@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Davlatning NNTlar bilan ijtimoiy hamkorligini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

 2023-11-16 15:38:00   |     Просмотров: 1590

Davlatning nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy hamkorligini takomillashtirish masalalari 16-noyabr kuni Toshkentda Fuqarolik jamiyati haftaligi doirasida tashkil etilgan davra suhbatida muhokama qilindi.

Maqsad – fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishdagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy buyurtmalarni taqsimlashning soddalashtirilgan mexanizmini yaratish, uning shaffofligi va samaradorligini ta’minlash. Shuningdek, “Ijtimoiy buyurtma to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish.

Tadbirda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari hamda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi vakillari ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.

Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligi va faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida 2021 — 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish belgilandi.

Ma’lumki, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo‘llab-quvvatlanadi.

Konsepsiyaning 12-bandida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yagona vertikal tizimini joriy qilish, bunda, davlat subsidiyalari, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar berish tartibini soddalashtirish nazarda tutilgan.

Biroq shu kunga qadar ijtimoiy buyurtmalar berish tartibi o‘ta murakkab va byurokratik bo‘lib qolmoqda. Davlat organlari ijtimoiy buyurtmalar ajratishni rag‘batlantirish, moliyalashtirishning aniq mexanizmi mavjud emas.

Tadbirda davlat va nodavlat tashkilotlari uchun ijtimoiy sheriklikning mavjud imkoniyatlariga, ijtimoiy sheriklik doirasida davlat, tadbirkorlik va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligiga, eng yaxshi xalqaro tajribalarga to‘xtalib o‘tildi. Bundan tashqari, ishtirokchilar tomonidan 2014-yilda qabul qilingan “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan NNTlar, xususan, “SABR” ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish markazi, Demokratiya va inson huquqlari instituti davlatning nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha erishgan natijalari bilan o‘rtoqlashdi.

Davra suhbati “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Oliy Majlis huzuridigi jamoat fondi, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi hamda Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati