@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O‘zbekistonda ma’muriy islohotlarni amalga oshirishda sektorlararo muloqot va o‘zaro hamkorlik ekspertlar nigohida

 2023-11-15 19:01:00   |     Просмотров: 1623

Ma’muriy islohotlarni izchil davom ettirish yo‘lida idoralarning o‘zaro hamkorligi muhim o‘rin tutadi. Bu boradagi yutuqlar, tajribalar, xalqaro dasturlar joriy yilning 16-noyabr kuni davlat organlari, parlament, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida ochiq muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda islohotlar amalga oshirildi. Ularning eng muhimi, shubhasiz, davlat boshqaruvi bilan bog‘liq ma’muriy islohotlar hisoblanadi.

O‘zbekistonda ma’muriy islohotlarning yangi bosqichi 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilinishi bilan bog‘liq. Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilindi. Konsepsiyada nazarda tutilgan chora-tadbirlar natijasida, davlat organlarining sohaga oid bo‘lmagan vazifalarini qisqartirish hamda ularning faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali mazkur organlar tuzilmasi o‘rtacha 15 foizga maqbullashtirildi, shuningdek, 26 ta davlat organlari va tashkilotlarida 40 ta rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari qisqartirildi.

2022 — 2023-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturi ishlab chiqilishi bilan barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining qariyb 5 ming funksiyalari xatlovdan o‘tkazildi, 500 ga yaqin takrorlanadigan, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hamda amalga oshirish mexanizmlari bilan ta’minlanmagan funksiyalar aniqlandi.

2023-yil 1-yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining soni 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan, vazirliklar soni 25 tadan 21 tagacha qisqartirildi.

“O‘zbekistonda samarali ma’muriy islohotlarni amalga oshirish uchun sektorlararo muloqot va o‘zaro hamkorlik” mavzuidagi tadbirda so‘zga chiqqanlar ma’muriy islohotlar sohasidagi yutuqlar to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish va ushbu yo‘nalishda dasturlarni birgalikda amalga oshirish uchun keng jamoatchilikni jalb qilish mexanizmlariga to‘xtaldi. Davlat boshqaruvi sohasini isloh qilishda samarali muloqot va aholining ishtiroki bo‘yicha mavjud muvaffaqiyatli amaliyotlari, fuqarolik jamiyatini samarali mahalliy boshqaruv jarayoniga jalb qilish tajribalari bilan bo‘lishdi.

Joriy yilda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasidagi ma’muriy o‘zgarishlar, davlat xizmati va davlat sektorida kadrlar boshqaruvini isloh qilish, ma’muriy islohotlar doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham ma’ruzalar qilindi. Ularda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasidagi idoralararo hamkorlik, jarayonlarga fuqarolik jamiyatini jalb qilish va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik masalalariga urg‘u berildi.

Shuningdek, ma’muriy islohotlarda biznes hamjamiyatining ishtirok etish imkoniyatlari, uchrayotgan muammolar, davlat-xususiy sheriklik shaklidagi o‘zaro munosabatlar muhokama qilindi.

Muhokama yakunida ekspertlar va ma’ruzachilarning quyidagi tavsiyalari zaruriy deya baholandi:

- barcha manfaatdor tomonlarning fikrlarini, shu jumladan O‘zbekistondagi xalqaro agentliklarning strategiyalarini hisobga olgan holda davlat boshqaruvi sohasini isloh qilish jarayonlari va usullarini tahlil qilish;

- samarali davlat boshqaruvi sohasidagi dasturlarni ijro etishda jamoatchilik ishtiroki ulushini kengaytirish orqali islohotlarning mazmun-mohiyatidan xabardorlikni oshirish;

- samarali muloqot va davlat boshqaruvi sektorini isloh qilishda jamoatchilik ishtiroki uchun mavjud muvaffaqiyatli amaliyotlarni inventarizatsiya qilish va davlat, xususiy, nodavlat sektorlar o‘rtasidagi muloqotni takomillashtirish;

- sun’iy intellekt, raqamli platformalar kabi ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va ulardan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, byurokratik jarayonlarni qisqartirish;

- fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro munosabatlarni soddalashtirish.

“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) “Samarali boshqaruv” dasturi doirasida tashkil etilgan ushbu ochiq muloqot Fuqarolik jamiyati haftaligining asosiy tadbirlaridan biri bo‘ldi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati