@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Latviya elchisi bilan uchrashuv

 2023-12-05 19:30:00   |     Просмотров: 2990

Joriy yilning 5-dekabr kuni “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov Latviyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Reynis Troksha bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Latviya tashqi ishlar vazirligi vakillari Uldis Mikuts va Raymonds Vingris qatnashdi.

B.Bekmurodov mehmonlarni Harakatning maqsadi, vazifasi, salohiyati va imkoniyatlari bilan tanishtirdi. Bugunda Harakatning respublika bo‘ylab 14 ta hududiy bo‘linmasi faoliyat yuritayotgani, 50 mingdan ziyod a’zolariga, 100 dan ortiq mahalliy va xorijiy ekspertlar kengashiga ega ekani hamda mahalliy NNTlar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.

“Yuksalish” harakati va Latviya mahalliy boshqaruv organlari assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolangani, hozirda O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish bo‘yicha barqaror siyosatni rejalashtirish bo‘yicha qo‘shma loyiha amalga oshirilayotgani haqida so‘zlab berdi. Loyiha iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish hamda moslashish siyosatini takomillashtirishga qaratilgani bilan mamlakatimiz maqsad va manfaatlariga monand ekanini qayd etdi. O‘z navbatida, O‘zbekistonda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari, shuningdek, davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar haqida ham ma’lumot berdi.

Elchi Reynis Troksha keyingi 6-7 yil ichida O‘zbekistonda sud-huquq, davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va boshqa ijtimoiy sohalarda ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berganini, ko‘p vektorli tashqi siyosat olib borilayotganini alohida ta’kidladi. Islohotlar natijalari turli xalqaro reytinglarda o‘z aksini topib, xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Qariyb 20 yildan buyon O‘zbekiston Latviyaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori bo‘lib kelmoqda. Xususan, siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yilgan, parlamentlararo aloqalar ham rivojlanib bormoqda.

Mehmonlar mamlakatimizdagi islohotlarni ilgari surish, uni amalga oshirishga ko‘maklashish, fuqarolik jamiyati va biznes hamjamiyati bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazish, tavsiyalar ishlab chiqishda “Yuksalish” umummilliy harakatining hissasini yuqori baholadi va ushbu yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati