@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Jamoatchilik muhokamasi: Mehnat migrantlarining huquqlarini ta’minlash borasida qanday muammolar bor?

 2023-12-25 17:46:44   |     Просмотров: 1855

“Yuksalish” umummilliy harakati Oliy Majlis Senati bilan hamkorlikda joriy yilning 25-dekabr kuni “Mehnat migrantlarining huquqlarini ta’minlash: muammo va istiqbollar” mavzusida jamoatchilik muhokamasini tashkil etdi.

Tadbirda parlament, tegishli vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va ekspertlar ishtirok etdi.

Rasmiy manbalar hisob-kitobiga ko‘ra, bugungi kunda 2 milliondan ortiq o‘zbekistonlik xorijda mehnat qiladi, shundan 24,6%ini xotin-qizlar, 33,2%ini yoshlar tashkil etadi.

Mehnat migrantlari asosan Rossiya (1,3 mln), Qozog‘iston (223,0 ming), Turkiya (113,1 ming), Janubiy Koreya (66,8 ming) va boshqa (379,9 ming) davlatlariga ketmoqda.

Xorijdagi mehnat migrantlarining o‘rtacha 52,7 %i qurilish, 12,8 %i sanoat, 9,7 %i xizmat ko‘rsatish, 6,9 %i umumiy ovqatlanish, 6,7 %i savdo, 4,3 %i transport, 4,1 %i qishloq xo‘jaligi va 2,8 % boshqa sohalarda faoliyat yuritadi.

Mamlakatimizda mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq masalalarga davlat darajasida katta e'tibor qaratilmoqda. “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi prezident qarorlari qabul qilingan.

Hujjatlar asosida xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish, kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish orqali fuqarolarni xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishlariga ko‘maklashish, mehnat migrantlariga huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatish, xorijdan qaytgan mehnat migrantlari bandligini ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

“2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini “Insonga etibor va sifatli talim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi”ning 265, 266 va 267-bandlarida ham xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini ta’minlash hamda samarali migratsiya siyosatini yuritish borasidagi vazifalar belgilangan.

Joriy yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Buyuk Britaniyaning “Gangmasters of Labour Abuse Authoriies” (GLAA) davlat tashkiloti bilan memorandum imzoladi.

Mamlakatimizda mehnat migratsiyasi masalasiga qarash o‘zgargani, mavjud muammolar ochiq-oydin aytilayotgani, vatandoshlarimizning huquqini tiklash borasida choralar ko‘rilayotgani ta’kidlandi.

Yil boshidan 169 497 nafar xorijdagi mehnat migrantlariga axborot-maslahat xizmatlari, 9752 nafariga huquqiy yordamlar ko‘rsatilgan.

Tadbirda mehnat migratsiyasi sohasida saqlanib qolayotgan qator muammolar tilga olindi. Jumladan, noqonuniy mehnat migratsiyasining katta oqimi, fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tarzda ishga joylashtirish, shuningdek, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarning bandligini ta’minlash ko‘rsatkichlari past darajada ekani, xususiy bandlik agentliklari tomonidan ko'rsatilayotgan sifatsiz xizmatlar, me'yoriy hujjatlar yoki boshqa dasturlarni ishlab chiqishda vatandoshlar bilan muloqot qilish uchun yagona platforma yo'qligi kabi masalalar muhokama qilindi.

 

— Mehnat migrantlarining faoliyatini ijtimoiy muhofaza qilish va ularning himoyasiz qolishiga, kamsitishlarga duchor bo‘lishiga olib keluvchi noqonuniy migratsiya masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda, - deydi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyev. — Noqonuniy tashqi mehnat migratsiyasi ortidan migrantlarimizning odam savdosi tarmoqlariga kirib qolayotgani, ekstremistik va terroristik tashkilotlarga, giyohvand moddalar tashuvchi uyushgan jinoiy guruhlarga qo‘shilib qolayotgani mamlakat imijga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonda migratsiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadlari qatorida quyidagilar bo‘lishi qayd etildi:

- migratsiya jarayonlarini samarali boshqarish

- migratsiya jarayonlarining yo‘nalishlari, sur’ati va ko‘lamini yetarli darajada tartibga solinishiga erishish

- migrantlar huquqlarini ta’minlashda zarur bo‘lgan huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy, ijtimoiy va madaniy shart-sharoitlarni yaratish

- xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini qo‘llab-quvvatlash

- xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari, migrantlar istiqomat qilayotgan mamlakatning qonunlariga asosan o‘zbekistonlik migrantlarning huquqlarini himoya qilishda yordam ko‘rsatish

- migrantlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash

- ommaviy "aql ko‘chishi"ning oldini olish uchun o‘zbekistonlik yuqori malakali kadrlarning mamlaktdagi mehnat faoliyatini rag‘batlantirish.

Jamoatchilik muhokamasi yakunida mutasaddi tashkilotlar, parlament vakillari vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi.

Ushbu tadbir AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan "Markaziy Osiyodagi ijtimoiy innovatsiyalar" dasturi doirasida Yevroosiyo jamg'armasi ko'magida tashkil etildi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati