@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Boshlang'ich maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfi: nimalar o'zgardi?

 2024-10-31 14:08:00   |     Просмотров: 2498

Joriy yilning 30-oktabr kuni poytaxtimizda boshlang'ich maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfini kamaytirish bo'yicha tavsiyalarning amalga oshirilishini baholashga bag'ishlangan jamoatchilik muhokamasi o'tkazildi.

Tadbirda parlament qo'mitalari, Maktabgacha va maktab ta'limi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas'ul idoralar va xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Uchrashuvdan ko'zlangan maqsad Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, “Yuksalish” harakati hamda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nohukumat tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Aksilkorrupsiya laboratoriyasi” loyihasi doirasida 2021-yilda boshlang'ich maktabga bolalarni qabul qilishda korrupsiya xavfini baholash bo'yicha o'tkazilgan tadqiqot yakunlari asosida Maktabgacha ta'lim vazirligiga taklif etilgan tavsiyalarning ijrosi monitoringi natijalarini muhokama qilishdan iborat.

Ma'lumot o'rnida: Mazkur tadqiqot natijalari korrupsiyaning asosiy xavf omillarini aniqladi. Xususan, byudjet mablag'larining yetishmasligi va uning shaffofligi, infratuzilma va malakali pedagog kadrlarning yetishmasligi, maktab xodimlarining ish haqi darajasining pastligi, ta'lim sub'ektlarining halolligi va odob-axloqining yaxlit tizimi yo'qligi va boshqalar. Aniqlangan korrupsiyaviy xavf omillari uchun ularning birlamchi ahamiyatidan kelib chiqqan holda 29 ta chora-tadbirni qamrab olgan 10 ta asosiy tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Ishchi guruhi tomonidan tadqiqotdan uch yil o'tib nimalar o'zgargani, maktabga qabul qilish, moliyalashtirish, infratuzilmani rivojlantirish jarayonlarining shaffoflik holati tahlil qilindi.

Tadqiqot shuni ko'rsatdiki, mamlakatdagi maktablarning 88 foizdan ortig'i maktabga qabul qilishning raqamli xizmati bilan qamrab olinmagan. Bu shuni anglatadiki, respublikadagi aksariyat maktablarga ota-onalar shaxsan ariza berishlari kerak, bu esa maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfi saqlanib qolganligidan dalolat beradi. Aniqlangan kamchilik va zaifliklar ta'limdan teng foydalanish tamoyillarini himoya qilish uchun qo'shimcha chora-tadbirlar zarurligini ta'kidlaydi.

Tadqiqot shuningdek, tavsiya etilgan amaliyotlarga rioya qilish korrupsiya xavfini kamaytirishga yordam berishini ko'rsatdi, ammo doimiy monitoring va moslashtirishni talab qiladi. Ushbu xulosalar ta'limda korrupsiyaga qarshi siyosat sohasida yanada samarali strategiyalarni ishlab chiqish uchun asos bo'lib xizmat qiladi.

Tadbir doirasida ekspertlar tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar tanqidiy muhokama qilindi. Jumladan, ajratilayotgan moliyaviy resurslarning shaffofligi, yetarliligini ta'minlaydigan yagona ochiq ma'lumotlar platformasini ishlab chiqish, maktablarning ehtiyojlari, tushumlari, xarajatlarini aks ettiruvchi yagona shaffof platformani yaratish, o'qituvchilarning ish haqi mavzusida tahliliy tadqiqot o'tkazish, axloqiy yetakchilikni joriy etishni qonunchilikda mustahkamlash zarurligiga urg'u berildi.

Shuningdek, respublikadagi barcha maktablarni onlayn qabul platformasi bilan qamrab olishni ta'minlash, o'qituvchilarning ish haqini oshirish, maktablardagi tirbandlikni kamaytirish, pedagogik karyerani rejalashtirayotgan abituriyentlarni universitetlarga imtiyozli qabul qilish chora-tadbirlarini to'liq yakuniga yetkazish lozimligi qayd etildi.

"Yuksalish" harakati matbuot xizmati