@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Oʻzbekiston NNT vakillari Yevropa mahalliy demokratiya assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashdi

 2024-09-13 18:17:48   |     Просмотров: 1772

“Yuksalish” harakati vakillari Yevropa mahalliy demokratiya assotsiatsiyasi (ALDA) tashabbusi bilan uchrashuv oʻtkazdilar va bir qator sohalarda hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Xorijiy mehmonlar tashrifidan koʻzlangan asosiy maqsad – Markaziy Osiyo mintaqasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, raqamli innovatsiyalar sektori, gender masalalari, inson huquqlari, taʼlim, ekologiya, iqlim oʻzgarishi va boshqa sohalarda hamkorlik qilish imkoniyatlarini oʻrganishdan iborat. Oʻzbekistonga tashrif oldidan xorijiy tashkilot mutaxassislari Tojikiston va Qozogʻistonda boʻldi.

ALDA vakillari tashabbusi bilan poytaxt va viloyatlardan NNT– Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazi, “NIHOL” tashabbuslarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash markazi,  “Istiqlol Avlodi” faollari ishtirok etdi.

Tadbir davomida teng huquq va imkoniyatlarni targʻib qilish bilan bogʻliq bir qancha muhim masalalar tilga olindi. Muloqot chogʻida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, yoshlar dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, nogironlar va ularning oilalarini qoʻllab-quvvatlash, nodavlat notijorat tashkilotlari salohiyatini oshirish masalalari ham koʻtarildi.

Ushbu uchrashuv bir qator muhim masalalar boʻyicha hamkorlikni kengaytirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha belgilangan maqsadlarga erishish imkoniyatlarini muhokama qilish imkonini berdi. ALDA vakillari, shuningdek, tashrif yakunlari boʻyicha Markaziy Osiyoning har bir mamlakati uchun moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini taʼkidladilar.

Maʼlumot uchun: ALDA  1999-yilda Yevropa Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan va 300 dan ortiq aʼzolarni, shu jumladan 45 dan ortiq mamlakatlarning mahalliy hokimiyat organlari va fuqarolik jamiyati tashkilotlarini birlashtiradi. ALDA aʼzolik badallari, shuningdek Yevropa komissiyasi, Yevropa Kengashi va boshqa davlat va xususiy donorlar tomonidan loyihalarni moliyalashtirish hisobiga moliyalashtiriladi.