@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Internetdagi firibgarlik: muammo va yechimlar

 2024-03-11 20:59:44   |     Просмотров: 3253

So‘nggi vaqtlarda fuqarolarning ishonchiga kirib, bank plastik kartochkalari va bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilish kabi firibgarliklar soni ortmoqda. Bunday firibgarlik turlarining yanada avj olmasligi, undan himoyalanish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida “Yuksalish” harakati “O‘zbekistonda kiberfiribgarlik: muammo va yechimlar” mavzusida jamoatchilik muhokamasini o‘tkazdi.

Onlayn formatdagi tadbirda mas’ul vazirlik va idoralar, raqamli sohada faoliyat olib boruvchi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Bugungi kunda Internetda qaysi turdagi firibgarlik keng tarqalgan? Fuqarolarimiz nimalardan ehtiyot bo‘lishi kerak? Shaxsga doir ma’lumotlar tarqalishining oldini olish uchun nimalarga ahamiyat berish zarur? Jamoatchilik muhokamasida soha mutaxassislari ushbu savollarga javob berdi.

Ma’lumot uchun: Internetdagi firibgarlikning ko‘p tarqalgan turlaridan biri – fishing. Bunda firibgarlar soxta saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda soxta akkauntlar, elektron xat jo‘natmalarini yaratish orqali fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini (ismi-sharifi, plastik karta paroli, raqami va hk.) o‘g‘irlab oladi.

Karding deb ataluvchi yana bir firibgarlik turida fuqarolarning bank plastik kartalari bilan bog‘liq maxfiy ma’lumotlari o‘g‘irlanib, hisoblaridagi pullar yechib olinadi. Bunda internet do‘konlarining serverlariga, hisob va to‘lov tizimlariga buzib kiriladi.

— Bir necha yillar avval uyali telefonlarga “... yo‘lda mashinam buzilib, Qamchiq dovonida qolib ketdim. Menga sizning yordamingiz kerak. Telefonimga ozroq pul tashlab yuboring” degan mazmunda SMS- xabarlar kelardi. Bu fishingni dastlabki turi edi, - deydi “Kiberxavfsizlik markazi” DUK bo‘lim boshlig‘i Jahongir Mahmudov. — Keyinroq ijtimoiy tarmoqlar ommalashgach, firibgarlar ularga ko‘chdi. Soxta va virusli havolalar yaratib, elektron pochtalar, Telegram messenjerlar orqali sodda odamlarni “qarmog‘i”ga ila boshladi. Telefon firibgarlik ham bor, bunda ular istalgan fuqaroga qo‘ng‘iroq qiladi va o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, “kartangizdan pul o‘g‘irlangan, parolini bersangiz saqlab qolamiz” deb aldaydi.

Mutaxassislar fuqarolarga noma’lum havolalarga kirmaslikni, notanish kimsalarning qo‘ng‘iroqlariga javob bermaslikni yoki gaplariga ishonmaslikni tavsiya qiladi. Ko‘p hollarda shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanishida odamlarning o‘zlari sababchi bo‘lib qolmoqda.

“Kiberxavfsizlik markazi” vakilining ta’kidlashicha, davlat idoralari ham bunday kiber “xujum”lardan xoli emas. Firibgarlar idoralarning elektron pochtalariga xavfli havolalarni yuborishi, devonxona xodimlari bilmagan holda ushbu havolani ochishi, oqibatda tashkilotning ma’lumotlari tarqalib ketishi mumkin.

Tadbirda fuqarolarning Internetdagi firibgarlar “qarmog‘i”ga ilinmasligi uchun ularning moliyaviy-huquqiy savodxonligini oshirish kerakligi alohida qayd etildi. Ko‘pchilikda kiberxavfsizlik bo‘yicha tushuncha yo‘q.

Shuningdek, firibgarlar odamlarning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Markaziy bank yoki biror tijorat banki xodimi deb tanishtirib, uning mobil ilovasi buzilganini, bank kartasi blokka tushganini, nomiga kredit ochilganini, chorasini ko‘rishga yordam berishini aytib, ishonchiga kiradi.

— Bank xodimiman deb qo‘ng‘iroq qilib, raqam so‘ralsa, bunga mutlaqo ishonib bo‘lmaydi, - deydi Markaziy bank xodimi Olimjon Talipov. – Chunki bank hech qachon mijozlarining raqamlarini so‘ramaydi. Firibgarlar, odatda, bir xil ssenariy bo‘yicha ish tutadi. Bilmasdan go‘shakni ko‘tarib, gaplasha boshlasangiz va keyinroq qaytarib qo‘ng‘iroq qilaman desangiz, ular rozi bo‘lmaydi, “tezroq kerak”, “hoziroq”, “keyin tushuntiraman” kabi so‘zlar bilan shoshiltirishga, vahimaga solishga urinadi. Firibgarlikni aniqlash uchun ularni ssenariydan tashqariga chiqishga undash kerak. Darhol bank raqamiga qo‘ng‘iroq qilib aniqlik kiritish ham mumkin.

Mutaxassislar bunday vaziyatda telefonga kelgan SMS-kodni, login va parollarni hech qachon, hech kimga aytmaslikni, bank kartasi yo‘qolgan taqdirda mobil ilova orqali kartani bloklashni va xizmat ko‘rsatuvchi bankka hamda IIBga murojaat qilish kerakligini tavsiya qiladi.

Tadbirda ishtirok etgan “CYBERPARK” kompaniyasi direktorining o‘rinbosari Abdulla Choriyev kibergigiyena tushunchasiga to‘xtalib o‘tdi.

— Hozir texnologiyalar asri, barcha sohalar raqamlashtirilmoqda. Bu bilan odamlarning xabardorlik darajasini oshirish maqsadida maktablarda ochiq darslar tashkil qilyapmiz. Yosh bolalar va yoshi kattalar aholining eng zaif nuqtalari hisoblanadi. Aynan shu yoshdagilar bilan kiberxavflar bo‘yicha ko‘proq ishlash kerak. Kibergigiyenani ta’limga kiritish vaqti kelgan.

Joriy yilgi Davlat dasturida yoshlar o‘rtasida IT sohasini yanada ommalashtirish, yoshlarni xalqaro kompaniyalar talablariga mos dasturlar asosida tayyorlash vazifalari belgilangan. Buning ijrosiga mas’ul – Raqamli texnologiyalar vazirligidir. Tadbirda qatnashgan vazirlik vakili Farhod Belonogov bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi:

— Axborot texnologiyalari sohasidagi malakali mutaxassislarni shakllantirishga xizmat qiluvchi ta’lim dasturlarini qo‘llab-quvvatlashda davlatning roli kam emas. Jumladan, “Bir million dasturchi” dasturi doirasida boshlang‘ich bosqichdan professional darajagacha bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash va sertifikatlash imkonini beruvchi qator xalqaro dasturlar bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Vazirlar Mahkamasining 2021-yildagi qaroriga muvofiq, yoshlarning xalqaro sertifikatlari xarajatlarini qoplash tartibi joriy etildi, bu haqdagi ma’lumotlar IT-Istedod platformasida mavjud. Bugun xususiy kompaniyalar axborot texnologiyalari rivojiga katta hissa qo‘shayotganini, startap, innovatsion loyihalar va ilmiy tadqiqotlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. IT Park'lar davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yorqin namunasidir.

Muhokamada Internet tarmog‘i orqali sodir etilayotgan kiberjinoyatlarning oldini olish, sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash, kiberxavfsizlikni ta’minlashda davlat idoralari va xususiy sektor hamkorligini muvofiqlashtirish borasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish kerakligi, shuningdek, kiberjinoyatlarga qarshi kurashuvchi malakali mutaxassislarni tayyorlash zarurligi va soha ekspertlarining maxsus guruhini tashkil qilish takliflari berildi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu tadbir AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyodagi ijtimoiy innovatsiyalar” dasturi doirasida Yevroosiyo jamg‘armasi ko‘magida tashkil etildi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati