@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O‘zbekistonning madaniy boyliklari 2021-yilda Luvrda bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazmada namoyish etilishi mumkin

 2019-06-21 14:34:00   |     Просмотров: 4703

Ilm-fan va zamonaviy texnologiyaning yutuqlaridan foydalanib, Tokio san’at universiteti qadimiy binolar, san’at asarlari va haykallarning yo‘qolgan qismlari va kompozitsiyalarini aniq tarzda qayta tiklash imkonini beruvchi madaniyboyliklarni “klonlashtirish”texnologiyasini ishlabchiqdi.Asosiy maqsad — madaniy boyliklarning asl nusxalariga zarar yetkazmagan holda, ularning keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishini ta’minlash.

Bu haqda “Clone Cultural Properties” innovatsion markazi vakillari Tokio san’at universiteti professori Masaaki Miyasako va Yaponiyaning Ilm-fan va texnologiyalar agentligi prezidenti, Nagoya universitetining sobiq prezidenti Michinari Xamaguchi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari “Yuksalish” umummilliy harakati binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida aytib o‘tdilar.

Ta’kidlanishicha, Yaponiyaning bir guruh ekspertlari O‘zbekistonga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan madaniy boyliklarni saqlash va qo‘llab-quvvatlash sohasida hamkorlik qilish, xususan Varaxsh (Buxoro sh.) va Afrosiyob (Samarqand sh.) qadimiy aholi punktlaridagi devorlarda aniqlangan yozuvlar, tarixiy va arxitektura yodgorliklarni restovratsiya qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish maqsadida yurtimizga tashrif buyurdilar. Shuningdek, ular O‘zbekistondagi sheriklar bilan Yaponiyadagi Innovatsion markaz doirasida hamkorlik istiqbollari va milliy tarixiy va madaniy yodgorliklarni “klonlashtirishning” texnologik imkoniyatlarini muhokama qilishni rejalashtirganlar.

Uchrashuv davomida professor Masaaki Miyasako madaniy yodgorliklarni saqlash va ularni qayta tiklash O‘zbekistonda turizm sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini, shuningdek ularni asl holda saqlash orqali kelgusi avlodlarga ham yetkazish muhimligini ta’kidladi.

Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonda katta miqdorda tarixiy yodgorliklar mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligini qayta tiklash kerak, ba’zilari esa bugungi kunda jamoatchilik e’tiboriga havola etilmaydi. Yaponiyalik ekspertlar 3D -klonlashtirish texnologiyalari asosida o‘rganishlar olib borib, yo‘qolgan elementlarni qayta tiklashni taklif etmoqdalar. Shuningdek, olimlar ushbu yodgorliklar nusxalarini yaratib, 2021 yil Luvrda bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazmada ishtirok etishga ko‘maklashish istagini bildirdilar.

Yaponiyalik ekspertlar O‘zbekiston bilan hamkorlikda malakali kadrlar tayyorlash, o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha yaqin aloqalarni o‘rnatishga tayyorliklarini bildirdilar. O‘z navbatida, “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari tegishli vazirlik va idoralar bilan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtirish masalalarida ko‘maklashishga kelishib oldilar.

Ma’lumot uchun:“Clone Cultural Properties” guruhi tomonidan amalga oshirilgan loyihalar qatorida Eduard Manening “Flutist”, Vincent Van Gogning “Averdagi cherkov” asari va avtoporteti, Yan Vermeyerning “Marvarid chirakli qiz” surati, budda haykallari, shuningdek Afg‘oniston markazidagi Buyuk Sharqiy Bamian Buddasi yozuvlari va boshqalarni keltirish mumkin. 

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati