@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Iqlim oʼzgarishi: bugunning oʼzidan harakatni boshlash kerak

 2024-09-19 11:45:51   |     Просмотров: 1732

Toshkentda “Oʼzbekistonda iqlim oʼzgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish uchun barqaror siyosatni rejalashtirish” loyihasining yakunlanishiga bagʼishlangan anjuman boʼlib oʼtdi.

Ishtirokchilar qayd etishlaricha, Oʼzbekistonda davlat darajasida ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, iqtisodiyotning turli sohalariga yangi, ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyalar qabul qilindi va amalga oshirilmoqda. Ular orasida “2030 yilgacha moʼljallangan atrof muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasi”, “2019-2030 yillar davrida Oʼzbekiston Respublikasining “yashil iqtisodiyot”ga oʼtish Strategiyasi”, “2019-2028 yillar davriga moʼljallangan qattiy maishiy chiqindilar bilan bogʼliq ishlarni amalga oshirish strategiyasi” kabilar bor.

“Yuksalish” xarakati Latviya mahalliy boshqaruv organlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining moliyaviy koʼmagi ostida “Oʼzbekistonda iqlim oʼzgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish uchun barqaror siyosatni rejalashtirish” loyihasini amalga oshirdi.

Maqsad – mahalliy oʼz-oʼzini boshqarish organlari salohiyatini oshirish, jamoatchilikni iqlim oʼzgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari haqida xabardor qilish va ularni qarorlar qabul qilish jarayoniga jalb qilishdan iborat.

Yakuniy konferentsiyada qoʼshma loyihaning natijalari taqdim etildi. Loyiha doirasida ikkita maqsadli hudud – Buxoro va Surxandaryo viloyatlari tanlab olindi. Bu hududlarda iqlim xavflari tahlili oʼtkazildi.

– Barqaror siyosatni rejalashtirish Oʼzbekistonda iqlim oʼzgarishi oqibatlarini yumshatishda asosiy rol oʼynaydi, chunki bu tabiiy resurslarni samarali boshqarish va xavflarni kamaytirish imkonini beradi, – taʼkidlab oʼtdi “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov. – Ekotizimlarning mahalliy xususiyatlarini hisobga olish va qishloq xoʼjaligi hamda suv resurslarining oʼzgarayotgan sharoitlarga moslashishiga yordam bera oladigan moslashish strategiyalarini ishlab chiqish muhimdir. Hukumat, biznes va jamoatchilikning birgalikdagi saʼy-harakatlari Oʼzbekistonning oʼz iqlim barqarorligini mustahkamlash va avlodlarning kelajagini himoya qilishiga yordam beradi.

Qaror qabul qiluvi tashkilotlar uchun latviyalik ekspertlar bilan birgalikda loyiha natijalari boʼyicha xorij tajribasi asosida pilot hududlar uchun moslashish chora-tadbirlari majmui, shuningdek, iqlim oʼzgarishini kompleks boshqarish va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish tamoyillarini ishlab chiqish boʼyicha uslubiy qoʼllanmalar ishlab chiqildi.

– Moslashish va choralar siyosatining maqsadi iqlim oʼzgarishiga chidamlilikni oshirishdan iborat, – deydi Latviya mahalliy boshqaruv organlari assotsiatsiyasi raisi Gints Kaminskis. – Moslashish loyihalarini qoʼllab-quvvatlashga yanada keng koʼlamli sarmoyalar kiritishga koʼmak berish uchun jamoat guruhlari va xususiy sektorni jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Muxim qadam sifatida moslashuv ehtiyojlarini integratsiya qilishdir, ayniqsa suv sifatini va sogʼliqni saqlashni taʼminlash kabi sohalarda. Umid qilamizki, loyiha natijalari nafaqat Oʼzbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim oʼzgarishiga moslashish sohasida katta saʼy-xarakatlarning debochasi boʼladi.

Loyiha doirasida Oʼzbekistonning shu yoʼnalishdagi qaror qabul qiluvchi shaxslari, mahalliy hokimiyat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini mustahkamlash uchun seminar-treninglar, “davra suhbatlari” oʼtkazildi. Loyihaning eng muhim komponentlaridan biri – bu Oʼzbekistonnning iqlim oʼzgarishi sohasidagi qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilganligi va ularni tegishli tashkilotlarga kiritilishidir.

O‘zbekistondagi Latviya elchixonasidagi yakuniy anjumandan so‘ng uchrashuv o‘tkazilib, uning doirasida hamkorlik tafsilotlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Maʼlumot uchun: “Oʼzbekistonda iqlim oʼzgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish uchun barqaror siyosatni rejalashtirish” loyihasi “Yuksalish” harakati tomonidan Latviya mahalliy boshqaruv organlari assotsiatsiyasi (LPS) bilan hamkorikda amalga oshirildi.

                                          “Yuksalish” harakati matbuot xizmati