@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Fuqarolik jamiyati haftaligi” boshlandi

 2023-11-14 15:31:54   |     Просмотров: 2768

5 kun, 13 ta hudud, 2 mingdan ziyod ishtirokchi, 22 ta mavzuda forumlar, ochiq muhokamalar, davra suhbatlari, taqdimot va taqdirlashlar

Bugun, 14-noyabr kuni O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkaziladigan “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ga start berildi. Haftalik to‘rt kun mobaynida ikki mingdan ziyod ishtirokchilar — vazirlik va idoralar, mahalliy boshqaruv organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ekspertlar, faol fuqarolar va ommaviy axborot vositalari vakillarini bitta “muloqot maydoni”ga jamlaydi.

Maqsad — O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni milliy va xalqaro hamjamiyatga yetkazish. Fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, tavsiya va takliflar ishlab chiqish.

Ochilish marosimida ta’kidlanganidek, bugun O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishda, davlat dasturlarini hayotga tadbiq qilishda, islohotlar samaradorligini oshirishda faol ishtirok etmoqda. Fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki kengaymoqda. “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyili asosida barcha masalalar bo‘yicha xalqimiz bilan bamaslahat ish tutilmoqda.

Davlat fuqarolik jamiyati institutlari va ularning tashabbuslarini nima uchun qo‘llab-quvvatlaydi? Javobi oddiy –ularning davlat va jamiyatni demokratlashtirishdagi o‘rni va ahamiyati, fikrlar xilma-xilligi, turli nuqtai nazarlarni inobatga olish muhimligi taraqqiyotning omili sifatida anglanmoqda.

Mustaqillikning ilk yillarida nodavlat notijorat tashkilotlari soni atigi 100 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib ular 10 mingtadan oshadi. So‘nggi 6 yilda adliya organlari tomonidan ro‘yxatga olingan yangi nodavlat notijorat tashkilotlari soni 3 188 tani tashkil etadi.

Jamoat tashkilotlari tashabbuslarini moliyalashtirishda jadal o‘sish kuzatilmoqda. Xususan, 2022-yilda fuqarolik jamiyati institutlarining dastur va loyihalariga 97 mlrd 755 mln so‘m miqdorida davlat grantlari, ijtimoiy buyurtmalar va subsidiyalari ajratilgan.

Keyingi yillarda fuqarolik jamiyati institutlarini rag‘batlantirish mexanizmlari ham maqsadli takomillashtirilib, kafolatlar mustahkamlanmoqda. Jumladan:

• 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi

• NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda davlat boji 5 baravarga

• ularning ramzlarini ro‘yxatdan o‘tkazish boji 2,5 baravarga

• nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar NNTlarini ro‘yxatga olish boji esa 50 foizgacha kamaytirildi

• NNTlarni davlat ro‘yxatga olish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish muddati 2 oydan 1 oyga qisqartirildi

• NNTlar barcha soliq va majburiy to‘lovlardan ozod etildi

Hozirda NNTlar faoliyati bilan bog‘liq barcha xizmatlar e-ngo.uz yagona portali orqali elektron tarzda ko‘rsatilmoqda. Har bir viloyat markazida fuqarolik jamiyati institutlari bepul joylashtiriladigan “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari” faoliyat ko‘rsatmoqda.

2021-yilda Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Konsepsiyada 5 yilga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab qo‘yildi.

Jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham

- O‘zbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha xabga aylantirish

- Ijtimoiy sheriklikda amalga oshiriladigan loyihalar sonini kamida 3 baravarga ko‘paytirish

- Davlat dasturlarida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat-tashkilotlari sonini kamida 80 taga yetkazish maqsadlari belgilandi.

Bugun faol fuqarolar, nodavlat tashkilotlari muhim masalalarni jamiyat kun tartibiga olib chiqmoqda. “Jamoatchilik eshituvi”, “jamoatchilik muhokamasi”, “jamoatchilik monitoringi” kabi ta’sirchan zamonaviy nazorat shakllarini amalda qo‘llamoqda. Mamlakatimizda joriy yilda o‘tkazilgan Konstitutsiya bo‘yicha referendum, prezidentlik saylovlarida ham fuqarolik jamiyati institutlari siyosiy faollik ko‘rsatdi. Bularning bari erkin va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lidagi dadil qadamlardir.

Haftalik doirasida respublikamizning 13 ta hududida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalariga oid 22 ta mavzuda forumlar, davra suhbatlari, jamoatchilik muhokamalari, TED Talks formatidagi tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Jumladan, “Ichimlik suvi ta’minoti va undan oqilona foydalanishning dolzarb masalalari” forumi, “O‘zbekistonda ijtimoiy mas’uliyatli biznes. U qanday bo‘lishi kerak?” biznes forumi, “O‘zbekistonning huquqiy tizimini nogironlik masalalarini hisobga olgan holda gender tengligini ta’minlash”, “Davlatning nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy hamkorligini takomillashtirish” mavzularida davra suhbatlari, shuningdek, “O‘zbekistonda samarali ma’muriy islohotlar jarayonida idoralararo muloqot va hamkorlik” kabi ekspertlik muhokamalari rejalashtirilgan.

An’anaga ko‘ra, Haftalik “Oramizdagi qahramonlar” loyihasida e’tirof etilgan hamyurtlarimizni hamda eng faol nodavlat notijorat tashkilotlarini taqdirlash marosimi bilan yakunlanadi.

17-noyabrga qadar davom etadigan Haftalik notijorat tashkilotlari, davlat idoralari va biznes hamjamiyati vakillari ishtirokida fuqarolik jamiyatining kelajagi va ularning rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish, tajriba va innovatsion g‘oyalar bilan almashish, yangi hamkorlar orttirish uchun “muloqot maydoni” bo‘lib xizmat qiladi.

Haftalik “Yuksalish” umummilliy harakati, Oliy Majlis Senati, Adliya vazirligi, Xalqaro press-klub va qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilmoqda.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati