Yoshlar va bolalar manfaatlarini hisobga olgan mahalliy boshqaruv tizimini rivojlantirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda
BMTning “O‘zbekistonda mahalliy boshqaruvni yoshlar va bolalar manfaatlarini hisobga olgan holda transformatsiya qilish” qo‘shma dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar davom etmoqda.
Mazkur dastur Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, UNICEF, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) hamda “Yuksalish” harakati hamkorligida Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlaridagi 12 ta pilot tuman va shaharda amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalarni sarhisob qilish maqsadida Qo‘shma dastur Boshqaruv qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda davlat organlari, pilot hududlar hokimliklari, mahalliy ishchi guruhlar, yoshlar maslahat guruhlari vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda rivojlanish bo‘yicha hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida dastlabki bosqich natijalari, moliyaviy ijro holati hamda dasturning kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Barcha pilot hududlarda mahalliy ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, bu esa hududlarni rivojlantirish bo‘yicha qarorlarni dalillarga asoslangan holda qabul qilish, rejalashtirish va monitoring jarayonlarini kuchaytirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Dastur doirasida hokimliklar, mahalliy kengashlar va mahallalarning faoliyati bo‘yicha funksional hamda institutsional tahlillar o‘tkazildi. Ushbu tahlillar natijalarga asoslangan boshqaruv, samarali byudjetlashtirish, hisobdorlik va mahalliy rejalashtirish tizimini takomillashtirish uchun asos bo‘lmoqda.
Shuningdek, Termiz shahri, Yuqori Chirchiq, Shovot va Chiroqchi tumanlarida amaliy murabbiylik va texnik ko‘mak ishlari tashkil etildi. Natijada o‘rta muddatli rejalashtirish, reja va byudjet uyg‘unligini ta’minlash, asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) belgilash hamda monitoring vositalarini joriy etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi.
Dastur hududlarida 200 nafardan ortiq manfaatdor tomonlar ishtirokida tashriflar, maslahatlashuvlar va texnik sessiyalar tashkil etildi. Shuningdek, natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv va dasturiy byudjetlashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan seminar-treninglarda mahalliy ishchi guruhlarning 120 nafardan ortiq a’zosi ishtirok etib, strategik rejalashtirish, KPI ishlab chiqish, monitoring va hisobot yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.
“Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov mazkur loyiha mahalliy boshqaruv tizimini fuqarolar, ayniqsa, yoshlar ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, yoshlarning qaror qabul qilish jarayonlariga jalb etilishi mahalliy boshqaruvda yangi muloqot maydonlarini shakllantirmoqda.
Yig‘ilishda 2026-yilda dasturni kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi. Jumladan, mahalliy darajada natijalarga asoslangan boshqaruv va byudjetlashtirish tizimini mustahkamlash, davlat va ijtimoiy xizmatlarni rejalashtirishda aniq ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirish hamda mahalliy qaror qabul qilish jarayonlarida yoshlar ishtirokini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yoshlar maslahat guruhlari faoliyatini rivojlantirish, yoshlar tashabbuslari asosidagi maslahatlashuvlarni kengaytirish hamda hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.
2024-yil oktabr oyida boshlangan mazkur qo‘shma dastur 2028-yil dekabrigacha davom etadi. Dastur doirasidagi tashabbuslar bolalar, yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi manfaatlarini hisobga olgan holda inklyuziv, hisobdor va samarali mahalliy boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati