@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Yangi tahrirdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonun loyihasining ekspertlik muhokamasi bo‘lib o‘tdi

 2019-06-25 14:30:00   |     Просмотров: 6881

25-iyun kuni yangi tahrirdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda mutasaddi vazirlik va idoralar, Oliy Majlis palatalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etdi.  

Ta’kidlanganidek, bugungi kun sharoitidagi keng ko‘lamli transformatsiya jarayonida O‘zbekistonda NNT sektorining yanada rivojlanishi fuqarolarni davlat boshqaruvida ishtirok etishga undash, birdamlik, mas’uliyatli va adolatli bo‘lish kabi qadriyatlarni targ‘ib qilish, aholining huquqiy va siyosiy xabardorligini oshirish hamda fuqarolarning davlat tuzilmalariga bo‘lgan ishonch darajasini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Harakatlar strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini yanada kuchaytirish va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishning muhim vazifalaridan biri sifatida belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi Farmoni mamlakatda demokratik yangilanishlar jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga o‘ziga xos turtki bo‘ldi.

Hujjatga muvofiq, Prezident huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi tashkil etildi, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. NNTlar faoliyatini tartibga soluvchi qator qoidalar va tartiblarga o‘zgartishlar kiritildi. Shuningdek, rejalashtirilayotgan tadbirlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan muvofiqlashtirish tartibi xabardor qilish tartibiga o‘zgartirildi.

Davlat rahbarining 2018-yil 4-maydagi Farmoni bilan o‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini aniqlash va milliy modelini shakllantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi belgilangan edi. Shu munosabat bilan, mutasaddi davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasidan ishchi guruh shakllantirildi.

“Yuksalish” umummilliy harakati va USAIDning O‘zbekistondagi sud-huquq islohotlari bo‘yicha dasturi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi, shuningdek uni amalga oshirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Muhokama davomida ekspertlar bugungi kunda NNTlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston qonunchiligi “Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi va boshqa yuzga yaqin katta hajmdagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinishini ta’kidladilar. Bir qator takrorlovchi normalar mavjud, ba’zilari esa bir-biriga zid. Bu esa O‘zbekistondagi bugungi o‘zgarishlar va xalqaro tajribani iobatga olgan holda NNTlar sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi yagona tizimlashtirilgan qonun normasini ishlab chiqish va qabul qilish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Ishtirokchilarning fikricha, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi umumlashtirilgan normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinishi davlat va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonlariga NNTlarni jalb qilish darajasini oshishiga xizmat qiluvchi qulay huquqiy muhitni shakllantiradi.  

Konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tgan muhokamalar davomida qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr va takliflar ishlab chiqildi. Hujjatning jamoat muhokamalari yaqin kunlada respublikaning boshqa qator hududlarida ham bo‘lib o‘tadi.

Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati va USAIDning O‘zbekistondagi sud-huquq islohotlari bo‘yicha dasturi o‘rtasida hamkorlik memorandumi doirasida tashkil etildi. 

 

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati