@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

"Yuksalish" harakati "Oramizdagi qahramonlar" va "Tabiat himoyachilari" loyihalari bo‘yicha taqdirlash marosimini o‘tkazdi

 2024-12-06 21:41:02   |     Просмотров: 4340

6-dekabr kuni Toshkentda Fuqarolik jamiyati haftaligi yakunlari bo‘yicha "Oramizdagi qahramonlar" va "Tabiat himoyachilari" loyihalari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Fuqarolik jamiyati haftaligi doirasida yettita forum, 40 dan ortiq uchrashuv, muhokama va ochiq muloqotlar tashkil etildi. Poytaxtda NNT faollarining Qonunchilik palatasi, Senat va Adliya vazirligi vakillari bilan muloqotlari o‘tkazildi. Barcha tadbirlarda ikki mingdan ortiq kishi, jumladan, xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, poytaxt va hududlarda «Biz – donormiz!» aksiyasi tashkil etildi. Unda 500 dan ortiq kishi ishtirok etib, 230 litrdan ortiq qon topshirdi.

Ma'lumotnoma. Haftalik O‘zbekiston Prezidentining "Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq tashkil etildi. Ushbu hujjat fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning qaror qabul qilish va davlat dasturlarini amalga oshirish jarayonidagi rolini oshirish uchun samarali sharoitlar yaratishga qaratilgan. Tadbir "Yuksalish" harakati tomonidan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, "Rivojlanish strategiyasi" markazi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi, O‘zbekiston NNTlar milliy uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirlar davomida dolzarb masalalar muhokama qilindi va fuqarolik jamiyatining barqaror rivojlanishiga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi. Poytaxtdagi forumlar "Yuksalish" harakati hamkorlari – Konrad Adenauer fondi, Fridrix Ebert fondi va KOICA Koreya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Shubhasiz, nodavlat notijorat tashkilotlar O‘zbekistondagi islohot jarayonlarining muhim ishtirokchilariga aylanmoqda. Ularning faoliyati ko‘pincha pardalar ortida qoladi, biroq aynan ular fuqarolar sa’y-harakatlarini birlashtirib, ijtimoiy va ekologik muammolarni hal qilishga yordam beradi, inklyuziv yondashuvlarni ilgari surib, ijtimoiy sheriklikni mustahkamlaydi.

"Oramizdagi qahramonlar" loyihasi doirasidagi taqdirlash ijtimoiy faolliklarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Loyihaning maqsadi – ijtimoiy ahamiyatga ega yoki qahramonlikka tenglashtiriladigan harakatlarni e’tirof etish va boshqalarga ibrat sifatida ko‘rsatishdir. Ko‘pincha bunday qahramonlar odamlar ko‘zidan pana, e’tibordan chetda qoladi.

"Yuksalish" harakati bu loyihani tashkil topganidan beri amalga oshirib kelmoqda. Shundan beri taqdirlanuvchi ishtirokchilar soni kengaydi. "Oramizdagi qahramonlar" – bu e’tirofga loyiq tashabbuslarning haqiqiy namunasi va ular haqida ko‘proq gapirish kerak.

"Oramizdagi qahramonlar" loyihasi doirasida taqdirlanganlar:

  • Ilhom va Аmir Rustamovlar (Samarqand viloyati)

Ikki aka-uka mamlakatimizda taʼlim sharoitlarini yaxshilashga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Ular Samarqand viloyatining olis hududlarida beshta maktab qurib, foydalanishga topshirdi.

  • Xolbeka Boboqulova (Qashqadaryo viloyati)

Bu ayol o‘z ishiga sadoqati va fidoyiligi bilan boshqalarga ibrat bo‘la oladi. U Chiroqchi tumanidagi oilaviy klinikada ishlab, 37 yildan buyon nafaqat bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatmoqda, balki eng olis hududlarda aholi salomatligini yaxshilashga ko‘mak bermoqda.

  • Аbdulvohid Iminov (Namangan viloyati)

Bu qahramon atrofidagilarga doim yaxshilik qilishga intiladi. U 16ta maktab uchun jihoz yetkazib berishni tashkil qildi, 30ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga ko‘mak berdi, kasalxonalarni tibbiy uskunalar bilan taʼminladi, 100ta oilaga moddiy yordam ko‘rsatdi va yettita oila uchun uy qurib berdi.

  • Shahnoza Navro‘zova (Buxoro viloyati)

Kitob shaxsiy rivojlanish uchun qanchalik muhimligini bilgan holda, u Buxoro viloyatining Olot tumanida kutubxona ochdi. Uning tashabbusi O‘zbekiston banklarini mamlakat bo‘ylab kutubxonalar tarmog‘ini yaratishga ilhomlantirdi.

  • Elyor Mallayev (Xorazm viloyati)

Milliy gvardiya xodimi, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, kanalda cho‘kib ketayotgan qizni qutqardi.

• Bahrom Bobomurodov (Surxondaryo viloyati)

Suv ta'minoti xodimi, qishning qattiq sovuqlariga qaramay, o‘z sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, muzdek suv ichiga tushdi va suv quvurini ta'mirladi.

• Yorqinoy Mamatisakova (Andijon viloyati)

Andijonlik rus tili o‘qituvchisi Yorqinoy Mamatisakova o‘z maoshining bir qismini a'lochi o‘quvchilarga mukofot sifatida taqdim etadi. Bu uning ishiga bo‘lgan mehri va sadoqatini ko‘rsatadi.

• Burgut Ultras fan-klubi
O‘zbekistonlik muxlislar Parijdagi Olimpiadada sportchilarni qo‘llab-quvvatlab, yangi marralarga erishishga ilhomlantirdi.

• Albert Popov
Qor ko‘chkilari xizmati faxriysi Albert Popov mana 40 yildirki, qor ko‘chishlarining oldini olish bilan shug‘ullanib, odamlar xavfsizligini ta’minlab kelmoqda.

• Kichik serjant Javohirbek Tovasharov
Toshkentda jabrlangan kishiga birinchi yordam ko‘rsatib, uni shifoxonaga yetkazdi va mas'uliyat hamda g‘amxo‘rlik namoyon qildi.

• Otabek Shukurov
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Turkiyada zilziladan keyin qutqaruv ishlarida ishtirok etib, boshqalarga yordam berish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ydi.

• Mirzabek Elmurodov
Bu talaba jinoyatchini qo‘lga olishga yordam berdi.

• Daniel Korshunov
Toshkentda kanalda cho‘kib ketayotgan bolani qutqardi. Uning jasorati atrofdagilarni ezgu ishlariga ilhomlantiradi.

• Bahrom Qarshiyev
Ayol va uning bolasiga birinchi yordamni ko‘rsatib ularning hayotini qutqargan va tez yordam chaqirgan.

• Akmal Hasanov
Olimpiya o‘yinlarida qirg‘izistonlik bokschiga sekundantlik qilib, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik ramziga aylandi.

• Abdurahmon Fozilov
O‘zbekistonlik bloger Markaziy Osiyo davlatlarining bayroqlarini Antarktidada o‘rnatib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yana bir bor namoyish qildi.

• Aleksandr Fyodorov
Toshkentdagi tarixiy mozaikalarni saqlash uchun bir necha bor chiqish qilgan dizayner. U madaniy merosni saqlash ahamiyatini ko‘p marta ta'kidlagan.

• Farhod Mamajonov
Uztex Group rahbari bo‘lib, Xorazm viloyatining olis hududlarida 9000 dan ortiq aholini ichimlik suvi bilan ta'minladi.

• Kamola Aliyeva
Gender masalalari bo‘yicha mutaxassis bo‘lib, O‘zbekistonda zo‘ravonlik muammolari haqida xabardorlikni oshirish ustida faol ishlamoqda.

• Аqida Mohirova

Аyollar huquqlari va oiladagi zo‘ravonlikka qarshi faol kurashmoqda.

• Аziza Qurbonova

"Mikrofon ko‘targan ayol" kanali muallifi va faol jurnalist bo‘lib, fuqarolar hayotini yaxshilash uchun yangi g‘oyalar va yechimlar taklif qilib, jamiyat jarayonlarida faol ishtirok etmoqda.

• Saida Rashidova

Rus va ingliz tilida so‘zlashuvchi talabalar uchun o‘zbek tili bo‘yicha 100 dan ortiq dars yaratgan. U o‘zbek tilini saqlash va rivojlantirishni faol qo‘llab-quvvatlamoqda.

• Qamariddin Shayxov

Qalampir.uz internet-nashri asoschisi bo‘lib, O‘zbekistonda so‘z erkinligini himoya qilish bo‘yicha faol ishlamoqda.

Bu yil ilk bor "Yuksalish” harakati "Fuqarolik jamiyati haftaligi" doirasida "Tabiat himoyachilari" nominatsiyasini ta'sis etdi.

Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi – atrof-muhitni himoya qilishga o‘zini bag‘ishlagan faollarning hissasini tan olish, tabiat himoyachilari ijobiy obrazini yaratish va ekologiya muammolarini hal qilishga tayyor bo‘lgan hamfikrlar jamoasini shakllantirishdir.

So‘nggi yillarda dunyo keskin ekologik muammolarga duch kelmoqda: havo, suv va tuproqning ifloslanishi, ekotizimlarning buzilishi va bioxilma-xillikning yo‘qolishi nafaqat tabiatga, balki insoniyatga ham xavf solmoqda. Bu kabi vaziyatlarda ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etayotgan, tabiiy resurslarni saqlash uchun kurashayotgan va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlayotgan fuqarolarning sa’y-harakatlari alohida ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yilni "Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili" deb e’lon qilish taklifi bu boradagi zaruratni yana bir bor tasdiqlab, ekologik madaniyatni shakllantirish, barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va tabiatni himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning ahamiyatini ko‘rsatib berdi.

Mukofot sovrindorlari – yosh va o‘z faoliyatini yaqinda boshlaganlardan tortib, ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan tabiat himoyachilarigacha, katta ko‘lamdagi ishlarga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan shaxslardir. Ular atrof-muhitni muhofaza qilish, barqaror yechimlarni joriy etish va jamiyatni sayyoramizga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga ilhomlantirishda faol ishtirok etmoqda. Ularning har biri yer yuzini kelajak avlod uchun saqlab qolishda o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Tabiat himoyachilari:

Leyla Farruxova 224-maktab o‘quvchisi bo‘lib, atrof-muhitga ongli munosabatda bo‘lishga chaqirib, shoira Mohidil Ochilovaning "Tabiatni asrang!" nomli ta’sirli she’rini yoddan aytdi. Tarmoqda 500 ming martadan ko‘proq ko‘rilgan bu videomurojaat insonlar qalbiga yetib borib, tabiatning hayotimizdagi o‘rni haqida o‘ylashga undadi.

Mo‘tabar Xushvaqtova "O‘rik guli" taxallusi bilan mashhur. U ijtimoiy tarmoqlarda tabiatga ehtiyotkor munosabatda bo‘lishga chorlab chiqishlar qiladi va jamoatchilik e’tiborini ekologik muammolarga jalb etadi. Uning faolligi insonlarni o‘z xatti-harakatlari atrof-muhitga qanday ta’sir qilishi haqida o‘ylashga va tabiatni asrash uchun chora ko‘rishga chaqiradi.

Ismoil Irmuhammedov O‘zbekistonda mushuklar kafesi ochilgandan so‘ng tanildi. Cats and Friends kafesida "Yoqimtoy mushuklar" boshpanasidan keltirilgan jonivorlar saqlanadi va bu yerda o‘z egalarini topishadi. Bu tashabbus jamoatchilikning hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilish borasidagi xabardorligini oshiradi.

Yuliya Pushkaryova boshpanasiz hayvonlar bilan bog‘liq dolzarb muammolarni yoritishdagi yordam uchun e’tirofga sazovor bo‘ldi.

"Mehr va oqibat" tashkiloti O‘zbekistonda ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha faoliyat yuritmoqda. 13 yillik faoliyati davomida volontyorlar butun respublika bo‘ylab 3000 dan ortiq suhbatlar o‘tkazgan, shuningdek, ekologik ta’lim berish bilan shug‘ullangan.

Jasurbek G‘afforov Buxoro "Yosh ekologlar" harakati yetakchisi. Harakat 2023-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1000 nafar a’zoga ega. Jasurbek rahbarligida ornitologik aksiyalar, plogging, va Ekogazeta loyihalari amalga oshirildi. Shuningdek, "Yashil burchak" va Zero Waste tashabbuslari kabi loyihalarda faol ishtirok etdi.

Qushlarni muhofaza qilish jamiyati raisi Oleg Kashkarov 18 yildan beri faoliyat yuritayotgan NNTga rahbarlik qiladi. Tashkilotning asosiy maqsadi – qushlar istiqomat qiladigan muhim joylarni o‘rganish va muhofaza qilish, shuningdek, kelgusi maqsadlarni amalga oshirish uchun yosh mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. NNT mutaxassis-ornitologlar salohiyatini o‘stiradi, ishtirokchilarning bilim darajasini oshirib, bioxilma-xillikni asrashga oid muhim o‘ziga xosliklar haqida so‘zlab, ekspeditsiya va jamoatchilik aksiyalarini o‘tkazadi. Adliya vazirligining "Adolat" Milliy axborot huquqiy markazi xodimlari Dilfuza Irgasheva va Akbar Musayev sun’iy intellekt yordamida atrof-muhitni asrashga chaqiruvchi rolikni yaratish tashabbusi bilan chiqishdi. Video Youtube’da olti mingga yaqin ko‘rishlarga ega bo‘lgan.

Kun.uz jurnalisti Shokir Sharipov havo ifloslanishi mavzusiga omma e’tiborini jalb qilib, bu mavzuda videorolik suratga oldi. Xabardorlikning oshishi jamoatchilikning ekologik muammolarni hal etish va havo tozaligi bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda yanada faol ishtirok etishiga yordam beradi. Bunday materiallar ekologik madaniyatni shakllantirishga yordam beradi va atrof-muhit sifatini yaxshilash bo‘yicha samarali choralarni ko‘rishga undaydi.

Sardor Ravshanov tomonidan asos solingan "Kislorod" ijtimoiy fondining asoschisi Toshkentda o‘tkaziladigan daraxt ekish tadbirlari uchun volontyorlarga bepul daraxt ko‘chatlarini taqdim etadi. Uning missiyasi havo ifloslanishini kamaytirish va kislorod miqdorini oshirishga qaratilgan – bu esa hayot uchun eng zaruriy resurslardan biridir. Fond o‘z faoliyati orqali nafaqat shaharni ko‘kalamzorlashtirishga yordam beradi, balki global ekologik muammolarni hal qilishda har bir inson ishtirok etishi mumkinligini ham ko‘rsatib beradi.

208-maktabning 2-sinf o‘quvchisi Selin Shoahmedova Qushlarni muhofaza qilish jamiyatining a’zosi va "Hayot" hamda "Mushukkent" boshpanalarida volontyor sifatida faoliyat yuritadi. Qiz hayvonlarni juda yaxshi ko‘radi va doimo ularga yordam beradi. Selin, shuningdek, «Vaqt qahramonlari» bolalar ekologik harakati tomonidan volontyorlik sertifikatiga ega. Selin kabi tashabbuskor bolalar kichik yoshdanoq ekologik mas’uliyat va hayvonlarga insoniy munosabat hissi bilan ulg‘ayayotgan avlod vakillaridir.

Ekolog Husayn Tursunboyev 2023-yili "EcoNur" ekologik volontyorlar harakati asoschisi sifatida tanilgan. Hozirda harakatda butun mamlakat bo‘ylab 500 dan ortiq ishtirokchi mavjud. Husayn Tursunboyevning harakati turli ekologik loyihalarni amalga oshirgan, ular orasida "Eko zakovat", "Tabiat uchun 10 kun", "Yashil ko‘nikmalar" va "Eko marafon" mavjud. Faqatgina "Eko marafon" loyihasi doirasida yettita mavsum o‘tkazildi va 600 dan ortiq yosh ishtirokchi qatnashdi.

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining 3 bosqich sirtqi yo‘nalishi talabasi Javohir Aliqulov "Piyodachi" loyihasi faoli hisoblanadi va mustaqil ravishda shahar ko‘chalaridagi chiqindilarni tozalaydi. Kommunal xizmatlarni kutmay, tungi vaqtda Toshkent ko‘chalariga chiqib, shaharni tozalashga harakat qiladi. Bu, atrofdagilarni ilhomlantirib, faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishning yorqin misolidir. Uning faoliyati shahar hududlari tozaligida shaxsiy mas’uliyatning ahamiyatini ko‘rsatadi.

Migratsiya mavsumida ayrim vijdonsiz kimsalar yovvoyi qushlarni ovlab qush bozorlarida sotishadi. Zoologiya instituti xodimlari – ornitolog Bunyod G‘aniyev va Shohruz Nazarov qushlarni sotib olib, ularni tabiiy yashash muhitiga qo‘yib yuborishadi.

Ekojurnalist, Sreda.uz sayti asoschisi Natalya Shulepina o‘zining mualliflik portalida ekologik muammolar haqida 15 yildan ortiq vaqtdan beri yozib kelmoqda. Ushbu yillar davomida saytida minglab maqolalar va fotosuratlar e’lon qilingan. U o‘z materiallarida atrof-muhitni himoya qilish bo‘yicha muhim masalalarni ko‘tarib, suvdan foydalanish, biologik xilma-xillik va tabiatga ehtiyotkorona munosabat kabi muammolarga e’tibor qaratadi.

Temur Ahmedov energiya samaradorligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari va yashil qurilishni rivojlantirish tarafdori. U O‘zbekistonda «Ekologik qurilish masalalari bo‘yicha kengash» NNTsini tashkil etgan va mamlakatda yashil qurilishni standartga aylantirish maqsadini qo‘ygan. Shuningdek, mutaxassis O‘zbekistonda ekologik ta’lim va barqaror qurilishni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Temur Ahmedov faol ishtirok etadigan «O‘zbekistonning yashil maktablari» dasturi doirasida 6 mingdan ortiq bola va 200 dan ortiq o‘qituvchi ta’lim olgan.

Ekofaol Nargiz Qosimova Ecolog.uz kanaliga rahbarlik qiladi. U Toshkentda ekologik ma’rifatni oshirish va hayvonlarni himoya qilish bo‘yicha faol va tizimli ish olib boradi. U qishda qushlar va ko‘cha hayvonlariga g‘amxo‘rlik qilish aksiyalarini tashkil etgan, shuningdek, yoshlar bilan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha treninglar o‘tkazadi. Nargiz Qosimova bolalar bog‘chalari va maktablarining ta’lim dasturlariga suvni tejash mavzusini kiritishni taklif qilgan. U "Iqlim va jurnalistikaning global o‘zgarishi" o‘quv qo‘llanmasi, shuningdek, dolzarb ekologik muammolarga bag‘ishlangan ko‘plab podkast va intervyular muallifidir. Uning faoliyati kun tartibidagi ekologik masalalar va ularni hal etish yo‘llari haqida jamiyat xabardorligini oshirishga yordam beradi.

Nina Pikul – ekologik masalalar bo‘yicha 50 yillik ish tajribasiga ega suv resurslari eksperti. U ekologik ta’limda faol ishtirok etadi, televideniyeda bir qator ta’limiy ko‘rsatuvlarda qatnashib, dolzarb masalalarga oid munosabatini bildirgan. Nina Pikul ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha ilmiy asoslangan yondashuvlarni faol targ‘ib qiladi va murakkab mavzularni keng ommaga yetkazadi. Uning hissasi tufayli jamiyatning global ekologik chaqiriqlar va ularni hal etish yo‘llari borasidagi xabardorligi ortmoqda.

Agrar fanlar doktori, professor, akademik Zinoviy Novitskiy Orol dengizining qurib qolgan tubida qurg‘ochilikka chidamli o‘simliklarni ekish bo‘yicha O‘rmon xo‘jaligi ITI loyihasiga rahbarlik qilmoqda. Uning faoliyati mintaqaning ekologik holatini yaxshilash va ekologik salbiy oqibatlarni kamaytirishga yordam beradi. U sho‘rlangan qumning tarqalishini to‘xtatish va tuproq eroziyasining oldini olish uchun yashil vodiy yaratish tashabbusini ilgari surmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Orolbo‘yini tiklash bo‘yicha amalga oshirilayotgan dastur nafaqat ekologik, balki iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ham ega.

"Vaqt qahramonlari" eng yaxshi tashabbusi uchun gran-pri Madina Mo‘minovaga topshirildi.

Bu O‘zbekistondagi birinchi bolalar harakati bo‘lib, kichik yoshdan ekologik masʼuliyat madaniyatini shakllantirish, tabiatni himoya qilish uchun to‘g‘ri yondashuvlar haqida axborot berishga qaratilgan.

"Yuksalish" harakati, shuningdek, ekologik klub aʼzolari, ekspertlar, qolaversa, nomzodlarni saralash qo‘mitasi ishtirokchilariga yaqindan yordam bergani uchun minnatdorlik bildirdi.

Shular qatorida:
• Natalya Shivaldova, "Ekomaktab" NNT direktori
• Aleksey Volkov, GEF dasturi kichik grantlar koordinatori
• Eshdavlat Suvonov, "Qalb ekologiyasi" NNT direktori
• Aleksey Svetlitskiy, ekspert

Sovrindorlarga sertifikat va esdalik haykalchalari topshirildi.