@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

"Yuksalish" harakati raisi Seljuklu meri bilan uchrashdi

 2025-02-12 09:42:23   |     Просмотров: 2530

O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyada hokimlar uchun o‘tkazilayotgan malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda. "Yuksalish" harakati raisi Bobur Bekmurodov va Turkiyaning Seljuklu tumani meri Ahmet Pekyatirmachi o‘rtasidagi uchrashuvda o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, munitsipal xizmatlar sifatini oshirish va ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari bo‘yicha dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Ma’lumot: Dastlab Samarqand va Konya shaharlari o‘rtasida birodar shaharlar maqomida hamkorlik to‘g‘risidagi protokol imzolangan edi.

11-fevral kuni Seljuklu tumanida bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu tuman Konya shahrining markaziy hududlaridan biri bo‘lib, davlat muassasalari, universitetlar va biznes markazlari joylashgan. Shuningdek, mebel, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq sanoat faoliyatida ham muhim rol o‘ynaydi.

Tadbir doirasida munitsipal xizmatlarning taʼsirchanligi va samaradorligi mavzusida taqdimot namoyish etildi. Mezbon tomon zamonaviy shahar boshqaruvi usullari, xizmatlarni raqamlashtirish, infratuzilmani yaxshilash va fuqarolarning turmush darajasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

– Biz turli sohalarda hamkorlik qilish uchun katta salohiyat borligiga guvoh bo‘lyapmiz. Tajriba almashish bilan cheklanib qolmay, hududlarimizning barqaror rivojlanishiga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish muhim, – dedi Bobur Bekmurodov.

Shu kunning o‘zida boshqaruv vakillari va biznes doiralari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Muhokamalar davomida savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiyaviy sheriklik va madaniy aloqalarni rivojlantirish masalalari kun tartibiga chiqdi.

— Bu uchrashuv shaharlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va ilg‘or tajriba almashish nuqtayi nazaridan juda samarali bo‘ldi. Birodarlik va do‘stlik rishtalarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qilgan bu muhim tashrif uchun mehmonlarimizga minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komilki, hamkorligimiz bundan buyon ham kengayishda davom etadi, — dedi uchrashuv yakunida Seljuklu meri Ahmet Pekiyatirmachi. 

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi diqqatga sazovor obyektlarni ko‘zdan kechirdi hamda barqaror rivojlanish, aholi punktlarida hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslar bilan tanishdi. 

Shuningdek, Seljuklu tajribasi misolida malaka oshirish dasturi ishtirokchilariga chiqindilarni qayta ishlashning samarali texnologiyalarini joriy etish hamda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish jarayonlari haqida ma’lumot berildi. Kelajakda bu chora-tadbirlar atrof-muhitga ta’sir etayotgan zararni sezilarli darajada kamaytirishga yordam beradi. Qolaversa, Karatay munitsipalitetida ishga tushirilgan arzon uy-joy dasturi loyihasi taqdimoti namoyish etildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Beyhekim texnologiya va rivojlanish markaziga tashrif buyurib, shahar sharoitiga mos zamonaviy yechimlar taqdimotining guvohi bo‘lishdi. Shu bilan birga, Seljuklu munitsipalitetining San’at akademiyasida mehmonlar ta’lim dasturlari, ko‘rgazmalar va mahorat darslari bilan tanishdilar. Ushbu tadbirlar madaniy merosni asrash va san’atni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi.

Tashabbuslarni muhokama qilish jarayoni texnologik, ekologik, madaniy va ijtimoiy rivojlanish sohalarida qimmatli tajriba orttirish hamda mutaxassislar o‘rtasida eng yaxshi amaliyotlar bo‘yicha bilim almashishga xizmat qildi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati