@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Huquqiy aksiya: 30 ta lokatsiyada 2 mingga yaqin fuqaroga maslahatlar berildi

 2024-03-29 16:19:41   |     Просмотров: 2850

Joriy yilning 27—28-mart kunlari “Yuksalish” harakati, O‘zbekiston Notarial palatasi va “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida “Notariuslardan bepul huquqiy bilimlar” shiori ostida navbatdagi aksiya o‘tkazildi.

Maqsad – fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, aholi bilan muloqot mexanizmini yaratish, huquqni qo‘llash sohasida muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan fikr-mulohazalarni tayyorlash. Shuningdek, fuqarolarga turli huquqiy muammoli masalalarda amaliy yordam ko‘rsatish.

Bu galgi aksiyada respublikamizning 30 ta lokatsiyasida 137 nafar notarius va yurist xodimlari tomonidan 1 660 dan ziyod fuqaroga yakka tartibda bepul huquqiy maslahatlar berildi. Bundan tashqari, aholi bilan 30 dan ziyod davra suhbarlari va uchrashuvlar o‘tkazildi.

Aksiya davomida fuqarolardan ijtimoiy-huquqiy masalalari bo‘yicha – 906 ta, avtotransport oldi-sotdisi – 360 ta, mehnat va oilaviy munosabatlar – 270 ta, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi – 220 ta, vasiyatnoma va meros – 170 ta, hujjat tarjimasini tasdiqlash va migratsiya masalalari – 74 ta murojaat kelib tushdi va ularga tushuntirishlar berildi. 500 dan ziyod guqaroga turli masalalarda ariza yozishda yordam berildi.

Huquqiy aksiyada eng ko‘p fuqaro Qashqadaryo viloyatida ishtirok etdi – 249 nafar.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunining Notarial palataga bag‘ishlangan bobida aholining huquqiy bilimlarini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish belgilab qo‘yilgan.

“Yuksalish” harakati va Notarial palata o‘rtasidagi hamkorlik 2020-yil sentyabr oyida ikki tashkilot o‘rtasida imzolangan Memorandum doirasida yo‘lga qo‘yilgan. Shu vaqtgacha fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, notariat sohasini isloh qilish jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ekspert va olimlarni faol jalb etish, shu jumladan, xayriya tadbirlari va joylarda targ‘ibot ishlarini o‘tkazish bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati