“Mening oilam – mening huquqim” aksiyasi: natijalar va tahlil
25–27-mart kunlari “Yuksalish harakati” hamda O‘zbekiston Notarial palatasi hamkorligida respublika bo‘ylab o‘tkazilgan “Huquqiy maslahatlar kuni” aksiyasi keng jamoatchilikni qamrab oldi. Mazkur tashabbus aholiga bepul huquqiy yordam ko‘rsatish bilan birga, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qildi.
Uch kun davomida 123 nafar notarius va yuristlar jalb etilib, ular tomonidan 3000 dan ortiq fuqaroga huquqiy ko‘mak berildi. Shundan 2356 nafar fuqaro individual tartibda bepul huquqiy maslahat oldi. Bu ko‘rsatkich aholining huquqiy masalalarga bo‘lgan ehtiyoji yuqori ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Berilgan maslahatlar tahlili fuqarolar eng ko‘p quyidagi yo‘nalishlarda murojaat qilganini ko‘rsatdi: uy-joy oldi-sotdisi masalalari yetakchilik qilib, 528 ta murojaat qayd etildi. Shuningdek, avtotransport oldi-sotdisi va ishonchnomalar bo‘yicha 432 ta, meros va vasiyatnoma masalalari bo‘yicha 372 ta, hadya shartnomalari yuzasidan 367 ta murojaat bo‘lgan. Boshqa ijtimoiy-huquqiy masalalar 199 tani, mehnat va oilaviy munosabatlar 182 tani tashkil etdi. Bundan tashqari, ariza rasmiylashtirish (113 ta), ijara shartnomalari (72 ta), hujjatlarni tarjima qilish va migratsiya (59 ta), subsidiya olish (32 ta) kabi masalalar bo‘yicha ham fuqarolarga tushuntirishlar berildi.
Hududlar kesimida o‘tkazilgan tahlil aksiyaning respublika bo‘ylab keng qamrovda tashkil etilganini ko‘rsatadi. Eng yuqori faollik Qashqadaryo viloyatida kuzatilib, 31 ta nuqtada 360 nafar fuqaro qamrab olindi. Shuningdek, Farg‘ona (185 nafar), Namangan (182 nafar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (181 nafar), Jizzax (180 nafar) va Samarqand (175 nafar) viloyatlarida ham fuqarolar faolligi yuqori bo‘ldi. Boshqa hududlarda ham barqaror ishtirok qayd etilib, aksiyaning barcha hududlarni qamrab olgani hamda aholiga huquqiy yordamni joylarda yetkazish samaradorligi ta’minlanganini ko‘rsatdi.
Aksiyaning muhim jihatlaridan biri — hujjatlarni joyida rasmiylashtirish imkoniyati yaratilganidir. Natijada 72 ta hujjat bevosita tadbir davomida tayyorlanib, fuqarolarning vaqt va xarajatlarini tejashga erishildi.
O‘tkazilgan tadbir natijalari shuni ko‘rsatadiki, bunday amaliy va ochiq formatdagi huquqiy ko‘mak aksiyalari aholiga yanada yaqinlashish, ularning muammolarini tezkor hal etish hamda huquqiy madaniyatni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati