@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Tashabbusli budjet” 2023: jamoatchilik monitoringi natijalari

 2024-08-21 17:45:49   |     Просмотров: 4225

2019-yilda O‘zbekistonda tashabbuskor budjetlashtirish mexanizmi joriy etildi. O‘tgan yillar davomida millionlab fuqarolar yangi imkoniyatlardan xabardor bo‘lib, jamoatchilikning qiziqishi va faolligi ortib bormoqda.

Oxirgi uch yilda “Tashabbusli budjet” jarayonlarini moliyalashtirish 8 baravarga – 530 milliard so‘mdan 4115 milliard so‘mgacha oshdi.

“Tashabbusli budjet” loyihasi joylarda ijtimoiy muammolarni hal etishda davlat va jamiyat o‘rtasida ijtimoiy ko‘prik vazifasini o‘taydi. Tahlillarga ko‘ra, 2019-yilda tanlovlarda 87 755 kishi ishtirok etib, 28 704 ta loyihaga ovoz bergan bo‘lsa, 2023-yilda 18 million fuqaro ushbu jarayonlarga jalb etilgan bo‘lib, 49 464 ta loyihaga ovoz bergan.

“Yuksalish” harakati tomonidan 2023-yilda “Tashabbusli budjet” tanlovlarida g‘olib bo‘lgan loyihalar holati yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi.

Bunda g‘olib bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish jarayonlari, ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, bu boradagi mahalliy aholi fikri o‘rganildi.

Ma’lumot uchun: 2023-yilda “Tashabbusli budjetning” birinchi mavsumida 2985 tashabbus, ikkinchi mavsumida 1192 tashabbus, “Mening yo‘lim” dasturida esa 514 tashabbus g‘olib deb topilgan. Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun budjetdan jami 4719,7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Shuningdek, monitoring doirasida 433 ta loyihaning amalga oshirilishi oʻrganilib, 1408 nafar respondent oʻrtasida anonim ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazildi.

Loyihalarning 201 tasi ta’lim, 89 tasi sog‘liqni saqlash, 106 tasi yo‘llar, 27 tasi infratuzilmani yaxshilash, 5 tasi ichimlik suvi, 5 tasi elektr energiyasi va tabiiy gaz masalalariga tegishli.

So‘rov ishtirokchilarining aksariyati “Tashabbusli budjet” tajribasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va bu jarayon keng jamoatchilik orasida ijobiy baholandi.

Biroq, o‘rganishlar davomida loyihalarni amalga oshirishda qator kamchiliklar borligi ma’lum bo‘ldi.

O‘rganilgan obyektlarning 121 tasida, ya’ni 28 foizida loyihalar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi, ishlar sifatsiz bajarilganligi yoki xanuzgacha tugallanmaganligi, shuningdek, ajratilgan mablag‘lar boshqa maqsadlarga yo‘naltirilganligi kabi qator kamchiliklar mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

O‘z navbatida, ushbu loyihalar uchun 520 ming nafar aholi ovoz bergan bo‘lib, mavjud kamchiliklar ularning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xususan, o‘rganilgan obyektlardan, 24 tasi bugungi kunga qadar foydalanishga topshirilmagan.

Toshkent viloyatida 4 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Namangan, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida 3 tadan, Andijon viloyatida 2 ta, Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida 1 tadan 2023-yildagi “Tashabbusli budjet” tanlovlarida g‘olib deb topilgan loyihalar bugungi kunga qadar amalga oshirilmagan.

Jumladan, Nukus shahri 27-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining tashqi fasadi va panjaralarini yangidan ta’mirlash ishlarini amalga oshirish loyihasi 3417 nafar fuqaro ovozi bilan g‘olib deb topilgan. Ta’mirlash ishlari uchun avans mablag‘lari 2024-yil 20-fevralda to‘lab berilgan. Ushbu obyekt bugunga qadar foydalanishga topshirilmagan.

Andijon tumanidagi 43-umumta’lim maktabiga zarur bo‘lgan jihozlar sotib olish orqali moddiy-texnik bazasini rivonlantirish loyihasi g‘olib deb topilgan. Loyiha doirasida xarid qilingan 41 turdagi jihozlardan 7 turdagisi yetib kelmagan. Shuningdek, xarid qilinishi lozim bo‘lgan 5 turdagi jihozlar smeta hujjatlarida tasdiqlangan miqdorga nisbatan kam miqdorda yetkazib berilgan.

Peshku tumani “Obidxo‘ja” qishlog‘idan o‘tadigan yuqori bosimli gaz quvuridan “Obod turmush” qishlog‘ini tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun gaz quvurini o‘tkazish loyihasi 5563 ta ovoz bilan g‘olib bo‘lgan. 2024-yil 15-martda "Hududgazta’minot" AJ tomonidan loyihani amalga oshirishga qo‘shimcha ravishda 1580,0 mln so‘m mablag‘ talab etilishi tufayli loyihani amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligi ma’lum qilingan. Xalq deputatlari Peshku tuman kengashining 2024-yil 23-apreldagi tegishli qaroriga asosan ushbu loyiha doirasida ajratilgan mablag‘ “Tashabbusli budjet jamg‘armasi”ga qaytarilgan va loyiha amalga oshirilmasdan qolgan.

G‘ijduvon tumani “Biyosin” MFYda joylashgan eski binoni ta’mirlash hamda shu binoda kutubxona ochish loyihasi g‘olib deb topilgan. Mazkur loyiha bo‘yicha 2023-yil aprel oyida ishlar boshlangan bo‘lsada, loyiha xanuzgacha foydalanishga topshirilmagan. Loyihani foydalanishga topshirish muddati asossiz ravishda 2024-yil 31-dekabriga qadar uzaytirib qo‘yilgan.

Chust tumanidagi “Yakkabuloq” MFYda tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 1200 metr tabiiy gaz tarmog‘ini tortish loyihasi g‘olib deb topilgan. Bugungi kunda loyihada ko‘rsatilgan vazifalar to‘liq bajarilgan bo‘lishiga qaramasdan, monitoring guruhiga ma’lum qilinishicha tuman hokimining og‘zaki topshirig‘iga asosan markaziy gaz tarmog‘iga ulanmagan.

Chirchiq shahridagi 6-sonli umumta’lim maktabida zamonaviy sport zalini qurish va sport anjomlari bilan ta’minlash loyihasi 2023-yil ikkinchi mavsumda g‘olib deb topilgan. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlariga ekspertiza xulosalari taqdim etilmaganligi sababli bugunga qadar ishlar boshlanmagan.

O‘rganilgan obyektlardan 88 ta loyiha sifatsiz bajarilgan

Namangan viloyatida 24 ta, Jizzax viloyatida 13 ta, Samarqand viloyatida 10 ta, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida 7 tadan, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida 6 tadan, Navoiy va Toshkent viloyatlarida 4 tadan, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida 3 tadan va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ta loyihalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sifatsizligi aniqlandi.

Jumladan, Shofirkon tumanidagi 44-sonli umumta’lim maktabida 80 o‘rinli yangi o‘quv bino qurish loyihasi g‘olib deb topilgan. O‘rganishlar jarayonida bugungi kunda qurilish ishlari yakunlangan bo‘lsada, binoning ichki devorlari qurimay turib, bezak ishlari amalga oshirilganligi sababli devorlari sifatsiz holga kelib qolgan. Binoning pol qismi va yo‘laklarida beton qoplamali tekislash ishlari sifatsiz, notekis bajarilgan. Notekis qoplama ustidan to‘shama yotqizilgan.

