@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Bobur Bekmurodov Global Janub Nodavlat Tashkilotlari Platformasining Bosh kotibi o‘rinbosari etib saylandi

 2026-05-14 18:35:37   |     Просмотров: 1325

Ayni paytda Ozarbayjon poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan BMTning 13-Butunjahon shaharsozlik forumi (WUF13) doirasida Global Janub NNT Platformasining birinchi Bosh Assambleyasida “Yuksalish” harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Bobur Bekmurodov Platforma Bosh kotibining Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari etib saylandi.

Mazkur platforma 2025-yilda qabul qilingan “Boku prinsiplari” negizida tashkil etilgan bo‘lib, dunyo bo‘ylab yuz minglab nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarini birlashtiruvchi yirik platforma hisoblanadi. Platforma o‘z qamrov doirasiga Lotin Amerikasi, Osiyo, Okeaniya va Afrika qit’asidagi NNTlarni qabul qiladi.

Ushbu platforma dunyo hamjamiyati tomonidan nafaqat fuqarolik jamiyati institutlari uchun muloqot maydoni, balki global kun tartibiga ta’sir ko‘rsatishga qodir xalqaro platforma sifatida baholanmoqda. Tashkilot 137 mamlakatdagi nodavlat notijorat institutlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni almashish, xalqaro qarorlar qabul qilish jarayonlarida fuqarolik jamiyati ovozini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ushbu tayinlov O‘zbekiston fuqarolik jamiyati institutlariga bildirilgan yuksak ishonch, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani hamda islohotlar yo‘li tobora keng e’tirof etilayotganining amaliy tasdig‘idir.

Shuningdek, ushbu ishonch mamlakatimiz nodavlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari uchun yangi xalqaro imkoniyatlar eshigini ochadi. Bildirilgan ishonch O‘zbekiston tajribasini kengroq maydonda namoyish etish, Global Janub Nodavlat tashkilotlari Platformasiga a’zo mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun yangi imkoniyatdir.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati