@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Samarkandning UNESCO himoyasidagi tarixiy qismidagi rejalashtirilayotgan qurilish va ta'mirlash ishlari yuzasidan

 2019-06-29 20:00:00   |     Просмотров: 4482

Shu kunlarda internet tarmog‘ida Samarqand shahrining tarixiy qismidagi YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatidan o‘chirilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bunga esa shaharning tarixiy markazida barpo etilayotgan ko‘pqatli yangi binolar madaniy qiymatga ega tarixiy obidalarga zarar yetkazayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari masalani yaqinidan o‘rganish maqsadida 28 iyun kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Qurilish ishlari amalga oshirilishi belgilangan hududda viloyat hokimligi vakillari bilan uchrashuv tashkil etilib, rejalashtirilayotgan bino loyihalari ko‘zdan kechirildi.

Jumladan, YuNESKOning Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasi arafasida tayyorlangan hisobotida ko‘rsatilgan tarixiy obektlar, jumladan shaharning tarixiy qismiga tutash hududlar — Namozgoh jome masjidi atrofidagi, Ibn Sino ko‘chasi bo‘ylab binolar, “Registon Plaza” mehmonxonasi, “Afrosiyob” mehmonxonasi kabi qator bino va hududlar borib ko‘rildi.

Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda ushbu ob‘ektlarda hech qanday qurilish va ta’mirlash ishlari boshlanmagan. Shunday bo‘lsa-da, shahar hokimiyati tomonidan ushbu hududlarda haqiqatan ham ko‘pqatli yangi binolar barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, uchrashuvda hokimlik YuNESKOning tegishli xulosasini olmasdan qurilish va ta’mirlash ishlarini boshlamasligi aytib o‘tildi.

“Yuksalish” harakati vakillari vaziyatni o‘rganish jarayonida bu kabi tushunmovchilik mas’ullarning rejalashtirilgan qurilish va ta’mirlash ishlari haqida to‘liq ma’lumotlarni YuNESKOga o‘z vaqtida taqdim etmaganliklari fonida yuzaga kelgan, deb hisoblaydi. Shuningdek, ushbu masala joriy yilning 30 iyun — 10 iyul kunlari Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasi davomida barcha tomonlar ishtirokida muhokama qilinib, umumiy yechim ishlab chiqilishiga umid bildiradi.