@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

"Yuksalish" harakati - fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida olti yil

 2025-02-07 12:43:04   |     Просмотров: 2299

"Yuksalish" harakati bu yil olti yoshga to‘ldi.
Bizning harakatimiz 78 mingdan ziyod a'zolar hamda 800 dan ortiq NTT ni birlashtiradi. Harakatning xalqaro tarmog‘i 350 dan ortiq tahliliy markaz va xalqaro ekspertlarni qamrab olgan.

Olti yil davomida 3 mingdan ortiq tadbirlar o‘tkazildi, jumladan, 1 200 ta turli darajadagi uchrashuv, 4 ta Fuqarolik jamiyati haftaligi, 100 dan ziyod forum va konferensiyalar, 400 ta jamoatchilik muhokamasi, 170 ta seminar, 140 ta trening, 200 ta jamoatchilik eshituvi va 50 ta ijtimoiy aksiya o‘tkazilib, jami 800 mingdan ortiq aholi qamrab olindi.

2019–2024-yillarda harakat O‘zbekistondagi yetakchi fuqarolik tashabbuslari markaziga, shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyodagi eng yirik xalqaro alyanslarga a’zo bo‘lgan yagona tahliliy markazga aylandi. Ular orasida: CIVICUS, WANGO (Jahon nodavlat tashkilotlari assotsiatsiyasi) va ADA (Osiyo taraqqiyot alyansi) mavjud.

 

Asosiy tashabbuslar

"Yuksalish" harakati faoliyati davomida bir qator muhim tashabbuslarni amalga oshirdi:

Ekologik loyihalar: "Bir million daraxt" aksiyasi doirasida mamlakat bo‘ylab 3 778 138 tup manzarali va mevali daraxt ekildi.

Huquqiy yordam: "Notariuslardan bepul maslahatlar" aksiyasida 600 nafar notarius ishtirok etib, 6 800 nafar fuqaroga bepul yuridik ko‘mak ko‘rsatdi.

Jabrlanganlarga yordam: "Salom, Sardoba, biz birgamiz!" aksiyasi doirasida 10 dan ortiq yuk mashinasida kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi, 561 million so‘m mablag‘ jabrlanganlar o‘rtasida taqsimlandi.

Toza ichimlik suvi: "Hayot ulash" aksiyasi orqali chekka hududlardagi 22 ming fuqaro toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Donorlikni rivojlantirish: "Biz – donorlar!" aksiyasi doirasida 57 tashkilotdan mingdan ortiq ishtirokchi jalb qilinib, 700 litrdan ortiq donorlik qoni yig‘ildi.

Jamoatchilik nazorati va islohotlar

Olti yil davomida "Yuksalish" 600 dan ortiq monitoring o‘tkazib, 3 500 ta obyektni o‘rgandi. Shu jumladan, ko‘p qavatli uylarning seysmik xavfsizligi, ipoteka subsidiyalarining ajratilishi va boshqa dolzarb masalalar tahlil qilindi.

"Yuksalish" keng ko‘lamli axborot kampaniyasini olib bormoqda:
– 300 dan ortiq videorolik tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirildi.
– 57 mingdan ortiq axborot materiali e’lon qilindi.
– OAVda 650 dan ortiq maqola chop etildi.
– Markaziy va hududiy telekanallarda 1 500 dan ortiq intervyu efirga uzatildi.
– 710 ta infografika va 420 ta banner yaratildi.
– 20 ta broshyura nashr etildi.
– Shuningdek, Harakat tomonidan "O‘zbekistonda demokratiya" nomli oylik axborot byulleteni o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etilib, 350 dan ortiq xalqaro ekspert va diplomatlarga yetkaziladi.

"Yuksalish" 2019, 2021, 2023 va 2024-yillardagi saylov kampaniyalariga ham axborot ko‘magini korsatib, tushuntirish infografikalari va videoroliklarni taqdim etdi.

Kelajakka rejalar

"Yuksalish" harakati O‘zbekistonning har tomonlama rivojlanishiga qaratilgan tashabbus va g‘oyalarni ilgari surishda davom etadi. Demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, ochiq muloqotni rivojlantirish va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash hamda aholini o‘zgarish jarayonlariga jalb etish kabilar shular jumlasidan.

Harakat, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirish, madaniy almashinuvni kengaytirish va qardosh xalqlar o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratadi.

"Yuksalish" O‘zbekiston viloyatlari va jahon megapolislari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qolaversa, mamlakatning xalqaro maydondagi mavqeyini oshirish uchun xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilishga intiladi.

Eng muhim vazifalardan biri – davlat tili maqomini mustahkamlash, o‘zbek tilini rivojlantirish va uni dunyo miqyosida ommalashtirishdir.

Bundan tashqari, "Yuksalish" jamoatchilik nazoratini qo‘llab-quvvatlab, fuqarolik tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda yoshlarning davlat boshqaruvi va qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirokini oshirishga xizmat qiladi. Islohotlar jamoatchilik fikri va ekspertlar tahlili asosida amalga oshirilib, ularning samarali tatbiq etishga ko‘mak yordam beriladi.

Harakat Yangi O‘zbekistonda "eshituvchi davlat" konsepsiyasini amalga oshirishga intilgan holda, mamlakatda so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligini qo‘llab-quvvatlaydi.