@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Gender tengligini ta’minlash va gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish tizimini mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi

 2023-11-15 20:55:00   |     Просмотров: 1500

Joriy yilning 15-noyabr kuni Toshkentda parlament, vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga muvofiq gender tengligini ta’minlash va gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish tizimini mustahkamlash masalalari bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda gender tenglikka, ya’ni xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Sohaga oid 20 dan ziyod qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi. Strategiyaning asosiy maqsadi — irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy tengligini ta’minlashdan iborat.

Shuningdek, O‘zbekiston BMT Nizomining maqsad va prinsiplariga hamda xalqaro huquqning boshqa umume’tirof etilgan normalariga amal qilib keladi.

Davra suhbatida BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bo‘yicha majburiyatlarimizga amaldagi qonun hujjatlarining muvofiqligi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, milliy qonunchiligimizga nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar bilan bog‘liq jihatlarni, shuningdek, gender asosidagi zo‘ravonlikka javob berish tizimini mustahkamlash, nogiron ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini hisobga olgan holda tuzatishlar kiritish maqsadga muvofiq.

Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan ayollar turli kamsitishlarga, zo‘ravonlikka duchor bo‘layotgan holatlar yo‘q emas. Buning oldini olish va himoya qilish bo‘yicha xizmatlar nihoyatda cheklangan.

Mahalla institutlari, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlikning yetarli darajada yo‘qligi ma’lumotlardan foydalanishni qiyinlashtirmoqda. Butun mamlakat bo‘ylab nogironligi bo‘lgan ayollar tashkilotlarining kuchli tarmog‘i mavjud emas.

Bundan tashqari, tadbirda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yuritayotgan bir qator nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, Toshkent shahridagi “Sharoit Plyus”, Samarqand viloyatidagi “Rahmdillik” ayollar shelteri, Farg‘ona viloyatidagi “Mehrjon” va “Qalb nuri” tashkilotlari nogiron ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir yakunida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi:

- Huquqiy tizimni mustahkamlash, xalqaro inson huquqlari standartlariga, ayniqsa nogironlik va gender tengligi kontekstida muvofiqlikka olib keladigan yangi qoidalar va siyosatlarni joriy etish;

- Xotin-qizlarga nisbatan gender zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, aybdorlarni erta aniqlash va jazolashni joriy qilish;

- Gender zo‘ravonlikka uchraganlar uchun yuqori sifatli inklyuziv xizmatlar, jumladan, jismoniy va psixologik reabilitatsiya va huquqiy yordam ko‘rsatish;

- Fuqarolarning xabardorligini oshirish, bu jamoatchilik fikrini o‘zgartirishga yordam beradi va inklyuzivlik va tenglikni qo‘llab-quvvatlaydi.

Davra suhbati “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFRA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi. Forum 17 noyabrga qadar davom etadigan Fuqarolik jamiyati haftaligi dasturiga kiritilgan.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati