“Yuksalish” harakati raisi OIIB vakili bilan uchrashdi
“Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankining (OIIB) Kommunikatsiyalar departamenti bosh direktori Jeffri Haydey bilan uchrashdi.
Ikki tomonlama o‘tkazilgan muloqot dolzarb masalalar yuzasidan o‘zaro tajriba va fikr almashish imkonini berdi. Tadbir davomida OIIB vakiliga “Yuksalish” harakatining faoliyati va amalga oshirilayotgan loyihalari, jumladan, davlat dasturlari doirasidagi ishlari, shuningdek, “Tashabbusli byudjet” monitoringi, ijtimoiy sheriklik loyihalarida xalqaro standartlarning joriy etilishi haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, “Yuksalish” harakati raisi xalqaro tashkilotlar ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, ijtimoiy sohani rivojlantirish, infratuzilmadagi o‘zgarishlar va boshqa yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi. 70 dan ortiq faol ishtirokchilarni o‘z ichiga olgan Markaziy Osiyo ekologik tarmog‘i ishga tushirildi va mintaqaviy darajada Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi va “Markaziy Osiyo mamlakatlari ekspertlar alyansi” o‘tkazildi, bu esa mintaqa mamlakatlari mutaxassislari va ekspertlari oʻrtasida fikr almashish platformasini ishlab chiqish imkonini berdi.
“Yuksalish” harakati bo‘lim boshlig‘i Shamshod Yunusov O‘zbekistonning Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan Jahon banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihaga to’xtalib o’tdi. Joriy yilda qon topshirish bo'yicha yana bir muhim ijtimoiy loyiha amalga oshirilmoqda, u sentabr oyida hududlarni qamrab oladi, avvalroq aksiya poytaxtda qo'llab-quvvatlangan edi.
Mutaxassislar bilan hamkorlikda dolzarb mavzular o‘rganilayotgani alohida ta’kidlandi. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish laboratoriyasi doirasida to‘rtta yirik tadqiqot o‘tkazildi.Mutaxassislar bilan hamkorlikda dolzarb mavzular o‘rganilayotgani alohida ta’kidlandi. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish laboratoriyasi doirasida to‘rtta yirik tahliliy tadqiqot o‘tkazildi.
Jeffri Haydey “Yuksalish” harakatining qator sohalarda erishgan yutuqlarini e’tirof etib, hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi. Bundan tashqari, joriy yilning 25-26 sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan OIIB yillik yig‘ilishi oldidan fuqarolik jamiyati institutlarini Yuksalish harakati va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ijtimoiy, gender va ekologiya masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikka jalb etishga qiziqish katta ekanligi ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, Janob Haydey har yili tashkil qilinib kelinayotgan yig‘ilishga ko‘plab nufuzli tashkilot vakillari tashrifi kutilayotganligini ta’kidlab, “Yuksalish” harakati a’zolarini ham O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan ushbu tadbirda ishtirok etishga taklif qildi.
Ma’lumot o‘rnida: *Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) xalqaro moliya instituti bo‘lib, uning vazifasi ertangi kun uchun Osiyo va undan tashqaridagi mintaqalarda infratuzilmani moliyalashtirishdan iborat. Tashkilot 2016-yildan boshlab Pekinda o‘z faoliyatini boshladi va shu vaqtgacha dunyo boʻylab 109 ta aʼzo davlatga ega bo‘ldi. Bank kapitali 100 milliard AQSh dollarini tashkil etadi va yirik xalqaro kredit reyting agentliklari tomonidan e’tirof etilgan AAA reytingiga ega. OIIB hamkor tashkilotlar bilan, yangi kapitalni jalb qilish va yashil, texnologik jihatdan rivojlangan va mintaqaviy aloqalarni rag’batlantirishga xizmat qiluvchi infratuzilmaga sarmoya kiritish orqali mijozlarning ehtiyojlarini qondiradi.
Jeffri Haydey – OIIBning aloqa departamenti bosh direktori. Ilgari u RAND korporatsiyasida OAV bilan aloqalar bo‘limi direktori bo‘lib ishlagan, shuningdek, Londondagi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida ishlagan hamda u jurnalist sifatida Londondagi “The Wall Street Journal”, “Nyu-York” va Londondagi “Dow Jones Newswires” va “Providence Journal” jurnallarida moliyaviy va ijtimoiy-siyosiy masalalarni yoritgan.
«Yuksalish» harakati matbuot xizmati