlari”dan tashqari Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti va Progressiv islohotlar markazi kabi bir qator tashkilotlar o‘z faoliyatini olib bormoqda. Umid qilamizki, bu kabi istiqbolli tashkilotlar yaqin kelajakda o‘zining ilmiy tadqiqotlari, tahliliy ishlari bilan o‘z ta’sir maydoniga ega bo‘ladi va jamiyatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati