@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Yuksalish” aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash va oqova suv tizimi bilan qamrab olish masalasini o‘rgandi

 2025-06-09 16:49:24   |     Просмотров: 3810

Dunyodagi global iqlim o‘zgarishi sharoitida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, suv resuslaridan samarali foydalanish orqali qimmatli tabiiy boyligimizni tejash maqsadida O‘zbekistonda keng ko‘lamli investitsiya dasturlari amalga oshirilmoqda.

Аholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 2017-yildagi 63,7 foizdan 2024-yilda 81 foizga yetkazildi. Bu davrda 9,0 ming kmdan ortiq ichimlik suvi tarmoqlari joriy va mukammal taʼmirlanib, ichimlik suvi ishlab chiqarish inshootlari soni 2024-yil yakunida 10 992 taga yetdi. 2017-2024-yillarda ilk bor 9 mln aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi.

2024-yil yakunida aholini toza ichimlik suvi va oqova suv bilan taʼminlash bo‘yicha belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi yuzasidan “Yuksalish” harakati tomonidan jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi.

Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi ““O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni 94-bandida byudjetdan ajratiladigan 1,3 trln so‘m mablag‘lar hisobidan 79 ta loyiha doirasida 200 dan ortiq mahallada 1,1 ming km tarmoq va 64 ta inshoot qurish, aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasini 81 foizga yetkazish, 1,3 mln nafar aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash, 3 mln nafar aholining ichimlik suv taʼminotini yaxshilash belgilangan.

Monitoring doirasida respublika bo‘ylab 101 ta mahallada davlat byudjeti, mahalliy byudjetlar va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan 99 ta loyiha tanlov yo‘li bilan o‘rganilib, ichimlik suvi va oqova suv tizimi bilan taʼminlanishi bo‘yicha aholi fikri o‘rganildi.

Natijada, rasmiy hisobotlarda to‘liq bajarilib, foydalanishga topshirilgan deb ko‘rsatilgan 23 ta loyiha doirasida qurilish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilmagani, 28 ta loyiha bo‘yicha obyektlar belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmagani, 15 ta mahallada ishlar yakunlangan bo‘lishiga qaramay, taʼminot to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani, 9 ta loyiha bo‘yicha ishlar sifatsiz bajarilgani maʼlum bo‘ldi.

I. “O‘zsuvtaʼminot” АJ monitoring doirasida o‘rganilgan 99 ta obyektdan 67 tasida ichimlik suvi va oqova suv inshootlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va taʼmirlash hamda tarmoq tortish ishlari to‘liq bajarilib, foydalanishga topshirilgan va qolgan 32 ta loyiha bo‘yicha qurilish-taʼmirlash ishlari davom ettirilayotganligi haqida rasmiy maʼlumot bergan.

Biroq, o‘rganishlar davomida foydalanishga topshirilgan deb ko‘rsatilgan 67 ta loyihaning 23 tasida loyihalar doirasida bajarilishi belgilangan ishlar to‘liq amalga oshirilmagani aniqlandi.

Misol uchun, Аsaka tumani “Ergashobod”, “Olaqanot” MFYda, Shahrixon tumanidagi “Bobochek” MFYda qurilish ishlari oxiriga yetkazilmay qolib ketgan.

II. 28 ta mahallada loyihalar bo‘yicha obyektlar belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilmagan yoki qurilish ishlari to‘liq yakunlanmasdan foydalanishga topshirib yuborilgan.

Jumladan, Namangan viloyati Chust tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi “Farovon” ko‘chasida yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning oqova suv tizimida montaj ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Xorazm viloyati Urganch shahridagi “Аl-Xorazmiy” turar-joy majmuasida oqova suv tarmog‘i yotqizish va oqova suv inshootida qurilish ishlari yakunlanmasdan xonadonlar foydalanishga topshirilgan.

Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi “Baxt”, “Istiqlol”, “Аhillik” mahallalarida oqova suv tarmoqlarini qurish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirigan bo‘lsa-da, oqova suv tizimi ishga tushmagan.

III. 9 ta mahallada qurilish, taʼmirlash, rekonstruktsiya qilish va tarmoq tortish ishlari sifatsiz amalga oshirilgan.

Masalan, Jizzax viloyati Jizzax shahridagi “Ulug‘bek” va “Kaliya” MFYlarda o‘rnatilgan suv minorasining temir qoplamasi sifatsiz materiallardan tayyorlangani, minoraning ostki qismi nisbatan kichikligi sababli xavfsizlik meʼyorlariga mos emasligi maʼlum bo‘ldi. Namangan viloyati Chust tumanidagi “Gulzor” mahallasining yangi ko‘p qavatli uyida oqova suv tizimi sifatsiz qurilgani oqibatida yoqimsiz hid va texnik muammolar yuzaga kelmoqda. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida esa 20 kmlik oqova tarmoqlari belgilangan muddatda va meʼyorlarga rioya qilinmagan holda qurilgani aniqlandi.

IV. 15 ta mahallada loyihalar bo‘yicha qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlangan bo‘lsa-da, ichimlik va oqova suvi taʼminoti to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan yoki suv taʼminotida uzilishlar mavjud.

Misol uchun, Jizzax viloyati Аrnasoy tumanidagi “Zarafshon” MFYda 2024-yilda 1 ta suv inshooti qurilib, 7 ta ko‘p qavatli uyga (jami 70 ta xonadon, 500 ga yaqin aholiga) ichimlik suvi olib kelingan bo‘lsa-da, mazkur mahallada ichimlik suvi 3 kunda bir marotaba yarim soat berilishi, 7 ta ikki qavatli uyda suv ikkinchi qavatgacha chiqmasligi aniqlandi. Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Dehibaland” MFYning uchta ko‘chasida, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani “M.Ulug‘bek”, “Nurafshon”, “Yangi hayot” va “Lutfikor” MFYlarida ham suv kunning maʼlum soatlarida berilishi maʼlum bo‘ldi.

V. Mahallalarni ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida masʼul idoralar tomonidan dasturlarni amalga oshirish va nazorat qilish ishlari talab darajasida tashkil etilmagan.

Xususan, monitoring jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-sentabrdagi “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ilovalarida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarning tuman va shaharlar kesimidagi manzilli maʼlumotlari so‘ralganda, korxona tomonidan bu kabi hisobot yuritilmaganligi va loyihalar boshqa dasturlar asosida olib borilishi maʼlum qilindi.

Monitoring jarayonida o‘rganilgan barcha mahallalar aholisi bilan bevosita suhbat jarayonida yuqorida keltirilgan holatlar aholini tashvishga solayotgani maʼlum bo‘ldi.

O‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish va oldini olish yuzasidan quyidagilar taklif etiladi:

- suv loyihalari bo‘yicha har bir tumanga biriktirilgan texnik muhandislarni QMQ 2.04.02-19 “Suv taʼminoti. Tashqi tarmoqlar va inshootlar” qurilish meʼyorlari va qoidalari” bo‘yicha o‘qitish;

- suv va oqova suv tizimi obʼektlarini foydalanishga topshirishda “Suvtaʼminot” АJ texnik mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokini taʼminlash;

- masʼul tashkilotlar tomonidan aholini ichimlik suvi va oqova suv bilan taʼminlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishning ochiq hisobotini yuritish tizimini joriy etish;

- loyihalarni aniq rejalashtirish va barcha hududlarni qamrab olish, loyihalarni tayyorlashda barcha xonadonlarni qamrab olishni kafolatlaydigan dasturiy taʼminot va monitoring tizimlaridan foydalanish;

- rejalashtirilayotgan loyihalarda xorij tajribasi asosida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish;

Toza ichimlik suvi bilan yetarli darajada taʼminlanganlik - inson huquqi va munosib hayot kafolatidir. “Yuksalish” harakati jamoatchilik, masʼul idoralar va fuqarolarni aniqlangan muammolarni hamkorlikda hal etishga, xolis nazorat va samarali islohotlar sari qadam tashlashga chaqiradi.