@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

«Yuksalish» umummilliy harakati Termiz Davlat universiteti bilan hamkorlikda talabalar uchun yangi loyihalarni amalga oshiradi

 2019-06-04 12:45:34   |     Просмотров: 3355

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov Termiz davlat universiteti talabalari bilan uchrashib, bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’ruza qildi. Shuningdek, Harakatning maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari, fuqarolar, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va NNTlarni ixtiyoriylik asosida birlashtirishi ta’kidlandi. 

Muloqot davomida Akmal Burxanov o‘zining misolida xorijdagi ta’lim tizimi, u yerda yaratilgan sharoitlar, hayotga moslashish va qiyinchiliklar to‘g‘risida qimmatli maslahatlar berdi. Shuningdek, yigit-qizlar uchun foydali bo‘lgan maslahatlar hamda muvaffaqiyatga erishish sirlari bilan o‘rtoqlashdi.

Jumladan, bugungi kunda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish tartibining soddalashtirilganligi, chet elda tahsil olish yoki malaka oshirish istagida bo‘lgan yoshlar uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasining tashkil etilgani va yana boshqa ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha ma’lumotlar berdi.

Ta’kidlanganidek, “Yuksalish” umummilliy harakati Termiz davlat universiteti bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor. Bunda Harakatning yoshlarga qaratilgan milliy va xalqaro loyihalarida universitet talabalarini ham yaqindan jalb etish, ularning sa’y-harakatlarini birlashtirish hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

Muloqot davomida tomonlar “Parlament modeli” loyihasini Termiz davlat universitetida o‘tkazish hamda unda yoshlar uchun dolzarb mavzularni tanlash masalalarini muhokama qildilar.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati