Markaziy Osiyo va Koreya NNTlari barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha tajriba almashdi
2025-yil 24–26-iyun kunlari “Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, tajriba almashish va samarali strategiyani ishlab chiqishda Markaziy Osiyo NNTning o‘rni” mavzusida xalqaro onlayn seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Yuksalish” harakati, Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi va Janubiy Koreyaning Global Civic Sharing NNT hamkorligida KOICA moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Janubiy Koreya fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtirgan uch kunlik onlayn muloqot davomida ishtirokchilar har bir mamlakatda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ni amalga oshirishda erishilgan yutuqlar, duch kelinayotgan muammolar va muvaffaqiyatli strategiyalarni muhokama qilishdi.
Tadbirda koreyalik mutaxassislar sohaga oid tajribasi bilan bo‘lishdi. Jumladan, APSD mintaqaviy koordinatori Anselmo Lee BRM haqida umumiy ma'lumot berdi, Fuqarolik jamiyati hamkorligi tadqiqot markazi direktori Seong-ho Lee esa Janubiy Koreya fuqarolik jamiyatining tarixi va roliga bag‘ishlangan ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Taqdim etilgan misollar global muammolarni hal etishda aynan “pastdan chiquvchi” tashabbuslar samarali bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Ishtirokchilar BRM yo‘lida hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.