@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Reyting yangilandi: TOP-40 boshqaruvdagi ayollar

 2026-03-07 01:01:27   |     Просмотров: 2264

“Yuksalish” harakati tomonidan Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti ekspertlari bilan hamkorlikda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar o‘rtasida har yili e’lon qilinadigan TOP-40 boshqaruvdagi ayollar reytingi yangilandi.

Eslatib o‘tamiz, “Yuksalish” harakati tomonidan har yili 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan davlat boshqaruvidagi rahbar ayollar reytingi e’lon qilib kelinadi. Avvalgi reytinglar 2020, 2021, 2022, 2023, 2024 va 2025-yillarda shakllantirilgan (Havola: https://t.me/uzbyuksalish/5228). Shuningdek, 2023-yilda mintaqa ekspertlari ishtirokida ilk bor Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari reytingi ham tuzilgan edi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ayollarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlashga qaratilgan maxsus dasturlar joriy etilib, davlat xizmatida gender muvozanatini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatkichlar belgilanmoqda. Shuningdek, kadrlar zaxirasida ayollar ulushini oshirishga qaratilgan tizimli choralar amalga oshirilmoqda. Ayollar huquqlarini himoya qilish, kamsitishning oldini olish hamda rahbarlik lavozimlariga tanlashda teng imkoniyatlar yaratish masalalari qonunchilik darajasida mustahkamlanmoqda.

Mazkur jarayonlarda jamoatchilik nazorati, ochiqlik va e’tirof mexanizmlarini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunga muvofiq, “Yuksalish” harakati tomonidan har yili e’lon qilinadigan boshqaruvdagi ayollar reytingi mamlakatda gender tenglikni rag‘batlantirishga qaratilgan samarali jamoatchilik tashabbuslaridan biri sifatida shakllanib bormoqda.

Reytingdan o‘rin olgan ayollar davlat va jamiyat boshqaruvining turli bo‘g‘inlarida faoliyat yuritadi. Ular orasida Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis Palatalari, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, moliya va bank tizimi, ta’lim hamda sud-huquq tizimida faoliyat yuritayotgan rahbarlar mavjud.

Ushbu reytinglarda qayd etilgan ayollarning ko‘pchiligi keyingi yillarda davlat boshqaruvida yuqoriroq lavozimlarga tayinlangan, ayrimlari hududiy darajadan respublika darajasidagi rahbarlik lavozimlariga ko‘tarilgan. Shuningdek, bir qator nomzodlar sohaviy rahbar, qo‘mita yoki agentlik darajasida qaror qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda.

Reyting metodologiyasi

Boshqaruvdagi ayollar reytingi ko‘p o‘lchovli baholash modeli asosida tuziladi. Mazkur model nomzodlarni faqat egallab turgan lavozimi orqali emas, balki ularning real boshqaruv faoliyati, institutsional ta’siri va jamoatchilik ishonchi asosida kompleks baholashni nazarda tutadi.

Reyting quyidagi asosiy mezonlar asosida shakllantiriladi:

  • lavozim va vakolat doirasining qaror qabul qilish jarayonlariga ta’siri;
  • boshqaruvdagi real natijalar va erishilgan ko‘rsatkichlar;
  • strategik islohotlarda ishtirok darajasi;
  • hududiy yoki sohaviy ta’sir ko‘lami;
  • jamoatchilik ishonchi va professional yondashuvi.

Nomzodlar faoliyati 100 ballik tizim asosida baholanib, har bir mezon vaznli koeffitsiyentlar orqali yakuniy integrallashgan natijaga keltiriladi. Baholash jarayonida davlat statistika ma’lumotlari, ochiq manbalar, sohaviy hisobotlar, ekspertlar xulosalari hamda media-monitoring natijalari hisobga olinadi.

Bu kabi reytinglar jamiyatda mavjud stereotiplarni bartaraf etish, ayollarning boshqaruvdagi rolini kuchaytirish hamda yangi avlod rahbar ayollarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmat