@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Bir million daraxt” aksiyasi doirasida Mo‘ynoqda 200ta daraxt ekildi

 2025-04-14 14:33:36   |     Просмотров: 2906

“Yuksalish” harakati atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish g‘oyalarini targ‘ib qilish maqsadida 2019- yildan buyon mamlakatning turli hududlarida “Bir million daraxt” aksiyasini o‘tkazib keladi.

O‘tgan vaqt davomida aksiya doirasida 4 milliondan ortiq mevali va manzarali daraxt hamda butalar ekishga muvaffaq bo‘lindi.

Bu yil aksiya doirasida ijtimoiy obyektlar hududiga e'tibor qaratildi. "Yuksalish" harakati "Bir million" daraxt aksiyasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi ikkita hudud — "Oq kema" bolalar yozgi oromgohi hamda 13-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida mevali daraxt ko‘chatlarini ekdi. Aksiya "Huawei" kompaniyasi ko‘magida o‘tkazildi. Bu kompaniya bir necha yildan buyon yashil hududlarni kengaytirishda "Yuksalish" bilan hamkorlik qilib kelayotganini taʼkidlash zarur.

Tadbirda “Yuksalish” harakati xodimlari, “Huawei” kompaniyasi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari, ekofaollar, ko‘ngillilar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

“Yuksalish” harakati raisining o‘rinbosari Jahongir Turaxanov aksiyaning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi:

— Daraxt ekish uchun maktabgacha ta'lim muassasasi hududini  tanlaganimiz bejiz emas. Bu nafaqat ekologik, balki tarbiyaviy ahamiyatga ham ega. Bog‘cha tarbiyalanuvchilari bitta daraxtni ekib, hosilga kirgunicha parvarish qilish insondan kuch va mehnat talab qilishiga guvoh bo‘lishadi va bu ularda tabiatga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantiradi, degan umiddamiz. “Yuksalish” harakati har yili shunday tashabbuslarni amalga oshirib, yashil hududlarni kengaytirishga hissa qo‘shishda davom etadi.

 “Yuksalish” harakatining “Huawei” kompaniyasi bilan hamkorligi natijasida so‘nggi yillarda Toshkentdagi Adiblar xiyoboni, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, poytaxtning 20 dan ortiq maktabida, Do‘stlik bog‘i, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Toshkent Xalqaro Ta'lim Universitetida daraxtlar ekildi.

— Texnologik kompaniya sifatida, biz energetik jihatdan samarador innovasiyalarini qo‘llash — barqaror kelajak yaratishning asosiy tamoyili deb, hisoblaymiz. Biz doimiy ravishda uglerodsiz iqtisodiyotga o‘tishning optimal usullarini o‘rganib, tadqiqotlar va taraqqiyotga sarmoya kiritamiz. Yashil texnologiyalarni joriy etishdan tashqari, iqlim o‘zgarishlari oqibatlariga qarshi kurashishda sheriklar va jamoatchilik bilan hamkorlik ahamiyatini yaxshi anglaymiz. Shu bois, «Yashil O‘zbekiston» tashabbusimizni davom ettirib, 2020- yildan boshlab ekologik vaziyatni yaxshilashga o‘z hissamizni qo‘shishga harakat qilmoqdamiz, — dedi “Huawei” kompaniyasining jamoatchilik aloqalari bo‘yicha menejeri Aleksandra Nabiyeva.

“Yuksalish” tomonidan amalga oshirilayotgan “Bir million daraxt” aksiyasi hududlarni ko‘kalamzorlashtirishga hissa qo‘shibgina qolmay, jamiyatda ekologik ong va tabiatga ehtiyotkorona yondashuv kabi qadriyatlarni shakllantiradi. Turli avlod vakillari, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yoshlarni jalb qilish orqali bu tashabbus barqaror kelajak uchun mustahkam asos bo‘ladi.

       “Yuksalish” harakati matbuot xizmati