@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Yuksalish” harakatining hududiy bo‘linmalari faoliyati sarhisob qilindi

 2024-12-25 14:38:39   |     Просмотров: 2285

"Yuksalish" harakati tomonidan hududiy bo‘linmalar ishtirokida o‘tkazilgan yillik sarhisob yig‘ilishi doirasida yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijalari, shuningdek, kelgusidagi rejalar muhokama qilindi. 

Yig‘ilish davomida Qashqadaryo, Xorazm va Namangan viloyatlari hududiy bo‘linmalarining faoliyati alohida e'tirof etildi. Xususan, televideniye uchun animatsion roliklar tayyorlashdagi faollik, jamoatchilik monitoringi va eshituvlari, ijtimoiy loyiha va aksiyalarni o‘tkazishdagi tashabbuskorlik kabi jihatlarga urg‘u berildi. 

2024-yil yakunlari bo‘yicha, Harakatga 22 mingdan ziyod faol fuqaro a'zo bo‘ldi. 

Xorazm viloyatidan – 2576 nafar, Surxondaryodan – 2324 nafar, Andijondan – 2104 nafar,  Buxorodan – 1399 nafar, Qashqadaryo viloyatidan – 1319 nafar hamda Sirdaryodan – 627 nafar fuqaro “Yuksalish” a'zolari safidan joy olgan. Hududiy bo‘linmalar tomonidan o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringlari soni 359 tani tashkil etdi. Shundan, eng ko‘p monitoring Namangan viloyatida (41 ta) o‘tkazildi, keyingi o‘rinlardan Qashqadaryo (40 ta), Andijon (32 ta) viloyatlari joy oldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida yil davomida – 21 ta, Navoiy viloyatida – 20 ta, Sirdaryoda esa – 19 ta jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi. Tuman kengashlariga kiritib, hal etilgan jami masalalar soni 21 tani tashkil etib, bu borada Samarqand (6 ta), Buxoro (4 ta), Sirdaryo (4 ta) hamda Navoiy (4 ta) viloyatlari alohida faollik ko‘rsatdi.

Hududlarda suv oqova tizimilarini yaratish, chiqindixonalarni bartaraf etish va aholining chiqindi borasidagi madaniyatini oshirish, yangi ko‘prik va yo‘llar qurish, noqonuniy faoliyat yuritayotgan zararkunanda ishlab chiqarish obyektlari faoliyatini to‘xtatish tashabbuslariga oid jamoatchilik loyihalarini ilgari surish bo‘yicha ham “Yuksalish” harakatining tuman bo‘linmalari bir qator natijalarga erishdi, 61 ta muammo hal etildi.

Xususan, Qashqadaryodan 18ta, Surxondaryodan 15 ta, Xorazmdan 8 ta loyiha ilgari surildi. Farg‘ona viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent viloyati va Navoiy viloyati hududiy bo‘linmalaridan esa 1tadan loyiha ilgari surildi.

“Yuksalish” harakati hududiy bo‘linmalari tomonidan yil davomida tashkil etilgan aksiyalar alohida diqqatga sazovor.

Xususan, “Hayot ulash”, “Noatariuslardan huquqiy bilimlar” “Biz — donormiz!” kabi aksiyalar hududlarda 78 marta tashkil etildi. Tashkillangan aksiyalar soni bo‘yicha yetakchilikni Toshkent va Samarqand viloyatlari egalladi, Jizzax, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari hududiy bo‘linmalari ham faol ishtirok etdi.

Yil davomida fuqarolardan kelib tushgan 54 ta murojaat ijobiy hal qilindi.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatida – 17 ta, Jizzax viloyatida – 15 ta, Xorazmda 11 ta fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar o‘z yechimini topdi.

Ular orasida, gavjum chorrahalarda svetoforlar o‘rnatish, yorilib ketgan suv quvurlarini almashtirish, aholi uchun kuchlanishi past bo‘lgan transformatorlarni almashtirish masalalari hal etilgan.

Yil davomida “Yuksalish” harakati faoliyatiga oid materiallar OAVda muntazam yoritib borildi. Xususan, gazeta va jurnallarda 165 ta maqola nashr etildi. Hududiy bo‘linmalar tomonidan tayyorlangan infografikalarning umumiy ko‘rishlar soni 7 318 430 mln. tashkil etdi. Rasmiy saytlarda jami 221 ta maqola e'lon qilindi. Yil davomida 339 marotaba hududiy telekanallarda intervyular berildi.

Muhokama yakunida 2025-yilga rejalar belgilab olindi.