Bundan tashqari, ushbu obyektning loyiha-smeta hujjatlarida ko‘zda tutilgan bir qancha ishlar amalga oshirilmagan. Loyihaga kiritilgan quyosh panellari hamda binoning ichki va kirish qismiga kuzatuv kameralari o‘rnatish ishlari amalga oshmagan, yong‘indan ogohlantiruvchi signalizatsiya jihozlari va yong‘inga qarshi kurashish burchagi o‘rnatilmagan. Kamchiliklar bo‘lishiga qaramasdan tegishli komissiya tomonidan maktab binosi foydalanishga qabul qilingan va dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Buxoro shahridagi 1-sonli umumta’lim maktabining hojatxonasini kapital ta’mirlash loyihasi g‘olib deb topilgan. O‘rganish jarayonida obyektning foydalanishga topshirilganiga ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsada, bugungi kunda tashqi devorlarning 1,5 metr balandlikdagi suvoq qismi to‘kilib tushgan va ichki qismi antisanitar holatga kelgan.

Namangan shahridagi 9-oilaviy poliklinikaga quyosh panellarini o‘rnatish va muassasaning yangi kanalizatsiya tizimini qurish loyihasi g‘olib deb topilgan. Quyosh panellari sifatli o‘rnatilgan. Oilaviy poliklinikada yangi tortilgan kanalizatsiyaning yo‘l bo‘ylab tortilgan qismida cho‘kishlar mavjud. Loyihani amalga oshirish jarayonida yer relefining past-balandliklari inobatga olinmaganligi natijasida oqova suvi tiqilib atrofga badbo‘y hid taralmoqda. Bu vaziyat poliklinika atrofidagi aholining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Sherobod tumani “Qo‘rg‘on” mahallasida joylashgan 1-sonli umumta’lim maktabida sun’iy maydon qurish va sport jihozlari bilan ta’minlash loyihasi g‘olib deb topilgan. Qurilish-montaj ishlari yakunlangan. Obyektlarni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risida davlat qabul komissiyasi tomonidan dalolatnoma tuzilgan. Sun’iy chim qoplama stadionga belgilangan standart asosida qo‘yilmaganligi sababli hozirda foydalanishga yaroqsiz holatda.

Tanlovlarda g‘olib deb topilgan 68 ta loyihalar foydalanishga topshirilgan bo‘lsada, to‘liq bajarilmagan

Namangan viloyatida 25 ta, Samarqand viloyatida 8 ta, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida 6 tadan, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida 5 tadan, Andijon viloyatida 4 ta, Buxoro, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida 3 tadan, Navoiy viloyatida 2 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ta loyihalar to‘liq bajarilmagan.

Jumladan, Jalaquduq tumani 44-umumta’lim maktabi hududiga yangi sport zali qurish loyihasi tanlovlarda g‘olib deb topilgan. Qurilish ishlari 2023-yilning noyabr oyida boshlangan bo‘lsada, bugunga qadar qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmagan. Monitoring jarayonida yangi qurilgan sport zali binosida o‘quvchilar uchun kiyinish xonasi oxirigacha bitkazilmagan, bino ichidagi hojatxonalarda qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlanmasdan chala holda tashlab ketilgan. Shuningdek, bino yoniga kanalizatsiya uchun kovlangan chuqurlik ham chala holatda tashlab ketilishi oqibatida mazkur obyektdan to‘laqonli foydalanishning imkoni yo‘q.

Buxoro shahridagi 42-davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatida 100 o‘rinli oshxona barpo etish loyihasi tanlovlarda g‘olib deb topilgan. Loyiha rejasidan farqli ravishda 50-60 o‘rinli oshxona qurilgan.

Ishtixon tumanida Azamat MFY Azamat va Oqchiroqosti qishloqlarining 4 km ichki yo‘llarini asfalt qilish loyihasi 19 198 ovoz bilan g‘olib deb topilgan. Loyihada ko‘rsatilgan 4 km ichki yo‘l o‘rniga 3,5 km yo‘lga asfalt yotqizilgan.

Toshloq tumanidagi 41-umumta’lim maktabini mukammal ta’mirlash hamda 20 KVtli quyosh batareyasi o‘rnatish loyihasi g‘olib deb topilgan. Maktab 2 ta binodan iborat bo‘lib, bitta bino ta’mirlangan, ikkinchisi ta’mirlanmagan. Yog‘och derazalar olib tashlanib, o‘rniga 27 ta, yangi profildan yasalgan deraza o‘rnatilishi belgilangan. Shundan 15 tasi o‘rnatilgan, qolgan derazalar o‘rnatilmagan, binoning asosiy kirish qismidagi 300m² hududi asfaltlanmagan.

3 ta loyiha uchun ajratilgan mablag‘lar tashabbusda ko‘rsatilmagan ishlarga yo‘naltirilgan

Chortoq tumanidagi 5-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatida quyosh paneli va 10 KVtlik akkumulyator o‘rnatish hamda binolarini kapital ta’mirlash va moddiy texnik bazasini boyitish loyihasi g‘olib deb topilgan. Quyosh paneli va akkumulyator loyihaga muvofiq o‘rnatilgan. Rejaga kiritilgan binolarni ta’mirlash va moddiy texnik bazasini boyitish o‘rniga internatga qurilish tashkiloti tomonidan 40 metrlik devor qurib berilgan.

Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 4-sonli umumta’lim maktabiga oshxona qurish va jihozlash loyihasi g‘olib deb topilgan. Loyiha-smeta hujjatlari asosida oshxona qurilgan. Oshxona zarur jihozlar bilan ta’minlanmagan. Ushbu maqsadga ajratilgan mablag‘larga loyihada aks ettirilmagan quyosh paneli o‘rnatilgan.

Chirchiq shahridagi 37-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosining ichki qismini mukammal ta’mirlash, bolalar ayvonchasi qurish hamda hududni asfaltlash, binoning fasad qismini, sport o‘yingohi, oshxona binosi va omborxona binolarini mukammal ta’mirlash loyihasi g‘olib deb topilgan. Mazkur obyektda loyiha-smeta hujjatlaridagi mablag‘lar noto‘g‘ri taqsimlanganligi sababli bino ichki qismidagi xonalarning ayrim qismlarida pol almashtirilib, qolgan qismi eski holida qoldirilgan va hojatxonalar to‘liq ta’mirlanmagan.

Ma’lumki “Tashabbusli budjet” jarayonlarida amalga oshirilgan loyihalar bo‘yicha “Open budjet” portalida ishlarning sifatiga jamoatchilik tomonidan baho berish imkoniyati yaratilgan. Monitoring davomida o‘rganilgan obyektlarning 49 tasida tizimda berilgan baho bilan haqiqiy holatdagi ishlarning sifati va aholi fikri o‘rtasida tafovut borligi aniqlandi.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati bo‘yicha openbudget.uz saytida joylashtirilgan loyihalarni amalga oshirish xronologiyasi bo‘yicha yagona buyurtmachi korxonalar tomonidan loyiha va pudratchi tashkilotlarni aniqlash yuzasidan o‘tkazilgan tender savdolariga oid ochiq ma’lumotlar tahlil qilinganda, “Qashqadaryo mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” va “Qashqadaryo viloyat hokimligi yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonalari tomonidan pudratchi tashkilotlarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tenderlarda turli xil pudratchi tashkilotlar g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, loyiha tashkilotini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tenderlarda asosan 2 ta yoki 3 ta bir xil loyiha tashkilotlari g‘olib bo‘lganligi aniqlandi.

Jamoatchilik nazorati tadbirlari davomida “Tashabbusli budjet” tanlovlari jarayonining olib borilishi va loyihalarining amalga oshirilishi yuzasida aholi fikrini o‘rganish maqsadida respublikaning barcha hududlarida jami 1408 nafar respondentlar o‘rtasida anonim so‘rov o‘tkazildi.

So‘rovda 664 nafar (47%) budjet tashkilotlari xodimlari, 347 nafar (25%) talabalar, 289 nafar (20%) faol fuqarolar va 108 nafar (8%) boshqa soha vakillari ishirok etdi.

So‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 50 foizi o‘zi yashab turgan mahallalarda ilgari surilgan loyihalar “Tashabbusli budjet” tanlovlarida g‘olib deb topilgan va ular tanlovlarda bevosita ishtirok etgan. Ishtirokchilarning 36 foizi bunday loyihalar bo‘lmaganligini ma’lum qildi.

Shuningdek, so‘ngi vaqtlarda tanlovlar boshlanganda ijtimoiy tarmoqlarda budjet tashkilotlari xodimlarining loyihalarga ovoz yig‘ishga majburlanishi holatlari kuzatilmoqda. Shu sababdan so‘rovda ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida respondentlar fikri o‘rganilganda ularning 84 foizi bu kabi holatlarga duch kelmaganini ta’kidladi. Biroq, respondentlarning 11 foizi ovoz yig‘ish jarayonlariga yaqinlari majburanganligi guvohi bo‘lganligini ta’kidlagan bo‘lsa, ishtirokchilarning 5 foizi shaxsan ish joyidan ovoz yig‘ishga majburlanganligini bildirgan.

Tanlovda g‘olib deb topilgan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli foydalanishga topshirilishi bevosita ovoz bergan aholining kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Ishtirokchilarning 65 foizi loyihalar o‘z vaqtida topshirilayotganligini bildirgan bo‘lsa, 35 foizi loyihalar foydalanishga topshirish muddatlaridan kechikishi va bugunga qadar foydalanishga topshirilmaganlik holatlari borligini ta’kidladi.

Ishtirokchilarning 60 foizi foydalanishga topshirilgan loyihalarda amalga oshirilgan ishlar sifatli ekanligini ta’kidlagan bo‘lsa, ularning 28 foizi ishlar sifati o‘rtacha va 12 foizi sifatsiz ekanligini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, tanlovlarga chiqarilayotgan loyihalarning adolatlilik prinsipi bo‘yicha respondentlar fikri o‘rganilganda ishtirokchilarning 18 foizi tanlovda qatnashayotgan loyihalar adolatsiz ishlab chiqilgan degan fikrdaligi ma’lum bo‘ldi.

“Yuksalish” harakati jamoatchilik va ekspertlar fikrini inobatga olgan holda quyidagilarni taklif qiladi:

- g‘olib bo‘lgan loyihalar uchun ajratilgan mablag‘larni maqsadli yo‘naltirishni ta’minlash uchun ishlab chiqilayotgan loyiha-smeta hujjatlarini tashabbuskor guruhlar bilan kelishish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;

- ijtimoiy soha obyektlarini ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha obyekt joylashgan hudud aholisining faollaridan tashkil topgan nazorat guruhlarini tuzish va ularga qurilish sifatini nazorat qilib borishga ko‘maklashish;

- qat’iy ravishda loyihani bajarish uchun buyurtmachilar tomonidan pudratchilar bilan shartnomalarni rasmiylashtirishda pudratchiga loyiha-smeta hujjatlarida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarni loyiha tashabbuskoriga taqdim etish majburiyatini yuklash to‘g‘risida qo‘shimcha band kiritish;

-  g‘olib bo‘lgan loyihalar bo‘yicha obyektlarda bajarilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan loyiha pasportini pudratchi tashkilot tomonidan qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgan obyektning tashqi qismiga o‘rnatish majburiyatini yuklash;

- obyektlarni foydalanishga topshirish jarayonida jamoatchilik vakillari ishtirokini ta’minlash;

- “Tashabbusli budjet” jarayonida adolatni ta’minlash maqsadida, ijtimoiy obyektlarni alohida, mahalla infratuzilmasini alohida mavsumlarga ajratish va moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari va boshqa o‘zini-o‘zi moliyalashtirish mumkin bo‘lgan budjet tashkilotlari loyihalarini tanlovlarga kiritmaslik;

- mahallada istiqomat qiluvchi aholi soni miqdorida ovoz to‘plagan loyihalarni g‘olib deb e’lon qilish orqali aholi soni kam bo‘lgan mahallalarga imkoniyat yaratish;

- ovoz berish jarayonlarida openbudget.uz saytini barqaror ishlashini ta’minlash va jamoatchilik nazorati natijalari yuzasidan loyihalarga status berish tizimini takomillashtirish.