@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Andijonda xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasi masalalari muhokama qilindi

 2026-08-25 16:00:00   |     Просмотров: 994

2026-yil 25-avgust kuni Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida “Yuksalish” harakatining Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan “Xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasi: fuqarolarni xorijda munosib ish bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va ustuvor vazifalar” mavzusida jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.

Tadbirning asosiy maqsadi xorijda mehnat qilish istagidagi fuqarolarni qonuniy va tartibli ravishda ishga joylashtirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, kasbiy tayyorgarligini oshirish hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni jamoatchilik ishtirokida muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Jamoatchilik eshituvi Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasidagi tashabbuslar bilan hamohang bo‘lib, xususan, BRMning 8-maqsadi – munosib mehnat va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, 10-maqsadi – tengsizlikni qisqartirish hamda 16-maqsadi – tinchlik, adolat va samarali institutlarni rivojlantirish tamoyillariga xizmat qiladi.

Eshituv davomida fuqarolarni xorijdagi mavjud va ishonchli ish o‘rinlariga tashkil etilgan tartibda yo‘naltirish, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish va xorijga ketishdan avval zarur tayyorgarlikdan o‘tkazish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, mehnat migrantlarining xorijda ishlash davridagi huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur huquqiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar haqida oldindan ma’lumot berish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokamalarda xorijiy mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha fuqarolarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kasbiy hamda til tayyorgarligini kuchaytirish ularning munosib va barqaror ish topish imkoniyatlarini kengaytirishi ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilariga xorijga qonuniy va tashkil etilgan tartibda ketayotgan fuqarolar uchun ajratilayotgan subsidiya va kompensatsiyalar, mavjud imkoniyatlardan foydalanish tartibi hamda xavfsiz mehnat migratsiyasining asosiy talablari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Eshituvda fuqarolarning faqat tekshirilgan va qonuniy kanallar orqali ishga joylashishi, mehnat shartnomasi shartlari bilan oldindan tanishishi, shaxsiy va mehnat hujjatlarini to‘g‘ri rasmiylashtirishi hamda o‘z huquqlarini bilishi muhim ekani qayd etildi.

Jamoatchilik eshituvi davomida ishtirokchilar sohada uchrayotgan muammolar, mavjud imkoniyatlar va mehnat migratsiyasi tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z fikr hamda takliflarini bildirdi.

Tadbir yakunida bildirilgan fikr va takliflarni umumlashtirish, aniqlangan masalalarni hal etish hamda xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasi tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishi belgilandi.

Mazkur jamoatchilik eshituvi fuqarolarning xorijda qonuniy, xavfsiz va munosib mehnat qilishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida xabardorligini oshirish, ularning huquqlarini himoya qilish hamda davlat organlari va jamoatchilik o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati